AQSh Minsk zavodi va Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Jahon 09:41 / 20.04.2024 4540

AQSh Davlat departamenti 19 aprel, juma kuni Minsk g‘ildirakli texnikalar zavodiga va Xitoyning uchta kompaniyasi – Xi'an Longde Technology Development Company Limited, Tianjin Creative Source International Trade Co Ltd va Granpect Co. Ltd.’ga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Vashington da’vo qilishicha, ularning barchasi Pokiston ballistik raketa dasturlari uchun raketalarda ishlatiladigan komponentlarni yetkazib bergan.

Xususan, Belarus zavodi Raketa texnologiyalari nazorati rejimi (RTNR) I toifasiga kiruvchi raketalarni yaratuvchi tashkilot – Pokistonning Milliy taraqqiyot majmuasiga raketalarni uchirish uchun maxsus shassilarni yetkazib berdi, deya tushuntirdi AQSh Davlat departamenti. Gap uchish masofasi 300 km va jangovar kallakning og‘irligi 500 kg bo‘lgan raketalar haqida bormoqda.

Sanksiyalar orasida Qo‘shma Shtatlardagi aktivlarni muzlatish ham bor 

Shu tariqa, Belarus va Xitoy kompaniyalari «ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishini sezilarli darajada osonlashtirgan yoki bunday qurollar tarqalishini osonlashtirish xavfini tug‘diradigan faoliyat yoki bitimlarda qatnashgan», deya ma’lum qildi Vashington. «Qo‘shma Shtatlar ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi xarid tarmoqlarini to‘xtatish uchun chora ko‘rish orqali global qurollarni tarqatmaslik rejimini mustahkamlash tarafdori», - deyiladi Davlat departamenti bayonotida. 

Joriy etilgan sanksiyalar, xususan, ushbu kompaniyalarning Qo‘shma Shtatlardagi barcha aktivlarini muzlatish, ular bilan bog‘liq har qanday operatsiyalarni man etish, shuningdek, sanksiyalangan kompaniyalarni moliyalashtirish, ularga tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutadi. 

Ko‘proq yangiliklar: