AQSh Kongressi Ukrainaga uzoq kutilgan yordam paketini tasdiqladi

Jahon 08:44 / 24.04.2024 4404

AQSh Kongressining yuqori palatasi Ukrainaga ko‘p milliard dollarlik harbiy yordam paketini ma’qulladi. Qonun loyihasi mahalliy vaqt bilan 23 aprel, seshanba kuni kechki payt Senatda ovoz berish chog‘ida keng qo‘llab-quvvatlandi.

AQSh prezidenti Jo Bayden shu hafta Ukrainaga qurol-yarog‘ va jihozlar jo‘natishni boshlash uchun «qonun loyihasini ertaga stolga yetib kelishi bilanoq imzolashga» va Amerika xalqiga murojaat qilishga va’da berdi.

«Bu zudlik bilan zarur: Rossiyaning tinimsiz bombardimonlariga duch kelayotgan Ukraina uchun, Eronning misli ko‘rilmagan hujumlariga duch kelgan Isroil uchun, qochqinlar va butun dunyo bo‘ylab mojarolar va tabiiy ofatlardan jabrlanganlar, jumladan G‘azo, Sudan va Haitidagilar uchun; va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikka sodiq bo‘lgan sheriklarimiz uchun, - deyiladi Oq uy bayonotida. - Biz o‘zlarini himoya qilayotgan do‘stlarimiz bilan birgamiz».

Zelenskiy Senatga minnatdorchilik bildirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Senatiga mamlakati uchun muhim yordam paketini qabul qilgani tufayli minnatdorchilik bildirdi. U qonun loyihasi imzolanishini intiqlik bilan kutayotganini qayd etdi.

AQShning umumiy tashqi yordam paketi 95 milliard dollarni tashkil etadi (89 milliard yevrodan sal kam). Ushbu mablag‘ning 61 milliard dollari Ukraina uchun mo‘ljallangan bo‘lib, paket Isroil, G‘azo sektori aholisi va Tayvanga yordamni ham o‘z ichiga oladi.

Respublikachilar ustunlik qiladigan AQSh Kongressining Vakillar palatasi bir necha oylik qarama-qarshiliklardan so‘ng 20 aprel kuni Ukrainaga yordam paketini ma’qulladi.

Ko‘proq yangiliklar: