Afsonaviy Boeing 747 – dunyodagi birinchi keng fyuzelyajli samolyot tarixi

Jahon 12:45 / 20.04.2024 12935

Boeing korporatsiyasi 1916 yilda Sietl shahrida dastlab Pacific Aero Producs Company nomi bilan tashkil etilgan. Keyinchalik uning nomi Boeing deb o‘zgartirilgan.

Bugun Boeing uchuvchi qurilmalar ishlab chiqarishda dunyoning yetakchi korporatsiyasi hisoblanadi. 1916 yilda tashkil etilgan korporatsiya o‘z tarixida minglab turdagi uchuvchi qurilmalar ishlab chiqargan.

Korporatsiya uchuvchi qurilmalardan tashqari turli kemalar, dvigatellar va kosmik qurilmalar va ularning uskunalarini ishlab chiqarmoqda. Kompaniya korxonalarida 200 mingga yaqin xodim ishlaydi.

Korporatsiyaning asosiy korxonalari Vashington shtatidagi Sietl shahri yaqinida joylashgan. (Aytgancha, Sietl Toshkent bilan birodarlashgan shahar hisoblanadi).

Kompaniya har yili buyurtmachilarga o‘rtacha 500-600 dona yo‘lovchi samolyoti tayyorlab beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra korporatsiya 2023 yilda buyurtmachilarga 528 ta yo‘lovchi samolyoti yetkazib bergan.

So‘nggi yillarda korporatsiya uchun eng ko‘p samolyotni 2017 yilda sotgandi. O‘sha yili dunyodagi 71 ta buyurtmachidan 912 ta buyurtma olgan va yil oxirigacha 763 ta samolyotni yetkazib bergan. O‘sha paytda korporatsiya olgan buyurtmalarning umumiy soni 5 865 taga yetgan.

2017 yilda kompaniya BAAning Emirates aviakompaniyasi bilan 210 dona Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.

Agar korporatsiya tarixiga nazar tashlansa uning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri Boeing 747 samolyoti bo‘lgan. “Jumbo Jet” deb nomlangan bu samolyot 1970-yillarda bir necha o‘n ming dollarga baholangan bo‘lsa, hozirgi kunda uning narxi 200-250 mln dollarga narxlanadi.

Boeing korporatsiyasining samolyot yig‘uv korxonasi
Foto: gadzetomania.pl

Boeing 747 tarixi

Boeing korporatsiyasi keng fyuzelyajli samolyotlarni ishlab chiqarish loyihasini ishlab chiqishni ilk bor 1960-yillarda boshlagan. O‘sha paytda korporatsiyaning eng mashhur va ommabop samolyoti Boeing 707 bo‘lgan.

Boeing 707 to‘rtta dvigatel yordamida uchsa ham samolyotning o‘lchami ancha kichik edi va uning turli rusumlariga 110 nafardan 202 nafargacha yo‘lovchi sig‘ardi. Ana shunday sharoitda korporatsiya keng fyuzelyajli va ko‘proq yo‘lovchi sig‘adigan samolyot tayyorlashga qaror qiladi.

1966 yilda yangi samolyotning maket nusxasini ommaga namoyish etadi. Pan American aviakompaniyasi darhol undan 25 dona buyurtma beradi. Samolyotga Boeing 747 deb nom beriladi.

Korporatsiya Boeing 747 samolyotlarini ishlab chiqarish uchun Everett shahri yaqinida alohida yangi zavod quradi. Zavod sexlari 51 gektar maydonni egallagan edi.

Boeing korporatsiyasining Everett shahridagi korxonasi
Foto: airlineratings.com

Korporatsiya Pan American aviakompaniyasiga samolyotlarni 1970 yilda yetkazib berish majburiyatini olgan edi. Shu sababli ishlar jadallashtiriladi va yangi zavod tez qurib bitkaziladi.

Zavod unga temiryo‘l izi tortib kelish bilan birga korporatsiyaga 205 mln dollarga tushadi. 1968 yilda korporatsiya ilk Boeing 747 samolyotini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazib, 1969 yilda uni foydalanishga topshiradi.

Ko‘p o‘tmay korporatsiyaga boshqa aviakompaniyalardan ham buyurtmalar kela boshlaydi. O‘sha paytda bir vaqtning o‘zida 400 ta samolyotga buyurtma tushadi va korporatsiya ularni tayyorlab berish uchun ancha vaqt sarflaydi.

1993 yilda korporatsiya minginchi Boeing 747 samolyotini mijozga topshiradi. Faqatgina 2000-yillardan so‘ng Boeing 747 ga buyurtmalar kamayadi.

So‘nggi yo‘lovchi tashuvchi samolyot 2005 yil China Airlines aviakompaniyasi uchun tayyorlab berilgan. Undan so‘ng korporatsiya hozirgacha Boeing 747 samolyotining faqat yuk tashuvchi rusumini ishlab chiqarmoqda.

Garchi Boeing 747 larning yo‘lovchi tashuvchi rusumini ishlab chiqarish bundan qariyb 20 yil oldin to‘xtatilgan bo‘lsa ham bu turdagi samolyotlar hanuzgacha yo‘lovchi tashib kelmoqda. Umumiy hisobda 1 574 dona Boeing 747 ishlab chiqarilgan.

Boeing 747 samolyotlari 36 yil davomida Airbus A380 samolyotlari ishlab chiqarilguncha G‘arbda tayyorlangan keng fyuzelyajli yagona samolyot rusumi bo‘lgan.

Boeing 747
Foto: coloradosun.com

Amerikaliklar nega SSSRga Boeing 747 samolyotlarini sotishni istamagan?

Bir paytlar SSSR ham Boeing 747 samolyotlarini xarid qilishga yaqin bo‘lgan. Biroq bu amalga oshmagan.

1970 yillar boshlarida AQSh va SSSR munosabatlari juda iliqlashadi. Prezident Richard Nikson ikki yil ichida SSSRga ikki marta keladi.

Natijada sovetlar va amerikaliklar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik boshlanadi. Jumladan, dunyoga mashhur Pepsi-kola kompaniyasi SSSRga o‘sha paytda kirib kelgandi.

Iqtisodiy aloqalar o‘rnatilar ekan, sovetlar Boeing 747 samolyotlarini xarid qilish istagini bildirishadi. Amerikaliklar bu taklifni qabul qilishadi. 1978 yilda Aeroflot aviakompaniyasiga bir nechta Boeing 747 yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Biroq 1979 yilda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kiradi va bu ish G‘arb tomonidan keskin tanqid qilinadi. AQSh boshchiligidagi kollektiv G‘arb SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qiladi.

Shundan so‘ng Boeing korporatsiyasi SSSR bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilganini va sovetlarga Boeing 747 samolyotlari yetkazib berilmasligini ma’lum qiladi.

Possovet respublikalarida Boeing 747 1993 yilda Rossiyada paydo bo‘ladi. Boshqa sobiq ittifoq respublikalarining ushbu samolyotlardan sotib olgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Rossiya sotib olgan Boeing  747
Foto: myskillsconnect.com

Boeing 747 samolyotlaridan eng ko‘p kim foydalanmoqda?

Dastlab Boeing 747 samolyotlaridan asosan AQShdagi aviakompaniyalar keng foydalangan. Ayniqsa Pan American aviakompaniyasida bunday turdagi samolyotlar juda ko‘p edi. 1991 yilda Pan American o‘z faoliyatini to‘xtatadi va samolyotlar boshqa kompaniyalarga sotib yuboriladi.

Bugungi kunda Boeing 747 samolyotlaridan eng ko‘p Yaponiyaning Japan Airlines aviakompaniyasi foydalanmoqda – 73 ta. Keyingi o‘rinda British Airways – bu aviakompaniyada Boeing 747-400 rusumidan 48 ta bor.

Boeing 747 samolyotlariga talab keskin tushib ketishiga yangi rusumdagi Airbus A300 va Boeing 767 samolyotlari ishlab chiqarila boshlanishi sabab bo‘lgan.

Bu ikki ixcham va qulay samolyot tufayli dunyoning juda ko‘p aviakompaniyalari ancha og‘ir va yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan Boeing 747 samolyotlaridan voz kechishgan hamda ulardan foydalanishni to‘xtatishgan.

Japan Airlines - JAL aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747-446
Foto: Wikimedia Commons

Boeing 747 ning turli rusumlari

Boeing 747-100. Boeing 747 aslida Boeing 747-100 nomi bilan chiqarilgan va 1969 yildan boshlab ular Pan American aviakompaniyasiga yetkazib berilgan.

1986 yilda yaponlarning buyurtmasi bilan bu rusumga ozgina o‘zgartirishlar kiritiladi ulardan bir necha o‘n dona tayyorlanib Japan Airlines aviakompaniyasiga sotiladi.

Boeing 747 SP. Bu rusumdagi samolyotdan boshida 200 dona tayyorlash reja qilinadi. Biroq talab uncha katta bo‘lmagani tufayli Boeing 747 SP samolyotlaridan 45 dona tayyorlangan va ularning aksariyati Yaqin Sharqdagi arab davlatlariga sotilgan.

Boeing 747-200. 1971 yilda korporatsiya Boeing 747-200 rusumidagi samolyotlarni ham tayyorlay boshlaydi. Bu samolyotning avvalgilari bilan farqi unda dvigatel biroz kuchaytirilgan edi.

AQSh prezidentlari foydalanadigan Boeing 747
Foto: alamy.com

O‘sha paytda AQSh prezidentini olib yurish uchun aynan ikkita Boeing 747-200 tayyorlab berilgandi. Samolyot kuchli dvigatellar tufayli qariyb 11 km balandlikkacha ko‘tarila oladi. Keyinchalik Boeing 747-200 yuk tashishga mo‘ljallangan rusumlari ham ishlab chiqarilgan.

Boeing 747-300. Bu rusumdagi samolyotlarni ilk bor 1980 yilda mijozlarga yetkazib bera boshlaydi. Boeing 747-300 ning avvalgilardan farqi, unda ikkinchi qavat kengaytiriladi va u yerdagi o‘rindiqlar soni oshiriladi.

Shu bilan birga ikkinchi qavatga chiqish uchun tik zinapoya o‘rnatiladi. Samolyotdagi o‘rindiqlar soni oshiriladi. Kuchli dvigatellar tufayli u 12,4 ming metr balandlikda ham parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu rusumdagi samolyotlardan eng ko‘p Saudi Arabian Airlines va Pakistan International Airlines aviakompaniyalari sotib olishgan.

Boeing 747-400. Bu rusum Boeing 747 lar orasida eng ommabopi hisoblanadi. Boeing 747-400 ilk bor 1989 yilda tayyorlangan. Bu rusum o‘zidan avvalgi Boeing 747-300 ga qaraganda yoqilg‘ini bir baravar kam sarflaydi.

Boeing 747-400
Foto: travel.ru

Shuningdek, uning dum qismiga qo‘shimcha yoqilg‘i sig‘imi o‘rnatilgani uchun o‘zidan oldingilarga qaraganda uzoqroq masofani uchib o‘ta oladi. Bundan tashqari, bu rusum eng ko‘p yo‘lovchi joylashishi bilan ajralib turadi.

2005 yilda Yaponiya aviakompaniyasi foydalanayotgan Boeing 747-400D samolyotiga 594 nafar yo‘lovchi joylashadi. Ungacha bironta samolyot bu daraja ko‘p yo‘lovchi olmagan edi.

Ko‘p o‘tmay mingga yaqin yo‘lovchi oladigan Airbus A380 paydo bo‘ldi va Boeing 747-400D ning rekordini yangiladi.

Boeing 747-8. Bu rusumdagi samolyotning sinov parvozi 2010 yilda o‘tkazilgandi. Uning birinchi mijozi Lyuksemburgdan ro‘yxatdan o‘tgan Cargolux Airlines International S.A. aviakompaniyasi edi.

2015 yil noyabrda korporatsiyada 121 dona Boeing 747-8 samolyotlariga buyurtmalar bor edi. Shundan 42 donasi yo‘lovchi, 70 tasi yuk tashishga moslashgan va ikkitasi VIP samolyotlari edi. Bu samolyotga ham 500 ga yaqin yo‘lovchi joylasha oladi.

Boeing 747 Dreamlifter. Bu rusumdagi samolyot 2006 yilda ishlab chiqarilgan va undan bor-yo‘g‘i 4 dona tayyorlangan. Boeing 747 Dreamlifter asosan yuk tashishga ixtisoslashgan.

Bu samolyotning fyuzelyaji biroz kengroq qilingan va unga katta hajmdagi yuklarni ham ortib uchsa bo‘ladi. Boeing 747 Dreamlifter avvalroq tayyorlangan Boeing 747 Large Cargo Freighter, LCF rusumining mukammallashgan varianti hisoblanadi.

Foto: hiveminer.com

Bundan tashqari korporatsiya AQSh armiyasi uchun Boeing 747 asosida ko‘plab maxsus harbiy-transport samolyotlarini tayyorlab bergan.

Samolyotning texnik xususiyatlari

Boeing 747 samolyotining texnik xususiyatlari quyidagicha:

·       Uzunligi – 70,6 metr;

·       Fyuzelyaj eni – 6,5 metr;

·       Qanotlarning uzunligi – 56,6 metr 747-400 da 64,4 metr, 747-8 da 68,5 metr;

·       Balandligi – 19,3 metr;

·       Og‘irligi – 162,4 tonna (747-400 – 180,8 tonna, 747-8 – 214,5 tonna);

·       Maksimal tezligi – soatiga 955 km 747-400 va 747-8 da soatiga 988 km);

·       Yoqilg‘i sig‘imi – 183 380 litr (747-400 da 241 140 litr, 747-8 da 242 470 litr;

·       Yo‘lovchi sig‘imi – 366 nafar 3-klass, 452 nafar 2-klass (747-400 da 416/524, 747-8 da 467/581 yo‘lovchi o‘rni bor);

·       Dvigatellar soni – 4 ta;

·       Ekipaj soni 3 kishi (747-400 va 747-8 da 2 kishi);

·       To‘lgan holda uchish masofasi – 9 800 km (747-400 rusumi 14 205, 747-8 esa 14 815 km masofaga uchib bora oladi).

Boeing 747-100dan boshlab uning so‘nggi rusumi bo‘lgan Boeing 747-8 samolyotlariga asosan uchta kompaniya – Pratt & Whitney, Rolls-Royce va General Electric dvigatellari o‘rnatilgan.

Boeing 747 saloni
Foto: airliners.net

Boeing 747 samolyotlari bilan sodir bo‘lgan eng yirik halokatlar

2024 yilgacha Boeing 747 samolyotlari bilan bog‘liq 86 ta halokat sodir bo‘lgan. Halokatga uchragan samolyotlarning asosiy qismi yuk samolyotlari hisoblanadi.

Shu bilan birga bir nechta ko‘plab odamlar halok bo‘lgan hodisalar ham sodir bo‘lgan.

1977 yil 27 mart. Ispaniyaning Tenerife aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida ikkita Boeing 747 samolyotlari o‘zaro to‘qnashadi. Oqibatda har ikki samolyotda bo‘lgan yo‘lovchilardan 583 kishi halok bo‘ladi.

Samolyotlar AQSh va Niderlandiya aviakompaniyalariga tegishli bo‘lib, to‘qnashuvga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgandi. O‘shanda AQSh aviakompaniyasiga tegishli samolyot bortida bo‘lgan 396 kishidan 335 nafari, Niderlandiya samolyotidagi 248 kishi halok bo‘ladi.

1978 yil 1 yanvar. Hindiston aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 tunda Bombey aeroportidan havoga ko‘tariladi va bir necha soniyadan so‘ng dengizga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 213 kishi halok bo‘ladi.

1983 yil 1 sentabr. Uzoq Sharqda sovet qiruvchi samolyotlari Yaponiya aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan Boeing 747 ni urib tushiradi. Oqibatda samolyotda bo‘lgan 269 kishi halok bo‘ladi.

O‘shanda sovet harbiylari Boeing 747 SSSR chegaralarini buzib kirdi degan bahona bilan uni urib tushirishgan. Bu hodisa o‘z vaqtida jahon hamjamiyati tomonidan qattiq qoralangan.

1985 yil 23 iyun. Hindiston aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 havoda portlab ketadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 329 kishi halok bo‘ladi.

1985 yil 12 avgust. Yaponiya aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 uchuvchilarning tajribasizligi tufayli boshqaruvni yo‘qotib tog‘ga uriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 524 kishidan 520 nafari halok bo‘ladi.

1988 yil 21 dekabr. AQSh aviakompaniyasiga tegishli samolyot Shotlandiyaning Lokerbi shahrida portlab ketadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 259 kishi va atrofda bo‘lgan 11 kishi halok bo‘ladi.

AQSh maxsus xizmatlari samolyotni Liviya maxsus kuchlari qo‘poruvchilari portlatgan degan da’vo bilan chiqqan. Biroq Liviya tomoni buni tan olmagan.

1996 yil 17 iyul. AQSh aviakompaniyalaridan biriga tegishli Boeing 747 Nyu-York shahri aeroportidan parvoz qilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay portlab ketadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 230 kishi halok bo‘ladi.

Tekshirishlarda halokatga samolyot uskunalarida qisqa tutashuv bo‘lgani va oxir-oqibat uning yonilg‘i sig‘imi portlagani sabab bo‘lgani aniqlangan.

1996 yil 12 noyabr. Saudiya Arabistoni aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 Hindistondan havoga ko‘tarilish chog‘ida Qozog‘istonga tegishli Il-76 samolyoti bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda samolyotda bo‘lgan 312 kishi va Charxi Dadri shaharchasi aholisidan 37 kishi halok bo‘ladi.

1997 yil 6 avgust. Janubiy Koreya aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 Tinch okeanida joylashgan AQShga tegishli Guam oroliga qo‘nayotib halokatga uchraydi. Oqibatda samolyotda bo‘lgan 254 kishidan 228 nafari halok bo‘ladi.

2002 yil 25 may. Tayvan aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 Tayvan bo‘g‘ozida dengizga qulab tushadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 225 kishi halok bo‘ladi. Halokatga samolyotni ta’mirlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab bo‘lgan.

Boeing 747 haqida qiziqarli ma’lumotlar

Boeing 747 – dunyodagi olis masofalarga ucha oluvchi keng fyuzelyajli birinchi samolyot hisoblanadi.

Boeing 747 ilk bor tayyorlanganda o‘sha paytda eng ommabop bo‘lgan Boeing 707 samolyotidan ikki barobar katta bo‘lgan.

Boeing 747 samolyotlarida nafaqat yo‘lovchi, balki turli hajm va og‘irlikdagi yuklar ham tashiladi.

Boeing korporatsiyasi Boeing 747 samolyotlarini ishlab chiqarish uchun o‘z vaqtida Vashington shtatidagi Everett shahrida yangi korxona quradi. Bugun ana shu korxonaning 52 gektar yerda joylashgan va yaxlit holda bo‘lgan yopiq sexlari hanuzgacha dunyodagi eng yirik bino hisoblanadi.

Korporatsiya Boeing 747 samolyotlarini ishlab chiqarish uchun o‘sha paytda 2 mlrd dollar qarz oladi. 1960-yillarda bu juda katta summa hisoblanardi va hatto dunyodagi bironta kompaniya buncha pulga narxlanmasdi.

Boeing 747 samolyotlarining yangilangan rusumi - Boeing 747-400 1985 yilda ishlab chiqarilgan. Bu samolyotni uch emas, ikki nafar uchuvchi boshqaradi.

Boeing 747 bazasida ishlab chiqarilgan Evergreen 747 Supertanker (742-200) dunyodagi eng yirik yong‘in o‘chirishga ixtisoslashgan samolyot hisoblanadi.

Foto: airliners.net

1969 yildan hozirgacha 1,5 ming donadan oshiq Boeing 747 ishlab chiqarilgan.

NASA o‘zining uchuvchi qurilmalarini, kosmik kemalarini va shatllarni asosan Boeing 747 samolyotlarida tashiydi.

Boeing 747 boshqa samolyotlardan asosan o‘zining old qismida bo‘rtib chiqib turgan “o‘rkachi” bilan farqlanadi. Shu tufayli ham uni tashqi ko‘rinishidan tezda tanib olishadi.

Boeing 747 samolyotini ishlab chiqarishga jami 6 million donadan oshiq detal ishlatiladi.

Boeing 747 samolyotlariga o‘rnatiladigan to‘rtta dvigatelning har biri 4 tonna og‘irlikka ega. Ularning donasi 8 mln dollar turadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: