Meta matbuot kotibi Rossiyada sirtdan olti yilga hukm qilindi

Jahon 10:58 / 23.04.2024 1751

Moskvadagi ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Amerikaning Meta korporatsiyasi matbuot kotibi Endi Stounni internetda terrorizmni omma oldida oqlash moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, olti yilga umumiy rejimdagi koloniyaga sirtdan hukm qildi. Bu haqda 22 aprel, dushanba kuni Rossiya axborot agentliklari yozgan.

Ma’lum qilinishicha, Stounning jazo muddati u Rossiya Federatsiyasi hududida qo‘lga olingan yoki Rossiyaga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab hisoblanishi kerak. Rossiya tomoni bunga qanday erishmoqchi ekanligi aniqlashtirilmagan. Sud qamoq jazosidan tashqari, amerikalikka to‘rt yil davomida internet-resurslarni boshqarishni taqiqladi. 

Ayblov Stounni yetti yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilishni so‘ragan. Bu - ushbu moddaga ko‘ra maksimal jazo. Himoya tomoni hukm ustidan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda. 

Endi Stoun Rossiyada qidiruvga berilgan

2023 yil noyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Endi Stounni federal qidiruvga bergani ma’lum bo‘ldi. O‘shanda «Mediazona» 2023 yilning fevralida Ichki ishlar vazirligi qidiruv bazasida Stoun nomi yozilgan karta paydo bo‘lganini va noyabr oyida Rossiya sudlaridan biri uni terrorizmni targ‘ib qilish moddasi bo‘yicha sirtdan hibsga olishga qaror qilganini ta’kidladi. 

Xuddi shu moddaga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasi 2022 yil mart oyida kompaniyaning Facebook va Instagram’da ukrainalik foydalanuvchilarni «bosqinchilar o‘limi»ga chaqiruvchi postlari uchun bloklamagani sababli Meta’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Meta matbuot kotibi sifatida Stoun qarorni e’lon qilgan edi. 

O‘sha oyda Rossiya rasmiylari Meta’ga tegishli Facebook va Instagram’ni bloklab, kompaniyani «ekstremistik» tashkilot deb e’lon qildi. 2024 yil fevral oyida Moskvaning Basmanniy tuman sudi Stounni ikki oyga sirtdan hibsga oldi. Shu bilan birga, Rosfinmonitoring uni «ekstremistlar va terrorchilar» ro‘yxatiga kiritdi. 

Ko‘proq yangiliklar: