Poytaxtda o‘tkazilayotgan "Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya konferensiyasi" doirasida Toshkent davlat stomatologiya institutida vengriyalik taniqli mutaxassislar ishtirokida magistrlar va klinik ordinatorlar uchun ma’ruza tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo".
Unda Vengriyaning BIONIKA Medline kompaniyasi direktori Yojyef Xaydu "Stomatologiya kelajagini belgilovchi innovatsion yechimlar" mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza davomida yuz-jag‘ va ortognatik jarrohlik, stomatologik implantologiya va travmatologiya sohasidagi innovatsion ishlanmalar haqida ma’lumot berildi.
Tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida yoshlar uchun bir qator dolzarb masalalar, xususan, mahorat darslari va operatsiyalarni o‘tkazish uchun vengriyalik mutaxassislarni jalb etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etish va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Vengriyada malaka oshirishi kurslarini uyushtirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Xususan, Yojyef Xayduga Budapeshtda yosh mutaxassislar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, Zemmelvays universiteti mutaxassislarining Toshkentga safarini uyushtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.