Vashingtonda bo‘lib o‘tayotgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valuta jamg‘armasining bahorgi sammitida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov muzokaralar olib bordi, deya xabar bermoqda Jahon banki matbuot xizmati.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, bank tomonidan hukumatning bozor islohotlarini amalga oshirishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi chora-tadbirlar strategiyasi ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonga raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, jumladan, IT-xizmatlar sohasida rivojlanish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yordam beradigan loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolanganini qayd etgan.
Bu kelishuv Jahon banki tomonidan O‘zbekistonga “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni nazarda tutadi.
Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITEC) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ITEC xizmatlari eksporti 2017 yildagi 600 ming dollardan 2022 yilga kelib 140 million dollargacha sezilarli darajada oshdi, bu bilan bir vaqtda axborot texnologiyalari sohasida kompaniyalar soni va yuqori maoshli ish o‘rinlarining oshishi kuzatildi.
“Ushbu ijobiy o‘sishga qaramay, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari savdosi sektorining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 2022 yilda 1,9 foizni tashkil etdi. Mamlakatni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasida ushbu o‘n yillik yakuniga qadar O‘zbekiston Markaziy Osiyo axborot texnologiyalari markazi (IT-hub)ga aylanishi, IT-xizmatlarining yillik eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazishi, IT-kompaniyalarning mamlakatdagi vakolatxonalari sonini 1000 tagacha oshirishi va 300 ming nafar yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlashi kerakligi aytiladi. Ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston raqamli texnologiyalar sohasidagi zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, kerakli IT va ofis infratuzilmasi, IT sohasini rivojlantirish uchun qonunchilik normalarini va siyosatni ishlab chiqish, shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlarni ushbu sohaga jalb qilish uchun rag‘batlar yaratishga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi”, – deyiladi Jahon bankining rasmiy relizida.
“O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasi qanday amalga oshiriladi?
Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITEC xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi. Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITEC kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi.
Loyihadan nimalar kutilyapti?
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2029 yilda loyiha yakuniga kelib O‘zbekiston ITEC xizmatlari sohasida 25,000 kishi ish bilan ta’minlanishi va 15,000 kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinyapti. Loyiha ushbu maqsadlarga erishishi uchun turli xil chora-tadbirlarni amalga oshiradi, jumladan:
- butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITEC markazlari ishga tushiriladi. Bu ITEC kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi;
- 6200 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 3100 nafar ayollar va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikatsiya, kompyuter va til ko‘nikmalarini (ITEC kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) o‘z ichiga olgan asosiy professional ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi;
- 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 4500 nafar ayollar va 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ITEC kompaniyalarida ish bilan ta’minlanadi;
- Kompaniyalarga o‘z navbatida loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy rag‘batlar beriladi;
- O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITEC kompaniyalari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITEC kompaniyalari IT-Park rezidentlariga aylanishi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlashi maqsad qilingan.