O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Britaniyaning Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeronni qabul qildi.
«Suhbatimiz samarali va mazmunli bo‘lib, barcha sohalar bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalarni belgilash imkonini berdi», deya ma’lum qildi Baxtiyor Saidov.
Qayd etilishicha, uchrashuvda iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
«Britaniya tomonining ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini qadrlaymiz», deydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
Avvalroq Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qilishi, tashriflarda Britaniya bilan savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha aloqalarni kengaytirish maqsadida muzokaralar o‘tkazilishi xabar berilgandi.
The Independent xabariga ko‘ra, Kemeron Markaziy Osiyo «Britaniya duch kelayotgan eng katta muammolarning markazida» ekanligidan ogohlantirib, uning «qiyinchilik bilan erishilgan suverenitetni» qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni e’lon qiladi.
Bu tashrif – Birlashgan Qirollik tashqi ishlar vazirining 1997 yildan keyingi davrdagi O‘zbekistonga birinchi tashrifi hisoblanadi.