NASA 47 yil oldin koinotga uchirilgan «Voyager 1» bilan aloqani tikladi

Jahon 20:26 / 23.04.2024 8103

2023 yil noyabr oyidan beri birinchi marta «Voyager 1» missiyasi guruhi stansiyadan aloqa to‘liq tiklanganini anglatuvchi izchil ma’lumotlarni oldi. Oxirgi besh oy davomida NASA «Voyager 1»dan g‘alati kodlarni qabul qilayotgan edi. 

Mart oyida muhandislar stansiyaga xotiradagi barcha ma’lumotlardan xalos bo‘yish haqida buyruq berishdi. Bu esa muammo uchta bort kompyuteridan birida ekanini aniqlash imkonini berdi. Qabul qilingan signal mutaxassislarga shikastlangan xotira segmentini aniqlashga yordam berdi, u xotiraning 3 foizini tashkil qilar edi. 

Shikastlangan segmentda saqlangan kod boshqa joyga ko‘chirildi. Bundan tashqari, uni butunlay ko‘chirishning iloji bo‘lmadi, chunki ularning barchasi mavjud bo‘sh joyga to‘g‘ri kelmadi. Hamma narsa reja bo‘yicha ketayotganiga ishonch hosil qilish uchun muhandislar «Voyager 1»ga zondning texnik holati haqidagi ma’lumotlarni yuborish buyrug‘ini berishdi. Shundan so‘ng, «Voyager 1» kerakli ma’lumotlarni «keraksiz» ma’lumotlarsiz yubordi. 

«Voyager 1» zondi 1977 yilda fazoga uchirildi, uning asosiy vazifasi Yupiter va Saturnni tadqiq qilish edi. Stansiya ushbu sayyoralar yo‘ldoshlarining batafsil suratlarini olgan birinchi kosmik zond bo‘ldi. Asosiy missiyani tugatgandan so‘ng, u Quyosh tizimining uzoq hududlarini, jumladan Kyoyper kamarini va geliosfera chegarasini o‘rganish uchun qo‘shimcha missiyani boshladi. 

Hozir zond Yerdan 24 milliard kilometr uzoqlikda, unga signal yuborish va signal qabul qilish uchun taxminan 22,5 soat vaqt ketadi. Shunday bo‘lsa-da, stansiya olimlarga foyda keltirishda davom etmoqda. 

Qurilma bortida oltin disk bo‘lib, unga ehtimoliy o‘zga sayyoraliklar uchun mo‘ljallangan murojaat, shuningdek, bir qator tasvirlar va tovushlar yozilgan.

Ko‘proq yangiliklar: