Janubiy Koreyada ishchilarning huquqlari qat’iy himoya qilinadi, ish beruvchilar migrantlarga yetarlicha qulay sharoit yaratish va uy bilan ta’minlashga majbur. Professional bo‘lmagan, ammo og‘ir mehnat qiluvchilar koreyslardan ham ko‘proq pul topishi mumkin. “Lekin oxirgi vaqtlarda koreys ish beruvchilari O‘zbekistondan keluvchi ishchilarni unchalik ham xohlashmayapti”, deydi 5 yildan beri Koreyada yashab kelayotgan samarqandlik Shahram Abduqodirov.
Shahram Abduqodirov Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Toshkentdagi Sirojiddinov nomidagi akademik litseyni bitirib, Koreyaning Ulsan shahrida joylashgan “University college of Ulsan” OTMda 4 yil davomida Xalqaro biznes fakulteti moliyaviy analitika yo‘nalishida tahsil olgan.
O‘qishni bitirganidan keyin migratsiya jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan hujjat ishlarida tajriba orttirgan. Hozir esa o‘quv markazida o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi. Koreyaning o‘rta maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars beradi.
U Kun.uzʼga bergan intervyusida Koreyaga ketish uchun qanday viza turlari mavjud ekani, u yerdagi ishchilarga yaratiladigan sharoitlar, migrantlar duch kelayotgan muammolar haqida gapirib berdi.
“Koreyaga borishning eng oson yo‘li – talaba bo‘lib kelish”
O‘zbekiston fuqarosi Koreyaga borishi uchun eng avvalo voyaga yetgan bo‘lishi, ya’ni 18 yoshdan yuqori bo‘lishi kerak. Talaba bo‘lib kelmoqchi bo‘lgan, yoshi to‘lmasidan maktabni boshlab, muddatidan oldin o‘qishni bitirganlar uchun istisno holatlari mavjud. Chunki ularning qo‘lida diplomi bor, shuning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri kela oladi. Lekin qolgan har qanday holatda voyaga yetgan shaxs bo‘lishi lozim.
Koreyaga kelishning har xil turi mavjud, ya’ni ko‘pchilik asosan ishchi yoki talaba bo‘lib kelish mumkin deb o‘ylashadi. Bulardan tashqari, sayohat, davolanish uchun tibbiy, ishlash uchun biznes vizalari bilan keluvchilar ham ko‘p. To‘g‘ri, bu viza turlarini olish talaba yoki ishchi vizasini olishdan ko‘ra qiyinroq. Umuman olganda ish vizalarining ham ichida o‘zining bo‘limlari bor. Masalan, professional va oddiy ishchilarga bo‘linib ketgan. Buning o‘ziga yarasha tizimi ko‘p. Uning dasturi Koreyaning Immigratsiya agentligi va Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Shu orqaligina fuqarolar bu yerga kelishi mumkin.
Lekin Koreyaga kelishning eng qulay va oson yo‘li deb talaba vizasini aytgan bo‘lar edim. Chunki yuqoridagilarga nisbatan talaba bo‘lib keluvchilarning imkoniyati juda yuqori, xarajat jihatdan boshqalarga nisbatan arzonroq, ayniqsa viza nuqtai nazaridan.
“Yaxshi yashash uchun chet davlatga migratsiya qilish “maniyasi” Koreyada ham mavjud”
E-9 vizasi orqali Koreyaga kelmoqchi bo‘lgan shaxs, albatta, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga borib murojaat qilishi kerak. Buning tizimi mavjud. Bu jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri TMMAga ham bog‘liq emas, Koreya elchixonasi ham mas’ul hisoblanadi. Hozir Koreyada aholining kamayishi kuzatilmoqda. Ya’ni aholining aksariyat qismi yoshi kattalardan iborat. Yaxshi yashash uchun chet davlatga migratsiya qilish “maniyasi” bu yerda ham mavjud, koreys xalqi yoshlarining ko‘pi yaxshiroq hayot istagida boshqa davlatlarga ketish holatlari uchrayapti. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Aytmoqchi bo‘lganim, mamlakat zavod, fabrikalariga ishchi yetishmagani sababli boshqa mamlakatdan ishchilar olishga majbur. Shuning natijasida davlat Tashqi ishlar vazirligi boshqa davlatga vakansiya borligi yuzasidan taklif beradi, shu orqali Koreyaga kelib ishlashlarini aytishadi. Bu E-9ʼlar uchun. Bundan qolgan har qanday vaziyat jismoniy shaxsning o‘ziga bog‘liq, tanlov o‘zida.
Nomzodlar jarayonda imtihon topshirishi, qaysi sohalarda layoqati borligini ko‘rsatishi, jismonan sog‘lomligini isbotlab berishi lozim. Shundagina bu yerga kelishi mumkin. Nizomga ko‘ra, koreys tilini bilish haqidagi sertifikat (TOPIK)ka ega bo‘lishi kerak, eng kamida bu 2-darajada bo‘lishi lozim. Ammo hozirda ushbu jihatga ham katta e’tibor berilayotgani yo‘q. Ya’ni Koreyaga borayotgan shaxs o‘zlariga yuklatilgan ishni bemalol bajara olayotgani uchun til bilish talab qilinmayapti. Tilni ishdagi yo‘riqnoma olish, ishdan tashqari ko‘chada gaplasha olish uchun bilish lozim. Koreyada avvalroq ham kelgan o‘zbek ishchilari talaygina, u yerda faqat koreys tilida emas, boshqa millat vakillari bilan rus tilida ham suhbatlashishadi va rus tilini bilgan odam koreys tilini bilgandan ko‘ra ishchilarga jarayonni yaxshiroq tushuntirib beroladi. Shunday holatlar uchun ham mustasno holatlar bo‘lyapti, ya’ni koreys tilini bilmasdan turib ham kelayotgan fuqarolar uchrayapti.
Qolgan talablarni bajarish hammaning qo‘lidan keladi deb hisoblayman. Chunki koreyslarning o‘zi ham jarayonda ishtirok etishadi, ya’ni qaysidir sohada odamlarning qo‘liga, qaysidirida ko‘nikmalariga yoki jismoniy tuzilishiga qarab, ishga qabul qilishadi. Berilgan ishlar esa ma’lum bir kvotalar va Koreya tomonining taklifiga asosan O‘zbekistondan yuboriladi. Masalan, falonchi zavodga shuncha ishchi kerak, keluvchilarda shu-shu talablar bo‘lsin, deyiladi.
“Ishchining o‘zi muammo yaratmaguncha, uy va oylik masalasida deyarli muammo bo‘lmaydi”
Koreyaga keluvchilarni ish beruvchilar har qanday vaziyatda uy bilan ta’minlaydi. Bu majburiy. Bu yerga kelib, uysiz qolib ketadiganlar uchramaydi. Ish bilan ta’minlashadi, ba’zi holatlarda avtomobil bilan ta’minlashgan. Endi bu xodimning qayerda yashashiga bog‘liq. Lekin uy, uning to‘lovini ish beruvchining o‘zi ko‘taradi, undagi sharoitlar standartlarga mos tushishi kerak. Ya’ni ishchiga uy berayotgan ekan deb uni xo‘rlash holatlari kuzatilmaydi.
Har qanday zavodga keluvchi har qaysi millatga mansub chet ellik fuqaro uchun ish beruvchi uy ajratadi. Bularning hammasi ish beruvchi va ishchi o‘rtasida kelishilgan shartnomaga bog‘liq. Xodim ish beruvchiga yoqqach, u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat bo‘ladi. Bu jarayonda shartlashuv bo‘ladi.
Koreya qonunchiligiga ko‘ra, bu yerda bir haftada 5 kunlik ish, oltinchi kuni, ya’ni shanba kuni ishlanadigan bo‘lsa, buning uchun alohida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Bu odatiy hafta kunida beriladigan summadan 1,5 barobar ko‘p bo‘ladi. Ishchining o‘zi muammo yaratmaguncha, uy va oylik masalasida deyarli muammo bo‘lmaydi.
Ishdagi kelishmovchiliklar sabab ishdan bo‘shab ketish holatlari uchraydi, lekin sharoit borasida bunday tushunmovchiliklar yuzaga kelmaydi. Yuzaga kelsa ham bunday vaziyatlarda ishchining murojaat qila oladigan joylari bor. Birinchi navbatda Koreya immigratsiya agentligiga bemalol borib, ish beruvchi yetarlicha sharoit yaratib berolmayotgani, ish vaqtida qandaydir qiyinchilik tug‘dirayotgani uchun uning ustida shikoyat qilish huquqiga ega. Agar hal bo‘lmasa, elchixonaga murojaat qilsa bo‘ladi. Lekin hal bo‘lmasligi kamdan kam uchraydi.
“Qanchalik og‘ir mehnat qilishiga qarab, daromad shuncha ko‘tarilib ketaveradi”
Oylik maoshlariga kelsak, bunga o‘rtacha qiymat beraman. Aslida GNI (Gross National Income), yani aholi milliy daromadining o‘sish qiymati bor. Bu har yili belgilab boriladi. Koreyada eng kam ish haqi 9 860 von (7,1 dollar), bu – 1 soatga to‘lanadigan pul. Bu asosan talaba bo‘lib keluvchilar yoki E-9 vizasiga ega bo‘lmagan boshqa ishchilarga tegishli. E-9 viza egalari shartnoma va ish beruvchining taklifi asosida kelayotgani uchun ularga alohida to‘lov qilinishi mumkin.
Koreyslarning o‘rtacha oylik maoshi 2 ming dollardan 3 ming dollargacha bo‘ladi. Qanchalik og‘ir mehnat qilishiga qarab, daromad shuncha ko‘tarilib ketaveradi. Masalan, kema yoki og‘ir metall sanoatida ishlovchilarga juda ko‘p pul to‘lanadi. Bundan tashqari, summani to‘lashda ishchilarning salohiyati ham inobatga olinadi. Xodim qandaydir tajriba, ko‘nikmaga ega, O‘zbekistonda ham shu sohada ishlagan bo‘lsa, shunga qarab ham oylik oshadi.
“Koreys ish beruvchilari O‘zbekistondan keluvchi ishchilarni unchalik ham xohlashmayapti”
O‘zbekistonda Koreyaga ishlash uchun keluvchi asosiy qatlam haq-huquqini bilmaganidek, majburiyatlarini ham unchalik bilishmaydi. Ya’ni bu borada yetarlicha ko‘nikma olib kelishmayapti. Huquq-tartibot ishlari bilan yetarlicha shug‘ullanadigan davlatda bu narsani bilmasdan yashash og‘ir qiyinchiliklarni yaratadi.
Masalan, xodim ishxonada ish beruvchi bilan kelisholmay qoldi, shunday vaqtda vaziyatga qanday qilib to‘g‘ri yondashishni, ayb ish beruvchi tomonidan o‘tganda haqqini qanday talab qilishni ko‘pchilik bilmaydi, shunday vaziyatda kelishmovchilik yuzaga keladi. Bu yerga keluvchilarning asosiy maqsadi – faqatgina kelib olish. Keyin esa o‘zlariga qulay joyga o‘tib ketishyapti (ishchilarning boshqa joyga ishga o‘tib ketish holatlari nazarda tutilyapti). Oxirgi vaqtlarda koreys ish beruvchilari O‘zbekistondan keluvchi ishchilarni unchalik ham xohlashmayapti.
Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.