Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qiladi. Tashriflarda Britaniya bilan savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha aloqalarni kengaytirish maqsadida muzokaralar o‘tkaziladi.
The Independent xabariga ko‘ra, Kemeron Markaziy Osiyo «Britaniya duch kelayotgan eng katta muammolarning markazida» ekanligidan ogohlantirib, uning «qiyinchilik bilan erishilgan suverenitetni» qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni e’lon qiladi.
Dushanba kuni Dushanbedagi Millat saroyida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda Devid Kemeron biznes, iqlim o‘zgarishi va terrorizmga qarshi kurash kabi muhim sohalarda hamkorlik qilish uchun «ko‘proq ish qila olamiz», dedi.
«Mamlakatingizga tashrif buyurgan Britaniyaning birinchi tashqi ishlar vaziri ekanligimdan mamnunman. Oradagi tanaffus juda uzoq davom etganidan afsusdaman», dedi u prezident Rahmonga.
«Biz Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyoning barcha respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni shu yerda, Tojikistondan boshlamoqchimiz. Bu yerga: «Hamkorlikni kengaytiraylik, birgalikda ko‘proq ishlarni qilaylik» deyish uchun kelganman», dedi u.
Britaniya tashqi ishlar vazirining Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga birinchi safari Britaniyaning hashamatli avtomobillari sobiq sovet davlatlari orqali hamon Moskvaga yo‘l olayotgani haqidagi xabarlar fonida sodir bo‘ldi.
RF ikki yil avval Ukrainada urush boshlaganidan keyin Britaniya tomonidan Rossiyaga yuqori sinfdagi avtomobillar eksporti taqiqlangan edi, biroq mashinalarning unga qo‘shni davlatlarga sotilishi keskin oshib ketishidan xavotirlar bor.
Kemeron mintaqa bo‘ylab yetakchilar bilan muzokaralar chog‘ida «sanksiyalardan qochish, inson huquqlari va islohotlar bo‘yicha muhokamalarni olg‘a siljitishga» intiladi, deya ma’lum qildi tashqi ishlar vazirligi.
U Britaniya universitetlarida chet eldan kelganlarni qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdori ikki baravar oshirilishi va kelgusi uch yil davomida mintaqa bo‘ylab rivojlanish xarajatlari uchun 50 million funt sterling ajratilishini e’lon qiladi.
Ingliz tilini targ‘ib qilish uchun mo‘ljallangan yangi sxema, jumladan, Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘qituvchilar uchun moslashtirilgan mahalliy kontentga ega onlayn o‘quv resurslari haqida ham e’lon qilinadi, deya xabar beradi tashqi ishlar vazirligi.
Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, bir qator muhim obektlar, jumladan, Rossiya yonilg‘isiga ko‘p jihatdan bog‘langan Tojikistondagi Nurek GES va Qirg‘izistondagi irrigatsiya kanali inshootini ham borib ko‘radi.