Germaniya va Ispaniyada narkojinoyatchilik va pul yuvishga qarshi keng ko‘lamli reyd doirasida besh kishi qo‘lga olindi. Bu haqda 23 aprel, seshanba kuni Germaniya Federal jinoyat boshqarmasi (BKA) ma’lum qildi.
Germaniyada ikki kishi ushlandi. Umuman olganda, xavfsizlik kuchlari 21 kishini jinoiy tashkilot yaratish va marixuananing noqonuniy savdosida gumon qilmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar so‘nggi to‘rt yil davomida Ispaniyadan Germaniyaga yuzlab kilogramm nasha yetkazib berib, millionlab yevro ishlab topgan.
O‘z faoliyati davomida jinoiy guruhlar muntazam ravishda o‘zaro qarama-qarshi guruhlar bilan to‘qnashgan, ular o‘t qo‘yish, qotillikka urinish, hujumlar va odam o‘g‘irlash bilan yakunlangan. Bundan tashqari, gumonlanuvchilar guvohlarni qo‘rqitish bilan shug‘ullangan, deya xabar beradi tergovchilar.
Xavfsizlik kuchlari o‘nlab manzillarda tintuv o‘tkazdi
Tergov jinoiy faoliyatga aloqador shaxslarni 2023 yilning may oyidan beri aniqlab kelgan. O‘shanda Ispaniya va Fransiya chegarasida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda avtomobil ichidan 380 ming yevro naqd pul topilgan. Bu iz huquq-tartibot idoralarini Visbadendagi guruhga olib keldi.
Birgina Germaniyada operatsiyaga 300 dan ortiq xavfsizlik kuchlari vakili jalb qilingan. Gessen, Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Bavariya federal yerlarida 21 ta manzilda tintuvlar o‘tkazildi. Ispaniyalik tergovchilar Marbelya yaqinidagi 13 ta xonadonda tintuv o‘tkazdi va uch kishini, jumladan, guruhning taxminiy yetakchilarini qo‘lga oldi.