24 aprel: O‘zbekistonda ro‘y bergan asosiy yangiliklari, voqealar va hodisalar

O‘zbekiston 22:08 / 24.04.2024 7602

Nazarbekov ota talashayotgan xonandalarni koyidi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov marhum san’atkor, Sherali Jo‘rayevning farzandlari va Botir Qodirov o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash yuzasidan sudga da’vo arizasini kiritgani xabar qilingan edi.

Nazarbekovga ko‘ra, Sherali Jo‘rayevning tiriklik vaqtida ham, olamdan o‘tganidan keyin ham muhokamaga qo‘yishga na Botir Qodirovning va na Shohjahon, Zohirshoh Jo‘rayevning haqqi bor. 

«Nima bo‘lgan taqdirda ham, bir buyuk odamni uch tirrancha o‘zining nafsi, maqsadi yo‘lida loy bilan qorishtirishi, har xil sabablar bo‘lishi... Bu masalada mening uchalasiga ham e’tirozim bor. Men uchun [Sherali Jo‘rayev] ustoz o‘zbek millatining ma’naviy boyligi, butun xonanda zotining ustozi, o‘zbek xalqining qahramoni sifatida bu odam bunday ishlarga loyiq emasdi», — degan Nazarbekov

Shuningdek, vazir Jo‘rayevlarga bunday masalalarda ehtiyot bo‘lish kerakligini tushuntirganini aytgan. 

Jizzaxdagi avtohalakat qurbonlari soni yashirilgan

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida ro‘y bergan dahshatli avtohalokat oqibatida ikki emas, uch nafar o‘quvchi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, haydovchining yonida ketayotgan talaba qiz ham halok bo‘lgan.

Biroq Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati tarqatgan xabarda avariya oqibatida ikki o‘quvchi halok bo‘lgani aytilgandi.

Ammo voqea guvohlarining ma’lumot berishicha, o‘sha kuni 26 yoshli haydovchi tomonidan boshqarib kelingan Chevrolet Gentra avtomobili 100 emas, kamida 160 km/h tezlikda aholi punktida harakatlanib kelgan va to‘rt insonning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, haydovchi 2023 yil dekabr oyidan buyon 11 marta tezlik qoidalarini buzib harakatlangani ham ma’lum qilingan edi. Ayni paytda haydovchi protsessual tarzda qamoqqa olingan. 

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top-10 davlatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Xitoy va Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkori bo‘lib qolmoqda.

2024 yilning dastlabki choragida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar orasida Xitoy yetakchilik qilmoqda — 3 mlrd dollar. Keyingi o‘rinda 2,8 mlrd dollarlik aylanma bilan Rossiya, so‘ngra 937,7 mln dollar bilan Qozog‘iston bormoqda.

Dastlabki o‘nlikdan Turkiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya, Turkmaniston, Afg‘oniston va Hindiston kabi davlatlar o‘rin olgan.

Umuman, 2024 yilning dastlabki choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 mlrd dollar yoki 6,2 foizga ko‘p.

Darvoqe, O‘zbekiston mart oyida 1,35 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Bu ko‘rsatkich yil boshidan buyon 2,66 mlrd dollarni tashkil etgan. 

Metan shoxobchalarni ko‘rsatuvchi ilova

O‘zbekistonda metan shoxobchalarning ochiq yoki yopiq ekani va u yerdagi tirbandlikni ko‘rsatuvchi mobil ilova ishlab chiqilyapti. Ilovaga butun respublika bo‘ylab «Hududgazta’minot»dan gaz sotib oladigan 1329 ta shoxobcha kiritiladi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning va’da berishicha, joriy yilning qishigacha ilova haydovchilarning qo‘lida bo‘ladi.

Ilova «Yandex Go» taksi ilovasi bilan hamkorlikda qilinayotgani uchun qayerda qay darajada tirbandlik borligi haqidagi ma’lumotlar ham onlayn tarzda uzatiladi. Ilovada qaysi shoxobcha bo‘lmasa, demak u «Hududgazta’minot» bilan shartnoma tuzmagan bo‘ladi. 

Arab tilida nashr etilgan durdona

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani ilk marta arab tilida chop etildi. Kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga ko‘ra, «O‘tkan kunlar» romanining 1925 yildagi ilk nashri suratidan foydalanilgan.

Kitobning taqdimoti O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan. Kitobning arab tilidagi nomi «O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi» deb nomlangan. Asar misrlik mashhur tarjimonlar Ayn-Shams va Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga o‘girilgan.

1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, ta’lim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus o‘rtasida tarqatish rejalashtirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: