Jizzaxda bolasining bo‘g‘ziga pichoq tiragan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 11:51 / 24.04.2024 5007

Jizzaxda farzandiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ombudsmanga Jizzax viloyatida yashovchi B.O. nabirasiga otasi tomonidan bosim va zo‘ravonlik qilinayotgani bo‘yicha murojaat qilgan. Murojaatchi qizi K.S. 2022 yildan buyon Koreyada ishlayotgani, uning 8 yoshli o‘g‘li esa erining qaramog‘ida qolganini yozgan. Murojaatga ilova qilingan videoyozuvda er-xotin videoqo‘ng‘iroq orqali janjallashganida, ota o‘g‘lining bo‘g‘ziga pichoq tiragani aks etgan.

Murojaat darhol Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganilgan. Aniqlanishicha, hozirda fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘li buvisi bilan yashamoqda. Bola bilan suhbat o‘tkazilganda, ota-onasi o‘rtasidagi salbiy munosabatdan norozi ekanligini, otasi bilan yashashni xohlamasligi hamda buvisi bilan qolishni istashini bildirgan. Shundan so‘ng fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘liga buvisi vaqtinchalik vasiy etib tayinlandi.

Voyaga yetmagan farzandiga qilgan harakati uchun otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: