Xarkivda qoq ikkiga bo‘lingan teleminora va frontdagi azovchilar. Urush suratlari

Jahon 17:12 / 23.04.2024 18621

Ukrainada urushning 789-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya qo‘shini Xarkivdagi teleminoraga zarba berdi. U ikkiga ajralib ketgan.
  • RF mudofaa vazirligi Maryinka va Vuhledar shaharlari oralig‘idagi Novomixaylovka qishlog‘ini egallagani haqida ma’lum qildi.
  • Ukraina qurolli kuchlari Odessa oblasti uzra Rossiya qo‘shini uchirgan yettita drondan oltitasini urib tushirdi.
  • Ukraina razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov Ukrainani yaqin vaqtlar ichida ancha og‘ir vaziyat kutayotgani, ammo bu halokat bo‘lmasligini aytdi.
  • Rossiyaning 2023 yildagi harbiy xarajatlari miqdori SSSR qulaganidan buyon eng maksimal darajada bo‘ldi.
  • Yevroittifoq mamlakatlari sanksiyalarning 14-paketiga Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini yetkazib berishga taqiq haqidagi band qo‘shishmoqchi.
  • Ko‘chadagi so‘rovdagi so‘zlari uchun armiya to‘g‘risida «feyk» tarqatishda ayblangan moskvalik majburiy jamoat ishlariga hukm qilindi.
  • Knauf qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisi Rossiyadan ketmoqda. Nemis nashrlari ushbu kompaniyani Mariupolni tiklashda ishtirok etganlikda ayblagandi.

Xarkiv teleminorasiga zarba

Rossiya qo‘shini 22 aprel kuni Xarkiv teleminorasini yakson etdi. Oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, minoraga X-59 raketasi kelib urilgan. Minoraning balandligi 240 metrni tashkil etgan, zarba 140 metrlik nuqtasiga berilgan. Inshootning yuqori qismi qulagan, odamlar jabrlanmagan — havo trevogasi e’lon qilinishi bilan barcha xodimlar boshpanalarga yashiringandi. Minora shikastlanishi tufayli Xarkiv shahri va Xarkiv oblastida efirlar uzilib qolgan, aholidan sun’iy yo‘ldosh va kabel televideniyega ulanish so‘ralgan. Sinegubov 23 aprel kuni tongida ma’lum qilishicha, Xarkivda mobil aloqa va internet odatdagidek ishlamoqda.

Xarkivdagi teleminora 1981 yilda foydalanishga topshirilgan
Pavlo Pakhomenko / NurPhoto / Getty Images
U Xarkivdagi eng baland nuqta bo‘lgan va Ukrainadagi eng baland teleminoralardan biri edi
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA
2022 yil martida ham ushbu teleminora o‘qqa tutilgandi. O‘shanda shikastlanish tufayli u ma’lum vaqtga safdan chiqqan, ammo keyin uning faoliyatini tiklashgandi
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA
22 aprel kuni yo‘llangan raketa zarbasidan keyin teleminorani faqat harbiy harakatlar to‘xtatilganidan keyin tiklash mumkin, degan «Ozodlik radiosi»ga Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati fuqarolik muhofazasi departament direktori Ivan Sokol
Andrii Marienko / AP / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari uchun maskirovka to‘rlari to‘qiyotgan ko‘ngillilar

Maskirovka to‘rlari frontdagi harbiylarga o‘z pozitsiyalari yoki texnikalarini raqib razvedkasidan, jumladan dronlardan yashirish uchun kerak. RFning keng ko‘lamli bosqini boshlangach, butun Ukraina bo‘ylab, jumladan Kiyevda ham ko‘ngillilar harbiylar uchun to‘rlar to‘qishga kirishgan.

«Maskirovka to‘rlari pozitsiyalarimizni dushman razvedkasidan yashirishda o‘ta muhim element hisoblanadi. U bilan texnikalarni, blindaj, mudofaa inshootlarini yopish mumkin. Dushman razvedkasi uxlamasdan bizning pozitsiyalarimizni qidirish bilan band», — degan «Beshinchi kanal»ga intervyuda Ukraina QK hududiy mudofaa kuchlari 103-brigadasi harbiysi Maksim
Francisco Seco / AP / Scanpix / LETA
Xarkivlik ko‘ngilli, harbiy ekspert Yuriy Kalgushkin «24 kanal»ga bergan intervyusida aytishicha, to‘rlarni tayyorlashda bir necha rang sxemalaridan foydalaniladi, bunda ushbu to‘rlar qo‘llanadigan joyga mos ranglar tanlanadi. Bundan tashqari, ko‘ngillilar to‘rlarni Ukraina qurolli kuchlarining muayyan bo‘linmalari buyurtmalari bo‘yicha tayyorlashi ham mumkin, masalan, ularning qaysi texnikalarini maskirovka qilish uchun qanday mahsulotlardan foydalanishni hisobga olgan holda
Francisco Seco / AP / Scanpix / LETA

«Azov»ning Donetsk oblastidagi tibbiyot punkti

«Azov» 2022 yil bahorida qariyb ikki oy mobaynida Mariupoldagi «Azovstal» zavodini himoya qigandi. May oyi o‘rtalarida «Azovstal» himoyachilari qo‘mondonlik buyrug‘i bilan zavod hududidan chiqishadi va asir tushishadi, ularning komandirlari Turkiyaga olib ketiladi, kelishuvga ko‘ra ular urush oxiriga qadar shu yerda qolishi kerak edi. Ammo «Azov» bu bilan o‘z mavjudligini yo‘qotmaydi. 2023 yil iyulida «Azov» komandirlari Ukrainaga qaytishga muvaffaq bo‘lishadi (ularni shaxsan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy vatanga olib qaytadi). Avgust oyida «Azov» tiklangani va jangovar vazifalarni bajarishga kirishgani e’lon qilinadi. «Azov» jangchilari endi asosiy harbiy harakatlar maydoniga aylangan Donbassda jang qilmoqda. Quyidagi tasvirlar «Azov»ning Donetsk oblastidagi barqarorlashtirish punktida olingan, jang maydonida yaralangan askarlar birinchi yordam uchun dastlab shu yerga olib kelinadi.

Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: