Ukraina Qora dengizda yana bir rus kemasiga zarba berilganini e’lon qildi. 21 aprel, yakshanba kuni Ukraina harbiy-dengiz kuchlari Qrim portlaridan birida Rossiyaning «Kommuna» qutqaruv kemasiga hujum qildi, deb xabar berdi Kiyevdagi mudofaa vazirligi.
«Kommuna» Qora dengiz flotida foydalanishda bo‘lgan eng eski kema bo‘lishiga qaramay, u Qora dengizda shunday turdagi yagona qutqaruv kemasi edi. Uning vazifasi - suvosti kemalari va cho‘kib ketgan yuklarni ko‘tarish», deya ta’kidlab o‘tdi boshqarma.
Ukraina HDK spikeri: «Kommuna» endi vazifalarni bajarishga tayyor emas
Ayni vaqtda, Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari spikeri Dmitriy Pletenchuk «Ukrainskaya pravda» nashriga bergan intervyusida 21 aprel kuni Sevastopol portida Rossiyaning Qora dengiz flotiga yordam beruvchi «Kommuna» kemasi yonib ketganini aytdi. «Ushbu voqea Ukraina Qurolli Kuchlari Harbiy-dengiz kuchlarining bevosita ishtirokida sodir bo‘lgan. Kemaga yetkazilgan zararning mohiyati aniqlanmoqda, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema endi o‘z vazifalarini bajarishga tayyor emas», dedi u. Pletenchukning so‘zlariga ko‘ra, kema jangovar kema emas, u Qora dengiz flotiga xizmat ko‘rsatgan. Boshqa narsalar qatorida, u Qora dengiz flotining flagmani - «Moskva» raketa kreyseri cho‘kib ketgan joyni tekshirishda ishtirok etgan.
Avvalroq Rossiya davlat matbuoti Sevastopolda ertalab portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar bergan, keyin esa Qrim rasmiylari kemaga raketa hujumi uyushtirilgani haqida ma’lum qilgandi. «Ertalab shimoliy tomondagi kemalardan birida harbiylar kemaga qarshi raketaning hujumini qaytardi, uning parchalari kichik yong‘inga sabab bo‘ldi va u tezda o‘chirildi», deb yozdi «gubernator» Mixail Razvojayev Telegram’da.
Ukraina armiyasi uzoq oylardan beri Rossiya harbiy kemalariga muvaffaqiyatli hujumlar uyushtirmoqda. Xususan, mart oyida Ukrainaning Magura V5 dengiz uchuvchisiz uchoqlari Ukraina hududiy suvlarida Kerch bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan Rossiyaning «Sergey Kotov» patrul kemasiga borib urilgan. O‘sha oyning oxirida Rossiyaning «Yamal» va «Azov» desant kemalari Sevastopolga hujum paytida aniq nishonga olindi. Fevral oyida «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi va «Ivanovets» raketa kateriga hujum sodir bo‘lgan.