O‘quvchilarning o‘limi
Jizzaxning G‘allaorol tumanida sodir bo‘lgan voqeada, Chevrolet Gentra avtomashinasining baxmallik 26 yoshli haydovchisi 2023 yilning dekabr oyidan buyon belgilangan tezlikni oshirish bilan bog‘liq 11 ta qoidabuzarlik sodir etgani e’tiborga molik.
Shunga qaramasdan, u Oqtom mahallasi hududidan o‘tgan, tezlik soatiga 70 kilometr bilan chegaralangan O‘smat-Baxmal avtomobil yo‘lida qoidalarga zid ravishda tezlikni 100 km/h’gacha oshirgan va mashina boshqaruvini yo‘qotishi tufayli yo‘l chetidan maktabga ketayotgan ikki nafar o‘quvchini urib yuborgan. Oqibatda 5- va 7-sinflarda o‘qiydigan o‘quvchilar og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etgan.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida sodir bo‘lgan voqeada Damas urib yuborgan o‘quvchi halok bo‘lgan. 1-sinf o‘quvchisi, maktabdagi mashg‘ulotlarini yakunlab, o‘z uyi yaqinidagi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotganda yuqori tezlikda kelayotgan Damas mashinasi uni urib yuborgan.
Jarimalar ta’sirsiz
Aslida, mening fikrimcha, aynan jarimalarning va belgilangan jazolarning yetarli emasligi yo‘llardagi o‘lim miqdorini kamaytirmayapti. O‘pkasini qo‘ltiqlab gazni bosadigan haydovchilarni hovuridan tushira olmayapti.
Yo‘lda cheklangan tezlikdan ortiq haydab, odam o‘limiga sabab bo‘lgan ayrim haydovchilar qamoq jazosidan ham qutulib qolishyapti. Bu esa bunday mudhish avariyalar aslida arzimagan baxtsiz hodisa, degan tushuncha shakllanishiga olib kelmoqda.
Samarqandning Toyloq tumanida sodir bo‘lgan voqeaga e’tibor bering. Yosh haydovchi «zebra» ustidan yurib o‘tayotgan keksa odamni mashinasida urib o‘ldiryapti. Sudda marhumning qarindoshlari «o‘lgan o‘ldi, yosh yigitning umri qamoqda xazon bo‘lmasin», deb da’vosi yo‘qligini bildirgan. Sud haydovchiga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlagan. Anavi yigit 6 oydan so‘ng yana bir odamni mashinasida urib o‘ldirgan.
Agar u birinchi qilmishidayoq qamalganida, yana bir odam o‘lib ketmas edi.
Ayni paytda Jinoyat kodeksining 266-moddasining 1- va 2-qismida nazarda tutilgan qilmish ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat sifatida qaraladi. Shu boisdan ham, ularga belgilangan jazolar nisbatan yengil.
Kodeksga mast holda avtomobil boshqarib, odam/lar o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan jinoyatni sodir etsa buni «qasddan sodir etilgan» qilmish sifatida malakalashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritish kerak.
Hozir Tezlikni oshirganlik uchun ma’muriy jarimalar ham kam. 20 km/h’gacha oshirganlik uchun (hali buning +5 «bonusi» ham bor) 240 ming so‘m jarima belgilangan. Bu qoida necha marta buzilsa ham shu jarima to‘lanadi, boz ustiga jarima 15 kun ichida to‘lansa — 50 foizli, 30 kun ichida to‘lansa 30 foizli «chegirma» ham belgilangan. Ya’ni jarima miqdori 170 ming so‘m. Bundayroq bir tushlikning puli.
Bir paytlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tezlikni eng kam miqdorda oshirish bir yil ichida takroriy sodir etilsa orttirilgan miqdorda jarimalar belgilangan edi. Qandaydir qilib, shu tartib yo‘q bo‘lib qoldi. Binobarin, haydovchilarimiz radarga tushishdan qo‘rqmay qolishdi.
Teskari targ‘ibot
Shuncha targ‘ibot, tashviqot qilinayotgani, oshirilgan tezlikni o‘lchovchi radarlar qo‘yilayotganiga qaramasdan yo‘llardagi halokatlar kamaymayapti. Bu esa ayrim haydovchilarda radarlarning hech qanday foydasi yo‘qligi, shunchaki haydovchilarning cho‘ntagini qoqishtirish vositasi ekanligi to‘g‘risida noto‘g‘ri xulosalar berishiga ham sabab bo‘lmoqda. Haypga o‘ch ayrim avtoblogerlar ham bu tezisni bot-bot ommalashtirishmoqda.
Ya’ni ularga ko‘ra, “yo‘llarda odamlarning o‘lishi qochib yoki kamaytirib bo‘lmaydigan narsa, radarlardan voz kechish kerak, haydovchilarga aholi punktlari ichida tezroq haydab yurishga qo‘yib berish kerak”.
Haydovchilarimiz tezlikni oshirib haydash uchun turli qing‘irliklardan ham foydalanishmoqda. Hozir masalan, Toshkentga qatnovchi, xususan Surxondaryo va Qashqadaryo taksilari o‘rtasida avtoraqamni radardan yashirib haydash avjiga chiqqan.
Avtoblogerlarimiz antiradar, avtoraqamni oson yechib oladigan, yashiradigan qurilmalarni reklama qilish bilan band. Bularning barchasi qoidabuzarlikni kameralar nigohidan yashirib, jarimadan qutulib qolish uchun qilinayotgan nayranglar. Hattoki, radarga tushganda jarima solish to‘g‘risidagi qarorni sud orqali qanday bekor qilish mumkinligini o‘rgatuvchi avtoblogerlar ham ko‘payib ketdi. Ular fuqarolarga noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi ma’lumot berishmoqda.
Yo‘llardagi o‘limlarda ularning ham qo‘li borligini bilisharmikan o‘shalar?
Eng qizig‘i, qoidabuzarlikni ochiqcha targ‘ibot qilayotgan bunday avtoblogerlarga Ichki ishlar vazirligi hech qanday chora ham ko‘rmaydi. Nega bundayligi haqida turli shubhali taxminlarga borasan, kishi.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ham yo‘llardagi inson o‘limi bilan bog‘liq avtoavariyalarni yashirishga intilishadi. Qaytaga, tezlikni oshirishning oqibatlarini ko‘rsatib, har bir holatni yoritish o‘rniga. Chunki haydovchilarning og‘ir qoidabuzarlik sodir etayotganini ular o‘z vazifasini puxta bajara olmayotgani sifatida qabul qilishadi. Yuqorida turuvchi idoralardan gap eshitishdan cho‘chishadi. Shuning uchun «bizda hammasi joyida» qabilida, xabarlarni ommaga chiqarishmaydi.
Yuqorida zikr etilgan Qashqadaryodagi voqeani olaylik. Qashqadaryo viloyati IIB va YHXB axborot xizmatlari bu voqea haqida umuman ma’lumot bermagan. Shahrisabzda sodir bo‘lgan hodisa haqida ham viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bergan.
Avvalroq, Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan odam o‘limi bilan bog‘liq avariya haqida ham Qashqadaryo emas, Surxondaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar bergan edi.
Menimcha, aslo bunday bo‘lmasligi kerak. O‘lim bilan yakunlangan har bir avtohalokat haqiqiy fojia sifatida qabul qilinishi, odamlarni hushyorlikka chorlash uchun uni keltirib chiqargan sabablar sanab o‘tilib, targ‘ib qilinishi kerak. Mashina pachaq bo‘ldi emas, odam o‘ldi axir!
Jazo kuchaytirilishi lozim
Yo‘llardagi potensial qotillar uchun jazo qat’iylashtirilishi kerak. Yuqorida ta’kidlaganimdek, mashinasida odam o‘ldirishdan haydovchilar cho‘chimay qolgan. «Qarindoshlarini amallab rozi qilsam, qamalmayman» yoki «qamalsam ham uzog‘i 1–1,5 yilda chiqib kelaman», degan yupanch ularda aslo bo‘lmasligi kerak.
Bunday deyishimizga asos bor. Gazeta.uz sayti qiziq ma’lumot bilan bo‘lishdi. O‘zbekistondagi yo‘l-transport hodisalarning teng yarmi piyodalarni urib ketish bilan bog‘liq ekan. Jurnalist bu borada 50 ta tasodifiy sud hukmlari bilan tanishib, hattoki yo‘lovchi vafot etgan holatda ham haydovchilarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanmaganiga guvoh bo‘lgan.
Qoidani buzib, aytaylik, yo‘lni svetoforning qizil chirog‘ida kesib o‘tib, belgilangan tezlikni oshirib, nosoz avtomobil haydab odam o‘limiga sabab bo‘ldimi, haydovchi muqarrar ozodlikdan mahrum etilishi bilan bir qatorda, avtomatik tarzda umrbod haydovchilik huquqidan ham mahrum etilishi kerak.
Boz ustiga, bir yil davomida uch marta tezlikni me’yoridan oshirgan haydovchi qisqa muddatga (2-4 yilgacha) haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilishi lozim.
Qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi haqida xo‘b va ko‘p gapirildi. Qandaydir rejalar ham qilindi. Lekin uni amaliyotga joriy etish paysalga solib kelinmoqda.
Shunday yo‘l tutish kerakki, yo‘llarda faqat qoidalarga so‘zsiz rioya qiladigan haydovchilar qolsin.
Yil davomida to‘plangan jarima ballariga qarab, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasi miqdori ham oshirib borishi kerak. Oshganda ham dadilgina oshishi kerak. Hozirgi 40-60 ming so‘mning ikki barobari miqdorida oshirish ish bermaydi, eng kamida 50 barobari miqdorida oshirish odamlarni o‘ylashga majbur qiladi.
Bu holda faqat so‘nggi yillarda qoida buzmasdan, «toza» haydash bilan sug‘urta jarimalarini kamaytirish mumkin bo‘lsin. Aytaylik, birinchi yilda ustama jarima 25 foizga, ikkinchi yilda 50 foizga, uchinchi yilda 75 foizga va faqat to‘rtinchi yilga kelib haydovchi undan butkul xalos bo‘lsin. O‘rtada yana jarima ballari to‘plasa yana sug‘urta miqdori oshaveradi.
So‘ngso‘z o‘rnida
To‘g‘ri, katta shaharlarimizda tiqilinch tufayli mashinalar shundoq ham ildam harakatlana olmayapti. Boz ustiga, shahar va shaharchalarda tezlikka ham soatiga 60 kilometr limit qo‘yilgani noxush xabarlar sonini ancha kamaytirdi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, maqola boshida tilga olib o‘tilgan har ikki fojia ham qishloqlar ichidagi ichki yo‘llarda ro‘y bergan.
Demak, viloyatlardagi uzoq qishloqlarimizda ham tezlikni tartibga solish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish fursati yetib kelgan. Bu maktablar oldiga svetoforlar, «yotiq do‘nglik» qo‘yish bilan, aholi punktlariga radarlar qo‘yish bilan amalga oshirilishi kerak.
Ichki ishlar vazirligining DYHX boshqarmasi esa yo‘llardagi fojialarni yashirmasdan, targ‘ibot masalasiga alohida urg‘u berishlari lozim. Ularning o‘zi bosh vazifasi ham shu-ku?
Deputatlarimiz esa jazo va jarimalarni qat’iylashtirish haqida o‘ylab ko‘rishlari kerak. Toki xalqimizning norasida farzandlari allaqanday qoidabuzarning qurboniga aylanmasin.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist