Svet va gaz narxi o‘zgarmoqda
O‘zbekistonda 1 maydan e’tiboran aholi uchun energiya resurslarining yangi narxlari e’lon qilindi. Shuningdek, energiya iste’moli uchun ijtimoiy me’yorlar ham belgilandi. Ayrim manbalarga ko‘ra tabiiy gazning narxi 1 maydan emas, 1 iyuldan oshiriladi.
2019 yilning avgustidan buyon 1 kilovatt-soat elektr energiyasining narxi 295 so‘m, 1 metr kub tabiiy gazning narxi esa 380 so‘m miqdorida o‘zgarmasdan kelayotgan edi.
O‘tgan yillar davomida narxlarni oshirishga bir necha bor urinib ko‘rildi, biroq pirovardida narxlar o‘zgarmasdan kelayotgan edi.
Endi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra elektr energiyasining 1 kilovatt-soati uchun narx 450 so‘m miqdorida belgilandi. Oyiga 200 kilovatt-soatgacha bo‘lgan ijtimoiy me’yor bo‘yicha shu narxda haq to‘lanadi. Iste’mol ortgani sayin narx ham oshib boradi.
Gazning narxi esa 1 metr kubiga 650 so‘m qilib belgilanmoqda. Bunda issiq mavsumda oyiga 100 metr kub, sovuq mavsumlarda 500 metr kub me’yor belgilangan va me’yordan oshilgani sayin to‘lov miqdori ham oshib boraveradi.
Narxlar oshirilgani munosabati bilan ijtimoiy nochor qatlamlar uchun yordam pullari ajratilishi nazarda tutilgan.
37 mlnga yaqinlashgan o‘zbekistonliklar
O‘zbekistonning doimiy aholisi qariyb 37 millionga yetdi. Doimiy aholi soni har kuni o‘rtacha 1,8 ming kishiga ko‘paymoqda, deyiladi Statistika agentligi ma’lumotida.
2024 yilning 1 aprel holatiga respublikaning doimiy aholisi soni 36 mln 963 ming 262 kishini tashkil etgan. 16 aprelga kelib aholi soni 36 mln 990 ming 128 nafarni tashkil etgan.
Respublika doimiy aholisi soni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,1 foizga oshgan.
Mamlakat aholisi 2024 yil boshidan buyon 163,5 ming kishiga ko‘paygan.
Departament rahbari bo‘shatildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov o‘z lavozimidan ozod etilgan.
Shamsiddin Sohibnazarov 2023 yilning 17 oktyabr kuni prezident farmoniga asosan Bosh prokuratura departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. Bungacha u departamentning Toshkent shahar boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Sohibnazarovning ishdan olinishi hozircha rasman tasdiqlanmagan. Shuningdek, uning iste’fosi sabablari, keyingi faoliyati hamda uning o‘rnini kim egallashi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
O‘zbekiston iqtisodiyoti prognozlari
Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi kutilmoqda.
Jahon banki uch oy oldingi prognozini 0,2 foiz bandga pasaytirib, 5,3 foiz deb belgiladi. Osiyo taraqqiyot banki esa 5,5 foizlik o‘sishni kutmoqda. Har ikki tashkilot energetikada kutilayotgan narxlar oshishi uy xo‘jaliklarining daromadlariga ta’sir qilishini qayd etdi.
Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi, shuningdek, xalqaro moliya bozorlaridagi vaziyatning kutilganidan ko‘ra keskinroq bo‘lishi prognozning yanada pasayishiga olib kelishi mumkin.
Maktab o‘quvchilariga taqiq
Maktab o‘quvchilarining xorijga vaqtincha chiqish tartibi o‘zgarishi mumkin. Muhokamaga qo‘yilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, o‘quvchi xorijiy davlatga chiqishidan oldin maktab direktorining roziligi olinishi talab etiladigan bo‘ladi.
Bu tartib faqat o‘quv yili davomida amal qiladi, yozgi ta’tillar chog‘ida emas.
Vazirlik tomonidan tayyorlangan buyruq loyihasiga ko‘ra, ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini ko‘rsatgan holda o‘quv yili davomida maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi.
Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-19 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonga boradi.
Ta’kidlanishicha, tashrif chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida 17-20 aprel kunlari Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi.