— Isroil o‘z harbiylarini G‘azodan qisman olib chiqqanidan so‘ng hududda hozirgi vaziyat qanday?
— G‘azoda juda katta humanitar inqiroz vujudga kelib bo‘ldi. Ma’lum darajada Isroil qo‘shinlarining olib chiqilishida 2 ta asosiy omil rol o‘ynadi. Birinchisi – AQSh va G‘arb davlatlarining bosimi. To‘g‘ri, sanksiyalar, ultimatumlar darajasidagi bosimlar bo‘lgani yo‘q, shunchaki axborot bosimi va qo‘llamaslikni bildirib, tanqid qilishlar ko‘p bo‘ldi. Bunday holatda Isroil o‘z imiji ustida ishlashiga to‘g‘ri keladi, ittifoqchilari bilan hisoblashishga ham majbur.
Ikkinchisi – Isroil G‘azoda doim ham g‘alabali harakat olib bormadi. Infratuzilmani vayron qilgandir, 34 ming odam o‘ldirildi, lekin strategik g‘alabaga erishilmadi. Strategik g‘alaba – HAMASni butunlay yo‘q qilish. Lekin butkul yo‘qotolmasligini Isroil ham biladi, HAMAS bu – G‘azo xalqi demak.
Isroil Rafahdan chiqib turishiga sabablardan biri – harbiy strategiyasini boshqatdan o‘ylab olish. Isroilda ham yo‘qotishlar bor. Bu vaqt davomida harbiy harakatlar taktikasiga ma’lum o‘zgartirishlar kiritadi, Rafahni qayta o‘rganib chiqadi, deb taxmin qilish mumkin.
— Eronning Isroilga qilgan javob hujumi Isroil harbiy strategiyasida o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinmi?
— Isroil Yaqin Sharqda katta salohiyatga ega davlatlardan biri. Uning Eronga zarba berish ehtimoli katta, chunki buning uchun siyosiy, iqtisodiy, harbiy-texnologik imkoniyatlarga ega. Faqat bu zarba qachon va qanday bo‘lishi so‘roq ostida turibdi. Isroilning raketalari bemalol Eronga yetib boradi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning Eronga nisbatan asosiy da’vosi – uning harbiy kuchlariga emas, balki yadro dasturiga qaratilgan. Isroil o‘zidagi yadro qurolini tan olmaydi va yashirib keladi. Isroil Yaqin Sharqda hech bir musulmon davlati yadro quroliga ega bo‘lishini istamaydi. Ko‘ryaptiki, Eronda bu borada yetarlicha ilmiy, texnologik sharoit yaratilgan va yaqin yillarda yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Isroil o‘zini bemalol, xavfsiz his qila olmaydi va xohlagan ishini qilishga ham to‘sqinlik bo‘ladi bu. Shu sabab Isroil Eronga hujum qilsa, bu Eronniki kabi oddiy bo‘lmaydi, katta talafotga olib keluvchi zarba beradi.
— Eron raketa va dronlari Isroilga talafot yetkaza olmagan bo‘lsa-da, dunyoda Isroilga hech kim hech narsa deyolmaydi, degan tafakkurning o‘zgarishiga olib kelmadimi?
— Albatta, shunday fikrlarni o‘zgartirdi. Eronning zarbalari Isroilga katta zarar yetkazmadi, chunki Eron vaziyatni chigallashtirishni istamaydi. Javob berishi kerak bo‘lgani uchun zarba berdi, Eron buning oqibatini o‘ylaydigan davlat. U Isroil bilan asosan bilvosita urush olib boradi, ya’ni qaysidir tashkilot, guruhlar orqali.
Shu paytgacha Eron Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf solmagan, agar shunday qilsa katta urushga tortilishiga olib kelishini biladi. Shu sabab to‘g‘ridan to‘g‘ri konfliktga bormaslikka harakat qiladi. Lekin oxirgi vaziyatlar alohida masala. Isroil tomonidan Eronning konsulligiga zarba berilishi uning g‘ururiga tegdi va Eron shu tariqa javob berdi. Lekin Isroil tomoni zarba bersa, bunday yumshoq zarba bilan cheklanmaydi, qattiq zarba berishga tayyor Isroil.
Vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, Isroil harbiy ittifoqchilar jihatdan ham ustun, birinchi navbatda AQSh va Britaniya. AQSh va Britaniya katta urushlarni istamasligi mumkin, lekin Eronni jazolash uchun ma’lum bir harbiy operatsiyalar o‘tkaza oladi. Lekin Eron ham javob beradi. Shu sabab ham ular Eron va Isroil o‘rtasida urush kelib chiqishini xohlamaydi.
Bundan tashqari, Isroil yuqori darajadagi, hatto aqlli texnologiyalarga ega. Masalan, Eronda Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi ham shunday texnologiya bilan bo‘lgandi.
— Eron va Isroil munosabatining G‘azoga, Isroilning Rafahga kirish rejasiga ta’siri qanday bo‘ladi?
— Fikrimcha, G‘azodagi vaziyat va Eron bilan munosabatlar o‘rtasida bog‘liqlik kam. G‘azoda asosan sunniy musulmonlar yashaydi. G‘azo masalasi Isroilning oldindan bo‘lgan strategiyasi, hozir G‘azoning oxirgi egallanmagan punkti – Rafah. Rafahda 1,5 mln aholi to‘plangan, u yerda o‘limlar soni oshib ketsa, Isroil imiji butkul qora bo‘ladi. Shuning uchun bu nuqtada o‘ylabroq harakat qilyapti. AQSh va G‘arb davlatlari Isroilni ehtiyotsizlik qilishda, tinch aholi ko‘p qurbon bo‘layotganida aybladi, arab davlatlari butunlay Isroilga qarshi chora ko‘rishga chaqiryapti, Turkiya unga yetkazilayotgan mahsulotlarni to‘xtatishga qaror qildi. AQSh real bosim qila oldi. Musulmon davlatlarining fikri esa Isroil uchun doim ham qiziq emas.
Eron va G‘azo bir-biriga bog‘liq emas. Eronning asosiy qiziqish nuqtalari Livan va Suriya, chunki u yerda shialar bor. Eronning asosiy maqsadi – Isroilni butunlay yo‘q qilish, bu bo‘yicha harbiy doktrinasi ham bor. Isroil esa bir vaqtning o‘zida G‘azoda ham, Eron bilan ham, Livanda ham harbiy operatsiyalar olib borishi mumkin, chunki cheksiz qo‘llov bor. Birinchi o‘rinda AQSh, keyin Germaniya, Italiya, Fransiya ham qurol-yarog‘ yetkazib beryapti. Shu nuqtada ikki xil standart bor: AQSh va G‘arb davlatlari harbiy amaliyotni to‘xtatishga chaqiryapti, humanitar yordam beryapti, lekin bir vaqtning o‘zida Isroilga qurol ham yetkazib beryapti.
Nega qurol yetkazyapsiz, deyilsa, Isroilning o‘zini o‘zi himoya qilishi uchun, deydi. Lekin bu davlatlar himoya qilish va tajovuz qilishning farqini bilmaslikda ayblanyapti.
— Isroilning Rafahdagi operatsiyani to‘xtatib turish qarori qanchalik uzoq muddatga mo‘ljallangan?
— Aslida Isroil uchun HAMAS – bir vosita. HAMASni yo‘q qilish bahonasida G‘azoga kirish – asl maqsad. G‘azo hududi O‘rtayer dengizi bo‘ylab cho‘zilgan, katta biznes va strategik loyihalar uchun juda qulay. Bu yerdan Suvaysh kanaliga muqobil yo‘l ochmoqchi Isroil. Ya’ni o‘zini muhim logistika maydoni sifatida namoyon etmoqchi. Bu loyiha bilan Qizil dengizdagi katta tovarlar oqimini O‘rtayer dengizi orqali olib chiqmoqchi. Afsuski, bu loyiha G‘azoga to‘g‘ri kelgan. Hujumlar qilish, vayron qilishdan maqsad – u yerdagi aholini bu yerdan ketishga undash. Tashlab ketmaganda ham Isroil hududni to‘liq nazoratiga olib, shu loyihalarni erkin amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lish.
Shu nuqtayi nazardan, Isroil yaqin orada yana Rafahga kiradi. Urushni shu nuqtada qoldirish Isroil hukumatiga ham, strategiyasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, urushni davom ettiradi. Isroilga xalqaro bosim, sanksiyalar qo‘llanmas ekan, u xohlagan ishini qiladi. Isroil rasmiy tarzda genotsidda ayblanishi ehtimoli ham past, chunki AQShdagi yahudiy lobbisi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Isroil AQShning bir shtatidak gap. Isroil yo‘q bo‘ldi degani AQSh Yaqin Sharqda mavjudlikni yo‘qotdi degani. Yaqin Sharqni nazorat qilish musulmon dunyosini nazorat qilish, ta’sir o‘tkazish degani, buning uchun esa AQShga Isroil kerak.
— Demak, harakatlar boshlanishi uzoq kuttirmaydi, shundaymi?
— Xuddi shunday. Birinchidan, Isroil hamma qo‘shinlarini olib chiqqani yo‘q, nazorat uchun ma’lum qismi qoldirildi. Endi G‘azo oldingidek bo‘lmaydi, ilgari qamal holatida bo‘lsa ham, ichki siyosat Isroil nazoratidan xoli edi. Endi qanday hukumat shakllantirilishidan qat’i nazar, Isroil nazoratida bo‘ladi. Isroil HAMASni yo‘q qildik deyishi mumkin, lekin o‘sha yerdagi yaqinlari o‘lgan bolalar ertaga hamaschi bo‘lib yetishadi. Shuning uchun Isroil u yerdagi jarayonlarni nazorat qilishga intiladi, buning uchun esa G‘azoni to‘liq egallab, aholini o‘z siyosati asosida ushlashga harakat qiladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.