"Dunyo" xabariga ko‘ra, muloqot davomida Britaniya tomoniga mamlakatda turizm yo‘nalishini rivojlantirish, mavjud va yangi barpo etilayotgan sayyohlik majmualari, xorijiy sayyohlar uchun taklif etilayotgan dasturlar, viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, boy turistik imkoniyatlar va yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildi.
Debbi O'Nill O‘zbekiston qadimiy shaharlari, me’moriy obidalariga bo‘lgan qiziqish hamda mavjud vizasiz tizim sababli yil sayin xorijiy sayyohlar, xususan britaniyaliklar orasida ommalashib borayotganini ta’kidladi.
Muzokaralar natijasida Jules Verne kompaniyasi bilan hamkorlikda joriy yil davomida 500 dan ortiq sayyohlarni mamlakatga yuborish va kompaniya rasmiy sayti orqali O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish uchun Uzbekistan your destination nomli yangi rukn ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.