Nitssadagi qirg‘oqbo‘yida yuzlab odamlarning jabrlanishiga sabab bo‘lgan teraktdan sakkiz yil o‘tib, politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan hujumchining ikki tanishiga nisbatan apellyatsiya jarayoni boshlandi. Parij sudi 22 aprel, dushanba kuni ikki asosiy ayblanuvchi – 48 yoshli Muhammad Greb va 44 yoshli Chokri Shafrudning ishini ko‘rib chiqishni boshladi, ularning har biri birinchi instansiya sudi tomonidan terroristik tashkilot tuzgani uchun 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Taxminan 2500 kishi da’vogar sifatida qatnashyapti
«Jabrlanuvchilar hukmlar tasdiqlanishi yoki yanada qat’iylashtirilishiga umid qilmoqda», dedi bir necha da’vogarlarning vakili bo‘lgan advokat Oliviya Shalyu-Penoshe. Taxminan 2500 kishi qo‘shma da’vogar bo‘lib, ulardan 230 nafari, shu jumladan bir nechta voyaga yetmaganlar sudda chiqish qiladi, deb yozadi AFP.
Birinchi instansiya sudyalarining so‘zlariga ko‘ra, eng uzoq muddatga hukm qilingan har ikkala shaxs ham jinoyatchining radikallashuvidan xabardor bo‘lgan va terrorchilik xurujiga tayyorgarlik ko‘rishda ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan ishtirok etgan. Sud ular terakt sodir etgan shaxsga uning rejalari va radikal qarashlarini bila turib, yuk mashinasini ijaraga olish va qurol topishga yordam bergani holatini isbotlangan deb topdi: bundan telefon suhbatlari va yozishmalar stenogrammasi dalolat beradi. Ikkala sudlanuvchi ham o‘z ayblarini tan olmadi va oqlanishga erishmoqchi.
Xuddi shu ish bo‘yicha 2 yildan 12 yilgacha muddatga hukm qilingan qolgan olti kishi apellyatsiya berishdan bosh tortdi. Jarayonni iyun oyining o‘rtalarida yakunlash rejalashtirilgan.
Nitssadagi qirg‘oqbo‘yida olomonga qarab haydalgan yuk mashinasi
2016 yilning 14 iyulida 19 tonnalik yuk mashinasi Nitssadagi Angliya sohili ko‘chasida milliy bayram – Bastiliyani egallangan kunni nishonlash uchun yig‘ilgan olomon qarab haydaldi. Natijada 86 kishi halok bo‘ldi, bir necha yuz kishi jarohatlandi. Mashinani boshqargan tunislik 31 yoshli Muhammad Lauayye-Bulel politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u psixologga murojaat qilgan va hujumni bir necha haftada davomida rejalashtirgan. Sudyalarning aytishicha, u iloji boricha ko‘proq odamni o‘ldirmoqchi bo‘lgan va shu maqsadda qirg‘oq bo‘ylab zigzag tarzida harakatlangan.
Hujum uchun mas’uliyatni IShID guruhi o‘z zimmasiga oldi, biroq tergovchilar u va haydovchi o‘rtasida hech qanday aloqani aniqlamadi hamda bundan oldin oiladagi zo‘ravonlik va mayda jinoyatlar uchun sudlangan erkak IShID ta’sirisiz jangari radikalga aylangan degan xulosaga keldi.
2022 yil dekabr oyida Nitssadagi terakt ishi bo‘yicha sakkiz nafar ayblanuvchi turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi, ularning maksimal muddati 18 yil bo‘ldi. Ular u yoki bu darajada teraktni amalga oshirishga yordam berganlikda aybdor deb topildi. Jumladan, sudlanuvchilardan biri haydovchiga to‘qnashuvdan so‘ng u politsiyaga javoban o‘q uzgan to‘pponchani sotganini tan oldi. 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sudlanuvchi xaridorning terakt uyushtirish rejalari haqida bilmaganini da’vo qildi. Bundan tashqari, sud jarayonida besh nafar ayblanuvchi noqonuniy qurol savdosi ishtirokchisi deb topilib, ular ikki yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosiga hukm etildi.