Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressiga Kiyevga ko‘p milliard dollarlik yangi yordam paketi haqidagi qarori uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu yordam Ukrainani mustahkamlaydi va Kremlga u ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligi haqida kuchli signal beradi», dedi Ukraina davlat rahbari 21 aprel, yakshanba kuni Amerikaning NBC News telekanalida.
Shunday qilib, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, uning fuqarolari va butun dunyoda demokratiyani himoya qiladi, dedi u. «Biz haqiqatan ham buni (Kiyevga yangi yordamni tasdiqlashni) oxirigacha yetkazishimiz kerak, - dedi Zelenskiy. - Iloji boricha tezroq frontdagi askarlar uchun zarur yordamni olishni istaymiz, olti oy ichida emas».
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh yangi yordam paketini ma’qullaganidan so‘ng Ukraina jang maydonidagi vaziyatni barqarorlashtirish va tashabbusni qo‘lga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, chunki Ukraina Qurolli kuchlari yangi qurollarga muhtoj. «Menimcha, bu yordam qurolli kuchlarni chindan ham kuchaytiradi va agar Ukraina haqiqatan ham bizga juda zarur bo‘lgan qurol tizimini olsa, g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», dedi u.
Vakillar palatasida Ukrainaga yangi yordamni ma’qullash
Bir kun avval respublikachilar hukmronlik qiladigan AQSh Kongressining Vakillar palatasi bir necha oylik qarama-qarshiliklardan so‘ng Ukrainaga qariyb 61 milliard dollar miqdoridagi keng ko‘lamli yordam paketini ma’qulladi. Qonun loyihasini yoqlab 311 kongressmen ovoz berdi, 112 kishi qarshi chiqdi.
Quyi palata ma’qullaganidan keyin qonun loyihasi Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ovoz berish 23 aprelga belgilangan. Kongressning demokratlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi yuqori palatasi Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik yordam paketini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden bu hujjatni darhol imzolashini allaqachon aytgan.
AQSh qonun chiqaruvchi organida demokratlar va respublikachilar o‘rtasida Ukrainaga keyingi yordam masalasida qarama-qarshilik 2023 yil oxiridan beri davom etmoqda. AQSh ma’muriyati qo‘shimcha yordamni ma’qullashga urinmoqda va Mudofaa vazirligi AQShning doimiy yordamisiz Kiyev o‘z resurslari bilan qaysi shaharlarni ushlab qolishini tanlashga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirmoqda. Fevral oyida Senat Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan, biroq quyi palatada hujjat bloklangan edi. Aprel oyida Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam dasturlari, shuningdek, milliy xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar alohida qonun loyihalariga ajratildi.