23 aprel, seshanba kuni yuz minglab argentinaliklar, ayniqsa talabalar Buenos-Ayres ko‘chalariga chiqib, prezident Xaver Mileyning oliy ta’lim sektoridagi budjetini qisqartirganiga norozilik bildirdi.
Miley o‘tgan dekabrda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri o‘tkazilgan eng yirik namoyishlardan birida talabalar, ota-onalar, o‘qituvchilar, universitet xodimlari, shuningdek, kasaba uyushmalari a’zolari va muxolifat partiyalari Argentina poytaxti markaziga to‘planib, prezident qarorgohi tomon yurgan.
Mileyning tejamkorlik choralari
Talabalar noroziligiga hukumatning 2024 o‘quv yili uchun inflatsiya darajasi 288 foizga yetganiga qaramay, universitetlar budjetini oshirmaslik haqidagi qarori sabab bo‘ldi. Miley lavozimga kirishgandan so‘ng e’lon qilgan Argentina uchun «shok terapiyasi» doirasida universitet budjetlarini muzlatishga qaror qilindi. Bu, birinchi navbatda, davlat xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishni nazarda tutadi. Shu yo‘l bilan yangi prezident inflatsiyani jilovlashga umid qilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar tufayli mamlakatda 16 yil ichida birinchi marta budjet profitsiti qayd etildi, ammo iqtisodchilar uning barqaror bo‘lishiga shubha qilmoqda.
Buenos-Ayres bepul universitetining ba’zi fakultetlari allaqachon xarajatlarni tejash bo‘yicha favqulodda chora-tadbirlarni, jumladan, umumiy joylarda yoritishni kamaytirish, liftlardan foydalanishni cheklash va kutubxonaning ish vaqtini qisqartirishni joriy qilgan. Lotin Amerikasidagi eng yirik universitet tejamkorlik choralari tufayli yopilishi mumkin.