Nigeriyada yo‘talga qarshi bolalar siropida zaharli toksin topildi

Jahon 23:10 / 23.04.2024 3588

Nigeriya oziq-ovqat va dori vositalarini boshqarish va nazorat qilish milliy agentligi (NAFDAC) Amerikaning Johnson&Johnson kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi bolalar siropi partiyasini savdodan olish haqida qaror qabul qildi. Unda dietilenglikol zaharli toksin topilgani ta’kidlanmoqda. 

NAFDAC ehtimoliy xavflarni hisobga olgan holda Benylin siropi savdosini taqiqlash va sotuvdan olib qo‘yishni buyurgan. 

«Laboratoriya tekshiruvlari Johnson&Johnson kompaniyasining Benylin siropida dietilenglikol miqdori yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan darajada yuqori ekanligini aniqladi, sinovlar hayvonlarda o‘tkir zaharlanishni keltirib chiqardi», deyiladi regulyator bayonotida. 

Ushbu moddani iste’mol qilish o‘limga olib keladigan qorin og‘rig‘i, qusish, diareya, bosh og‘rig‘i va o‘tkir buyrak shikastlanishi kabi nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Mahsulotning xavfli partiyasi 2021 yil may oyida Janubiy Afrikada ishlab chiqarilgan. Uning yaroqlilik muddati 2024 yil aprelida tugaydi. 

Johnson&Johnson holat bo‘yicha Benylin brendiga egalik qiluvchi Kenvue kompaniyasiga so‘rov yuborgan. Ushbu kompaniya o‘tgan yili Johnson&Johnson tarkibidan ajralib chiqqan. 

2022 yilda Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda sotilgan «Dok-1 Maks» yo‘talga qarshi bolalar siropi tarkibida ham etilenglikol va/yoki dietilenglikol zaharli moddalari aniqlangan edi. Bu dorining iste’moli oqibatida 65 nafar bolaning o‘limi qayd etilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: