Malayziyada ikki harbiy vertolyot parad repetitsiyasi vaqtida to‘qnashib ketdi, deb xabar bermoqda Malay Mail.
23 aprel kuni Malayziya qirollik dengiz flotining 90 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilishi reja qilingan parad oldidan o‘tkazilayotgan tayyorgarlik vaqtida ikki harbiy vertolyot to‘qnashdi. Natijada vertolyotlarda bo‘lgan 10 kishining barchasi halok bo‘lgan.
To‘qnashuvda o‘rta hajmli AgustaWestland AW139 vertolyoti hamda uning yengil analogi Eurocopter Fennec vertolyoti ishtirok etgan. Vertolyotlardan biri Lumutdagi aviabaza stadionining kirish qismiga, ikkinchisi bo‘lsa aviabazaning sport majmuasi suzish havzasiga qulagan.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprelda Yaponiyaning ikki harbiy vertolyoti ham halokatga uchragandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, 7 kishi esa bedarak yo‘qolgandi.