Surxondaryoda attraksionning o‘rindig‘i sinib, qulab tushdi. To‘rt kishi jarohatlandi

O‘zbekiston 17:03 / 17.04.2024 17422

Termiz shahrida attraksion o‘rindig‘i sinib qulab tushgan va to‘rt kishi jarohatlangan. Bu haqda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 16 aprel kuni Termiz shahrida joylashgan “Termiz avenue park” MChJga qarashli “Bolajon” nomli madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan attraksionda o‘rindiq sinib, yerga qulab tushgan. Oqibatda to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohatlari olishgan.

Attraksion mavsum oldidan to‘liq texnik shahodat sinovlaridan o‘tkazilmagan. Uni tayyorlash va uni texnik tekshiruvdan o‘tkazish uchun taqdim etish attraksionlarning soz holati va ulardan xavfsiz foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tayinlanmagan, mavsumga tayyorligi to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzilmagan. Mavsum oldidan attraksiondan foydalanish uchun ruxsatnoma olmasdan undan foydalanilgan”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha jarohatlanganlar 11 va 15 yoshli qizlar hamda 27 va 29 yoshli ayollar bo‘lgan. Ulardan ikki nafari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lishgan.

Jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.

Ko‘proq yangiliklar: