Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlar joylashtirilgan Nusayrat lagerini o‘zidan so‘ng vayronalar qoldirgan holda tark etgan.
TsAHAL Dayr-ul Balah viloyatidagi Nusayrat qochqinlar lagerining shimoliy qismini 8 kunlik qamal va intensiv hujumlar olib borganidan so‘ng tark etgan. Isroil kuchlari chiqib ketganidan so‘ng bu yerda katta vayrongarchiliklar yuz bergani ma’lum bo‘lgan. Jumladan, Isroil hujumlari natijasida Hasan-ul Banna masjidi minorasi bilan vayron qilingan.
Isroilda esa 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujumning oldini ololmagan general-mayor iste’foga chiqarildi.
Harbiy razvedka rahbari, general-mayor Aaron Haliva 22 aprel kuni iste’fo berishini ma’lum qilgan. Avvalroq u mamlakat chegara mudofaasini tashkil etishdagi kamchiliklarini o‘z zimmasiga olib, xalqdan uzr so‘ragan edi.
General-mayor Aaron Haliva bilan birgalikda yana bir qancha yirik harbiy mutasaddilar Isroil tarixidagi eng halokatli hujumni oldindan ko‘ra olmagani va unga qarshi tura olmagani uchun ayblangan. Tegishli tashkilotlarga ularning faoliyatini tekshirish topshirilgan.
Eron atom bombasi yaratishga yaqin
Eron atom bombasini yaratishga yaqin turibdi va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik o‘zining eronlik hamkasblari faoliyatini «kerakli darajada ko‘rish imkoniyatiga» ega emas, degan AEHA bosh direktori Rafael Grossi DW nashriga bergan intervyusida.
Grossiga ko‘ra, Eron atom bombasini yaratish uchun yetarli darajada boyitilgan uranga ega bo‘lishiga «oylar emas, haftalar» qolgan.
«Eronning uranni boyitish darajasi deyarli yadroviy qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan darajaga yetayotgani xavotir uyg‘otsa-da, Eronda bunday qurollar allaqachon bor, degan xulosaga kelib bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qilgan Grossi. AEXA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ishlaydigan yadroviy kallakni yaratish boyitilgan uran ishlab chiqarishdan tashqari, «ko‘p boshqa narsalarni», jumladan qurol sinovlarini talab qiladi.
Armaniston Qorabog‘dan voz kechgan
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ uchun urush olib borishni rad etdi.
«Armaniston Qorabog‘ uchun urushga hozirlanmayapti. Biz xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan chegaralarimizdan tashqarida biror ambitsiyaga ega emasmiz, demarkatsiya jarayonida Armanistonning hududiy yaxlitligi tiklanadi, deb umid qilamiz», — degan Pashinyan britaniyalik jurnalistlarga.
Armaniston bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, u armanlarning Qorabog‘ga qaytish imkoniyatini ko‘rmayapti. U shuningdek Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga ishonib bo‘lmasligini ham aytgan.
«Bun KXShTning reaksiyasi va unga a’zo ayrim davlatlarning bayonotidan ko‘rinib turibdi. Bizning jamiyatimiz nega hamon KXShT a’zosi bo‘lib turibmiz, deb savol bermoqda. Ochig‘ini aytsam, men bu savolga javob bera olmayman», — degan Pashinyan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaziga embargo joriy etish to‘g‘risida o‘ylamoqda.
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketini tayyorlay boshlagan va unda energiya resurslariga qarshi choralar asosiy o‘rin tutadi. Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Bilstryom o‘z hamkasblari bilan uchrashuv oldidan uning ayrim detallarini ochiqladi. Unga ko‘ra Rossiyada ishlab chiqarilgan suyultirilgan tabiiy gaz hamda yuqori narx chegarasidan ortiq neftni tashiyotgan yashirin flotga qarshi choralar ko‘riladi.
2023 yilda Yevroittifoq davlatlari tomonidan Rossiyada ishlab chiqarilgan STG xaridi rekord darajaga yetgan va 22 mlrd metr kubni tashkil etgan. Bu urushgacha bo‘lgan davrdan 40 foizga ko‘proq. Quvurlardan Rossiya gazi kelmay qolgach, ko‘p davlatlar uning o‘rniga suyultirilgan gaz xarid qila boshlashgan. STGning asosiy xaridorlari Ispaniya, Fransiya va Belgiya bo‘lgan.
Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari
Rossiya Ukrainaga qarshi urush davomida kamida 100 ta harbiy samolyotlaridan ayrilgan, deyiladi Britaniya Mudofaa vazirligi razvedka hisobotida.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, raketa tashuvchi Tu-22M3 strategik bombardimonchi samolyoti Ukrainaning S-200 raketasi bilan urib tushirilgan. Avvalroq xuddi shu qurol bilan Azov dengizi uzra A-50 razvedkachi samolyoti qulatilgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot «jangovar topshiriqni bajarib» aerodromga qaytayotgan bo‘lgan. Uchuvchilar katapultadan foydalanishga ulgurishgan. Ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot Ukraina tomonidan urib tushirilganini tan olmagan va «texnik nosozlik» tufayli qulaganini qayd etgan. Samolyotda jangovar qurollar bo‘lmagan va u kimsasiz joyda qulagani ta’kidlangan.
Ukrainalik manbalar esa Tu-22M3ni urib tushirish Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi maxsus operatsiyasi ekanini ta’kidlashmoqda.
Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya o‘z samolyotlarining 10 foizga yaqinidan ayrilgan, degan AQSh qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi qo‘mondoni va Yevropadagi NATO qo‘shma qurolli kuchlarining oliy bosh qo‘mondoni Kristofer Kavoli.
Lavrovdan yana yadroviy tahdid
Rossiya tashqi ishlar vaziri AQSh va uning NATO bo‘yicha ittifoqchilarining harakatlari Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga olib keladi, degan.
«AQSh va uning NATOdagi satellitlari hamon Rossiyani «strategik mag‘lubiyat»ga uchratish g‘oyasi bilan yonmoqda va «so‘nggi ukrainalik»ka qadar bizni tiyib turishga harakat qilishmoqda. Lekin g‘arbliklar ikki yadroviy qudratlarning fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvi chegarasida harakat qilishmoqda», — degan Lavrov.
Lavrovga ko‘ra, g‘arbdagi uch yadroviy davlat — AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Ukrainaning asosiy homiylari bo‘lib turibdi va Rossiya bunda jiddiy strategik tahdid ko‘radi.
Lavrovning hadiklarida jon bor. Chunki bu orada Polsha prezidenti NATOning yadroviy qurollarini o‘z mamlakati hududida joylashtirishga tayyor ekanini e’lon qildi.
Anjyey Duda NATOning sharqiy frontini kuchaytirish uchun yadroviy qurollar joylashtirilishiga tayyor ekanini aytgan.
«Agar bizning ittifoqchilar NATOning sharqiy fronti xavfsizligini mustahkamlash uchun yadroviy qurollardan birgalikda foydalanish doirasida bizning hududga ham yadroviy qurol joylashtirishga qaror qilishsa, biz bunga tayyormiz», — degan Duda.
Duda shuningdek, mamlakatda AQSh yadroviy qurollarini joylashtirish masalasi «yaqindan boshlab Polsha-Amerika muzokaralarining mavzusi bo‘lib kelayotgani»ni qayd etgan. Xususan, Varshava NATOning Nuclear Sharing yadroviy tiyib turish dasturi bo‘yicha mamlakatga yadroviy jangovar kallaklar keltirilishi uchun harakat qilmoqda.
Bunday zaruriyatni u Rossiya Polsha bilan chegaradagi Kaliningrad oblastini tobora qurollantirib borayotgani, yaqinda taktik yadroviy qurollarni Belarusga joylashtirgani bilan tushuntirgan.
Xitoyda informatsion kuchlar tuziladi
Xitoyda qurolli kuchlarning yangi shakli tashkillashtirildi. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning topshirig‘i bilan armiyada yangi bo‘linma — informatsion qo‘llab-quvvatlash kuchlari tuziladi.
Informatsion qo‘llab-quvvatlash kuchlarining asosiy vazifasi kiberinformatsion tizimlarni yaratish va ulardan foydalanishni muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Markaziy harbiy kengash tuzilgan ushbu informatsion qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘zining bevosita qo‘mondonligi ostida bo‘lishi to‘g‘risida qaror chiqargan.
Xitoyning xalq ozodlik armiyasi qurolli kuchlarning alohida turlaridan iborat. Ular orasida quruqlikdagi va raketa qo‘shinlari, harbiy dengiz kuchlari, harbiy havo kuchlari, strategik va moddiy-texnik ta’minot kuchlari bor edi. Endi informatsion qo‘llab-quvvatlash kuchlari ham qo‘shiladi.