Britaniya Ukrainaga 570 mln yevrolik yordam va’da qildi

Jahon 07:45 / 23.04.2024 2393

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Ukrainaga mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy yordam paketini 500 million funt sterling (579 million yevro) miqdorida ajratishga va’da berdi. Bu haqda 22 aprel, seshanba kuni ma’lum qilindi. Yordam paketiga, jumladan, 400 ta avtomobil, zarba va havo hujumidan mudofaa uchun 1600 ta raketa va 4 million o‘q-dorilar kiradi.

«Ukrainani Rossiyaning shafqatsiz olg‘a siljishidan himoya qilish bizning xavfsizligimiz va butun Yevropa uchun juda muhim. Agar Rossiyaga bu urushda muvaffaqiyat qozonishiga ruxsat berilsa, u Polsha chegarasida to‘xtamaydi», - dedi Sunak Varshavaga tashrifi oldidan. Sunak u yerda Polsha bosh vaziri Donald Tusk va NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan Yevropa xavfsizligi va Rossiya tahdidini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Sunak 24 aprel kuni Germaniya kansleri Olaf Shols bilan ham uchrashadi.

Britaniya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, e’lon qilingan 500 million funt sterling miqdoridagi yordam o‘q-dorilar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, Britaniyada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berish, shuningdek, front chizig‘idagi harbiy texnika muhandislik ta’minoti uchun sarflanadi.

Ukraina AQSh, YeI va dunyoning bir qator davlatlaridan harbiy yordam kutmoqda

Britaniyaning Kiyevga katta yordam paketi ajratish haqidagi qarori AQSh Kongressi Vakillar palatasida Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli qonun loyihasining ma’qullanishi fonida qabul qilindi. Ular Kiyev aprel oyi oxirigacha uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini olishi mumkinligini istisno etmadi.

Avvalroq Chexiya bosh vaziri Petr Fiala ham Ukraina uchun uchinchi davlatlarda o‘q-dorilar sotib olish bo‘yicha Chexiya tashabbusiga dunyoning 20 davlati allaqachon qo‘shilganini ma’lum qilgandi. Fialaning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘ Kiyevga 500 ming o‘q-dori yetkazib berishga imkon yaratadi.

Ko‘proq yangiliklar: