“Hayotimizni bitta arqon ushlab turadi” - o‘lim bilan yuzma-yuz ishlaydigan g‘avvoslar

Jamiyat 18:30 / 24.04.2024 19206

Qahramon Sulaymonov Toshkent shahar FVB yong‘in qutqaruv otryadi qutqaruvchisi, 8 yildan beri shu sohada ishlab keladi. U qutqaruvchilik qiyin kasbligi, buni bilib turib o‘zi shu kasbni tanlaganini ta’kidlaydi.

“Qo‘rquv ham bo‘lgan, ketib qolmoqchi ham bo‘lganman. Bundan oldin boshqa joylarda ishlaganman, akalarim g‘avvos bo‘lib ishlagani uchun ularga havas qilib, shu ishni tanlaganman. 8 yildan beri ishlayapman, oldingi ishlarimga qaraganda mas’uliyatliroq va savobliroq”, deydi u.

Qahramon Sulaymonov, qutqaruvchi g‘avvos

Poytaxt FVB qutqaruvchisi Bourjon Turonbekov ilk ishini Milliy bog‘dagi kanalda qidiruv ishlaridan boshlaganman deya xotirlaydi:

“Suv tagida ancha yurganman, o‘lik oldimdan chiqib qolgan, qo‘lim tegib ketgach, kuchli qo‘rquv paydo bo‘lgan, o‘zimni yo‘qotib qo‘yganman. O‘n soniya “muzlab” qolganman. O‘zimga kelib olib, jasadni olib chiqqach, naqadar qiyin kasb tanlaganimni his qilganman. Hafta-o‘n kun o‘zimga kelolmay yurganman, o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman”, deydi Bourjon Turonbekov.

Bahodir Madaliyev FVV maxsus vazifalar bo‘yicha Respublika qutqaruv markazida suvda qutqaruv otryadi qutqaruvchisi, 2005 yildan buyon g‘avvoslik bilan shug‘ullanib keladi. Uning ta’kidlashicha, qidiruv ishlarida bir kishi ishi emas, jamoaviy bo‘lib ishlanadi. Yil davomida 8-10 nafar cho‘kib ketgan odamlarni suv ostidan olib chiqadi.

Bahodir Madaliyev, qutqaruvchi g‘avvos

Saidahmad Nabiyev 19 yildan beri shu sohada. Bayramlarda, oilaviy tadbirlarda ham ish bo‘lib qolishi, qishda sovuq, yozda issiq demasdan, xavfli joylarga chaqiruvlarga chiqishini aytadi.

“Toshkent shahridagi suvlar — oqar suvlar. Bunday suvda tik turib bo‘lmaydi, bosim bilan aylantirib oqizishi mumkin. Shuning uchun suvga qarama-qarshi yotgan holatda paypaslab ishlanadi. Somon ichidan nina qidirgandek xuddi. Har xil o‘tkir buyumlar bo‘ladi, kesib olishi mumkin”, deydi g‘avvos Saidahmad Nabiyev.

Saidahmad Nabiyev, qutqaruvchi g‘avvos

Qidiruv jarayoni qanday olib boriladi?

Bahodir Madaliyevga ko‘ra, oqar suvda qirg‘oqning u chetidan bu chetiga arqon tortib, o‘rtaga og‘ir buyumlar cho‘ktiriladi. Bunday qilinmasa, g‘avvos suv tubiga yetib borolmaydi, oqim uni suv yuzasiga chiqarib qo‘yadi. Har qarich yer qidiriladi.

“Suv ostida ishlashda qutqaruvchi arqon bilan tushadi, o‘sha arqon bilan signal beradi turli vaziyatda. Xavf sezilganda maxsus kiyimdagi tugma bosiladi va u havo to‘ladi, shunday qilib yuqoriga chiqiladi.

Chuqur joyga tushganda bosim kuchli bo‘ladi. Bosim boshlanganda burnimizni yopib, havoni siqamiz, shunda quloqdagi bosim ochiladi yoki yutinish orqali ham bo‘ladi. Suv ostidan ham birdan chiqib bo‘lmaydi bunday payt, bo‘lmasa quloq-burundan qon kelishi mumkin. Bosimga moslashib, sekin chiqish kerak bo‘ladi”, deydi Bahodir Madaliyev.

G‘avvos suvga tushayotganda beliga 1,5 kilogrammlik 10-15 ta kamar bog‘laydi, havo balloni bo‘ladi, u ham 18,6 kg, umuman, 30-40 kg yuk bilan suvga tushadi. G‘avvos hayoti qil ustida turadi. Qop-qorong‘i joyda paypaslab ishlaydi.

“Suv tagida paypaslab qidirish juda qiyin ish, ko‘z bog‘langandek bo‘ladi. Hamma joyni sinchiklab qarash kerak, qolib ketgan joyda jasad bo‘lishi mumkin”, deydi Saidahmad Nabiyev.

Suv tagidagi g‘avvos signal orqali holatini ma’lum qilib turadi. Tepadagi qutqaruvchi g‘avvosning qayerdaligini suvdan chiqayotgan pufaklarga qarab biladi, tajribali qutqaruvchi pufaklar holatiga qarab ham suv tagidagi g‘avvosning holatini biladi.

“Hayotimizni bitta arqon ushlab turadi. Suv tagida turli sharoit bo‘ladi, daraxt shoxlari, turli chiqindilar, suvning bosimi. Odatda cho‘kkan jasadlar daraxt tomirlari, turli boshqa buyumlarga ilinib qoladi. Shunday joylarni to‘liq qarab chiqamiz”, deydi Qahramon Sulaymonov.

G‘avvoslar qo‘rquvni qanday yengadi?

Toshkent shahar FVBdagi g‘avvoslar asosan, Bo‘rijar, Anhor, Bo‘zsuv, Qichqiriq, Junariq kanallarida ishlaydi. Yozda yoshlarning belgilanmagan joyda cho‘milishi oqibatida cho‘kishlar ko‘payadi. 5-10 metr chuqurlikdan cho‘kkanlar olib chiqiladi.

“Ustozlarimiz cho‘kib ketganlarni emas, tirik qutqarib qolgan odamlaringni hisoblanglar, deyishardi. Ba’zilarni juda uzoq vaqt izlaganmiz, lekin hammasi topilgan”, deydi g‘avvos Qahramon Sulaymonov.

Suvga cho‘kkan jasadlar topilganda har xil holatda bo‘ladi, ba’zilari shishib ketgan, ba’zilarining rangi o‘zgarib ketadi. Ba’zan ish jarayoni g‘avvoslarning ruhiy holatiga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun ular ish jarayonida ko‘proq umumiy holatga e’tibor beradi, jasadga sinchiklab qaralmaydi. Agar sinchiklab qaralsa, xotiraga muhrlanib qoladi.

O‘qish jarayonida qo‘rquvni yo‘qotish, jasad holatlari o‘rgatiladi. Lekin real holatning farqi bor. Faqat cho‘kish emas, avariya holatlari ham o‘rgatiladi, yosh xodimlarga o‘rgatib boriladi.

Bo‘rijar kanalida cho‘kkanlar

10 aprel kuni Toshkentdagi Bo‘rijar kanalining Chilonzor tumanidan oqib o‘tuvchi qismida uch kishi cho‘kib ketdi. Jabrlanganlar biri o‘rta yoshlardagi Xitoy fuqarosi, Rossiya fuqarosi bo‘lgan 35 yashar ayol va uning 5 yashar bolasi ekani ma’lum bo‘ldi. Uch kun davomida qidiruv-qutqaruv ishlarida ishlagan Bahodir Madaliyev uzoq qidirilgan uchinchi shaxsni qanday topganini eslaydi: 

“Doimgidek navbatchilikka keldik. Tushdan keyin soat 16:00 larda Bo‘rijar kanalida odam cho‘kkanini yetkazishdi, darhol yetib keldik. Bir bola cho‘kkan, izidan onasi qutqarmoqchi bo‘lib cho‘kkan, yana bir kishi ularni qutqarmoqchi bo‘lib cho‘kib ketgan. Suv ko‘pligi, oqim tezligi sabab qidiruv ishlari qiyin bo‘ldi. 3 kun davom etdi qidiruv, 25-30 kishi bo‘lib qidirdik. Suv ostida daraxt tomirlari ko‘p bo‘lgani uchun qiyin bo‘ldi, aloqa arqonlari o‘ralib qoladi. Suv sovuq bo‘lgani uchun navbat-navbat suvga tushdik. Qidiruv payti qo‘lim nimagadir tegdi, tezda tortib oldim. Yana qaytadan paypaslab ko‘rdim va odam ekanini bildim. Daraxt tomirlariga qisilib qolgan ekan, yuzaga chiqib jasad topilganini aytdim va sheriklarim bilan birga tortib olib chiqdik”, deydi g‘avvos.

Bo‘rijar atrofi oldin ovloq bo‘lgan, bu yil 3 ta cho‘kish holati bo‘lgan, har yili ushbu kanalda 2-3 ta cho‘kishlar bo‘lib turadi.

“Odamlar suza olaman, deb o‘ylaydi, lekin xato narsa bu. Tana suv haroratiga moslasholmay, tomirlar tortib qoladi va natijada cho‘kish holati kuzatiladi”, deydi Bourjon Turonbekov.

Bourjon Turonbekov, qutqaruvchi g‘avvos

G‘avvos Bourjon Turonbekov faoliyatida uni eng ta’sirlantirgan voqeani shunday eslaydi:

“O‘tgan yili Chirchiq daryosida bir oilanig 17 yoshli yolg‘iz farzandi cho‘kib halok bo‘ldi. Juda achindik. Odamning farzandi vafot etishi juda ham og‘ir bo‘larkan. Erkak kishi bo‘lsam ham, chekkaga o‘tib yig‘lab oldim. Farzand dog‘ini hech kimning boshiga solmasin”, deydi qutqaruvchi Bourjon Turonbekov.

Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.
Tasvirchi Javohir G‘ayratov, Nizomjon Toshpo‘latov,
Montaj ustasi Nizomjon Toshpo‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: