Rossiya hukumati xorijiy kuchlar davlat sirlariga kirishga harakat qilishi mumkinligidan tashvishlanib, davlat xizmatchilarining chet elga chiqish qoidalarini kuchaytirmoqda. Bu haqda Reuters 18 aprel, payshanba kuni vaziyatdan xabardor to‘qqiz manbaga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, talablar alohida davlat idoralarida turlicha bo‘lib, ko‘p jihatdan «biroz tartibsiz»dir, biroq ba’zi amaldorlarga hatto Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan «do‘stona» davlatlarga ham borish taqiqlangan. «Umuman olganda, hech qayerga borolmaysiz, hattoki Belarusga may oyidagi bayramlar vaqtida ham. Ruxsatingiz bo‘lsagina borishingiz mumkin», - deydi manbalardan biri.
Davlat sirlarini oshkor qilishdan qo‘rqish
Cheklovlarning kuchaytirilishiga asosiy sabab Federal xavfsizlik xizmatining («FSB») rossiyalik amaldorlar chet elga sayohat qilishi chog‘ida «tuzoqqa tushib qolishi va milliy xavfsizlikka ta’sir etuvchi sirlarni oshkor qilishga majbur bo‘lishi mumkinligidan» xavotirlanishidir», deb ta’kidladi Reuters suhbatdoshlari. «FSB», shuningdek, amaldorlar hibsga olinishi va keyin G‘arbga ekstraditsiya qilinishi yoki «sirlarni oshkor qilish» bilan bog‘liq kelishuv taklif etilishi mumkinligiga ishonyapti. Manbalardan birining aytishicha, egallab olingan Sevastopol sobiq «gubernatori» Dmitriy Ovsyannikov yanvar oyida Londonda qo‘lga olinganidan keyin tartibni kuchaytirishga qaror qilingan.
«FSB» talabiga binoan, agentlik yozishicha, hukumat ayrim bo‘limlar xodimlariga maxsus ruxsatsiz mamlakatdan chiqib ketishni taqiqlaydi. Reuters suhbatdoshlaridan birining aniqlik kiritishicha, qoidalar xavfsizlikni rasmiylashtirish darajasiga qarab farqlanadi. Rossiya parlamentidagi manbaga ko‘ra, quyi palata xodimlariga xorijga har qanday safar qilish taqiqlangan. «Men Minskka ham bora olmayman, barcha so‘rovlar rad etiladigan aytilmagan qoida bor», dedi u.