Qozonda qarovsiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston 13:59 / 16.04.2024 7322

Rossiyaning Qozon shahrida qarovsiz qolib ketgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmaniga Namangan viloyatida yashovchi X.X.dan murojaat kelib tushgan.

Ayol murojaatida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘zining 2012 yilda tug‘ilgan qizi, 2015 yilda tug‘ilgan o‘g‘li hamda turmush o‘rtog‘i K.G. bilan birga yashaganini, 2024 yilning 12 fevral kuni turmush o‘rtog‘i o‘g‘lini urganligi sababli bolasi politsiya tomonidan kasalxonaga joylashtirilganini ma’lum qilgan. Politsiya xorijda yashashga oid tegishli hujjatlar taqdim etilsa, bolani onaga qaytarishini aytgan.

Hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qozog‘iston hududiga o‘tgan ayol taqiq tufayli Rossiyaga qayta kira olmasdan O‘zbekistonga qaytib kelgan. Uning bolalari esa Qozon shahrida qarovsiz qolib ketgan.

Holat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Tashqi ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida voyaga yetmagan J.N. va N.U. Qozon shahridagi 41-sonli o‘rta maktabda ta’lim olganligi aniqlangan. G.K. maktab hududida o‘g‘liga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani sababli ular 18-sonli bolalar shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Bosh konsulxona tomonidan Qozon shahri Vaxitov va Privoljsk tumani vasiylik organi bilan muzokaralar olib borilgan. Vasiylik organi bolalarning ota-onasi Rossiyaga kirishga imkoniyati yo‘qligini inobatga olgan holda ularni O‘zbekistonga yuborishga ruxsat bergan.

IIV tomonidan 15 aprel kuni voyaga yetmagan N.U. va J.N. O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan va onasi qaramog‘iga topshirilgan.

Oldinroq Rossiyada onasi qamalib, o‘zlari qarovsiz qolib ketgan opa-singil Moskvadagi elchixonaga olib borilgani va ular tez kunda O‘zbekistonga jo‘natilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: