Oligarx Ilan Shor Moskvada rossiyaparast «G‘alaba» blokini tuzdi

Jahon 08:45 / 22.04.2024 3736

Moldovada bank firibgarligida ayblanib, sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan oligarx Ilan Shor 21 aprel, yakshanba kuni Moskvada o‘ziga aloqador Moldova partiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Rossiya poytaxti markazidagi besh yulduzli Carlton mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Shor «G‘alaba» siyosiy bloki tuzilganini e’lon qildi. Aprel oyi davomida siyosatchi Moskvada o‘z tarafdorlarini uch marta yig‘di.

Moldovada taqiqlangan «Shor» partiyasidan tashqari muxolifatdagi siyosiy kuchlarni «G‘alaba» blokiga birlashtirish to‘g‘risidagi bitimni Moldova Gagauz muxtoriyati rahbari (boshkan) Yevgeniya Gutsul, shuningdek, «Uyg‘onish», «Imkoniyat», «Moldovani qutqarish uchun muqobil kuch» va shu yilning yanvar oyida yaratilgan Victorie partiyalari imzoladi. Yig‘ilishda muxolifatdagi sotsialistlar va kommunistlar bloki vakillari qatnashmadi. 

Moldovadagi jinoiy ishlarda blok rahbariyati vakillari nomi tilga olingan

Ilan Shor yangi siyosiy blokning raisi, Yevgeniya Gutsul milliy siyosiy kengashning ijrochi kotibi, Moldova parlamenti deputati Marina Tauber esa ijroiya qo‘mita kotibi etib saylandi. Moldovada Gutsul va Tauberga nisbatan siyosiy partiyani noqonuniy moliyalashtirgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Rossiya matbuotida tadbir «Kishinyovning YeOIIga (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi) qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlovchi Moldova siyosatchilarining qurultoyi» deb ataldi, Ilan Shor esa o‘z ijtimoiy tarmoqlarida uchrashuvni «Moldova muxolifatining birlashishi» deya ta’rifladi. Tadbir rossiyalik estrada xonandalari Nikolay Baskov va Filipp Kirkorovning chiqishlari bilan yakunlandi. 

Infratuzilma vazirining munosabati: Kremlga xizmat qiluvchi sotqinlar

Yangi muxolifat uyushmasi tashkil etilishi haqidagi xabarga birinchi bo‘lib Moldova infratuzilma va mintaqaviy rivojlanish vaziri Andrey Spinu munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida u yangi uyushmani «uyushgan «G‘alaba» jinoiy bloki», uning asoschilarini esa «butun mamlakatga yuzi ochilgan millat xoinlari» deb atagan.

«Ular kimga ishlayotgani va kimga xizmat qilayotgani aniq bo‘lishi uchun» tadbir Kreml yaqinida bo‘lib o‘tdi, dedi vazir. «Kelgusi yillarda biz ulardan xalos bo‘lishimiz kerak», deb ta’kidladi Andrey Spinu. 

Moldovada prezidentlik saylovlari 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: