Taqdimotda qayd qilinishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminali rekonstruksiyasi uch bosqichda amalga oshirilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 ming 200 kishidan 2 ming 400 nafarga yetadi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetadi.
Yana bir taqdimot Urganch shahrida 2022 yilda boshlangan Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi bilan bog‘liq. U yerda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.
Loyihaga ko‘ra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo‘ladi, 4 ming talaba ta’lim oladi. Universitet qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham bo‘ladi. Shu tariqa, bu yerda o‘qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim klasteri yaratiladi.
Taqdimotda universitet konsepsiyasini boyitish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlarning tadqiqotlari uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yo‘nalishlarini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Beruniy tumani markazida Al-Beruniy muzeyi tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli bo‘lib, eng ilg‘or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniy haykali o‘rnatiladi.
Taqdimotda mazkur loyihalar bo‘yicha bir nechta takliflar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish, qulayliklarni oshirish va sifatli qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.