Yevrokomissiya TikTok'ga nisbatan ikkinchi tekshiruvni boshladi

Jahon 08:16 / 23.04.2024 1380

Yevrokomissiya Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni (Digital Services Act, DSA) buzishi mumkinligi sababli TikTok onlayn-platformasiga nisbatan ikkinchi tekshiruvni boshladi. 22 aprel, dushanba kuni YeK saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, u «kompaniya Fransiya va Ispaniyada TikTok Lite'ni ishga tushirishda DSA qoidalarini buzganligini baholash» uchun mo‘ljallangan.

Tekshiruv TikTok Lite ilovasidagi foydalanuvchilarga videolarni tomosha qilish, layklar, obuna bo‘lish va do‘stlarni taklif qilish kabi ba’zi «topshiriqlar»ni bajarish uchun ball to‘plash imkonini beruvchi funksiyaga aloqador. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mukofot tizimi «birinchi navbatda u olib keladigan xavflarni, xususan, platformalarga o‘rganib qolish bilan bog‘liq xatarlarni sinchkovlik bilan baholamasdan va uni yumshatish bo‘yicha samarali choralar ko‘rmasdan» ishga tushirilgan.

17 aprel kuni YeK TikTok'dan TikTok Lite uchun xavflarni baholash hisobotini talab qildi. Xabarda qayd etilishicha, kompaniyada regulyatorga hujjatlarni taqdim etish uchun 24 soat vaqt bor edi, biroq uni buni amalga oshirmadi. TikTok endi 24 soat ichida xavfni baholash hisobotini taqdim etishi va 3 maygacha boshqa so‘ralgan ma’lumotlarni topshirishi mumkin. Aks holda, YeK jarima solishi yoki Yevropa Ittifoqida TikTok Lite mukofotlari dasturini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Yevrokomissar: TikTok Lite funksiyasi zararli va qaramlikka sabab bo‘ladi

«Biz TikTok Lite funksiyasi zararli va qaramlik keltirib chiqarishi bo‘yicha gumondamiz», — deb yozdi Yevropaning ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton X ijtimoiy tarmog‘ida. U, agar TikTok «ishonchli dalillar» keltirmasa, YeK ilovada mukofotlash dasturini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirdi. 

Tekshiruv davomida Yevropa komissiyasi TikTok foydalanuvchilarning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan funksiyalarni ishga tushirishdan oldin xavflarni baholash bo‘yicha DSA majburiyatlariga amal qilganmi yoki yo‘qmi, platforma ushbu xavflarni yumshatish uchun biron bir chora ko‘radimi yoki yo‘qmi, shu masalani tekshiradi, deyiladi regulyator bayonotida.

TikTok Yevropa komissiyasining surishtiruvdan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi. «Biz bu qarordan hafsalamiz pir bo‘ldi - TikTok Lite mukofot tizimi 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun mavjud emas va videolarni ko‘rish uchun kunlik cheklov mavjud. Biz Yevropa komissiyasi bilan muhokamalarni davom ettiramiz», - dedi kompaniya vakili.

Ko‘proq yangiliklar: