Rossiyaning bir qator hududlarida suv toshqini va uning oqibatlariga qarshi kurash davom etmoqda. Tyumen viloyati gubernatori Aleksandr Mur 19 aprel, juma kuni Ishim daryosi bo‘yidagi Kazanskoye qishlog‘i yaqinida joylashgan aholi punktlarida yashovchilarni imkon qadar tezroq evakuatsiya qilinishga chaqirdi. «Suvning bunday darajasi 1947 yildan beri kuzatilmagan», dedi viloyat rahbari Kazanskoye chekkasidan olingan aerofotosuratlarni Telegram-kanaliga joylashtirgan holda.
Ishim daryosidagi suv sathi o‘lchash stansiyasida 19 aprel kuni tushga qadar 750 santimetrga ko‘tarilgan, biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 800 sm kritik belgidan o‘ta olmadi. Bir kun avval bu ko‘rsatkich 483 santimetr edi. Ishim shahridan taxminan 75 kilometr janubda joylashgan Ilinka qishlog‘ida suv sathi bir sutkada yetti santimetrga tushib, 883 santimetrga yetdi, ammo bu ko‘rsatkich hanuzgacha xavfli chegaradan – 800 santimetrdan yuqori, deb ta’kidladi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.
To‘qqizta aholi punkti bilan aloqa uzilib qolgan
Shu bilan birga, Tyumen viloyatida suv toshqini tufayli aloqa uzilgan aholi punktlari soni to‘qqiztaga yetdi, deya xabar beradi viloyat yong‘in xavfsizligi xizmati. Kazanskoye tumanining Malaya Chencher qishlog‘i hamda Ishim tumanining Orlovka va Koshkaragay qishloqlarida yo‘l harakati to‘xtatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 93 ta xonadon suv ostida qolgan.
Ayni paytda, jabrlangan hudud janubidagi Kazanskoye tumanida suv toshqinidan himoyalanish bo‘yicha maxsus ibodat marosimi o‘tkazildi. Bundan tashqari, shahar uzra parvoz paytida samolyot bortida Ishim hokimiyati tashabbusi bilan suv toshqinidan himoyalanish yuzasidan ibodat marosimi tashkillashtirildi.
Kurgan viloyati: To‘g‘onni mustahkamlash va suvning 30 yillik maksimal darajasi
Ayni paytda, Kurgan viloyatida 18 aprel kechki payt Tobolda bir qator hududlarda suv sathi 1994 yildagi maksimal darajadan oshib ketdi, dedi viloyat gubernatori Vadim Shumkov. Kurganda Voronovka va Vostochniy mikrorayonlaridagi to‘g‘on mustahkamlanib, balandligi 11,5 metrga yetkazildi.
Mintaqada keskin vaziyat saqlanib qolmoqda, dedi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov. Viloyatda 1941 ta turar joy va 3380 ta qishloq uylari suv ostida qolgan, deb ta’kidladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi viloyat boshqarmasi. 8 apreldan boshlab favqulodda holat joriy etilgan. Yaqin kunlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kurgan yaqinida va Ketovskiy okrugida suv sathi ko‘tarilishini kutmoqda.
Orenburg viloyati: daryolarda suv sathining pasayishi
Orenburg viloyatida 15 042 ta turar joy binosi va 22 327 ta qishloq uyi suv toshqini zonasida qolmoqda, deya xabar beradi FVV. Departamentning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat hududlarda daryolarda suv sathi pasaymoqda. Suv toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan Orsk va Orenburgda qutqaruvchilar favqulodda tiklash ishlarini olib bormoqda.