Aprel oyi boshida Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba bergandi. Buning oqibatida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining (IIMK) yetti nafar a’zosi halok bo‘ldi. Ular orasida korpusning yuqori martabali generali Muhammad Rizo Zohidiy ham bo‘lgan, u «Quds» kuchlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. Eron mazkur holat yuzasidan o‘z noroziligini bildira boshladi va munosib javob qaytarishini e’lon qildi. Ushbu xabarlar ortidan 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga 120 ta ballistik, 30 ta qanotli raketalar, shuningdek 170 dan ortiq dronlar qo‘llagan holda hujum uyushtirildi. Ikki davlat o‘rtasidagi nizo sababi nimada va u qanday yuzaga kelgan?
Isroil va Eron munosabatlaridagi ziddiyatli jihatlar
Erondagi siyosiy rejimning o‘zgarishi. Eron 1950 yil 6 martda musulmon davlatlari ichida Turkiyadan keyin ikkinchi bo‘lib Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olgandi. Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy davrida Eron uchun Isroil AQSh bilan munosabatlarda vositachi davlat sifatida ko‘rilgan. 1948 yildan 1979 yil – islom inqilobiga qadar Eron va Isroil nafaqat yaqin hamkor, balki ittifoqchi bo‘lib, iqtisodiy va harbiy jihatdan hamkorlik qilgan. Xususan, 1967 yilgi «Olti kunlik urush»dan so‘ng bir qator arab mamlakatlari Isroilga qarshi neft embargosi joriy etganida Isroilga neft yetkazib bergan yagona davlat Eron bo‘ladi.
Shuningdek, rasmiy Tehron Isroil tovarlari va xizmatlarining asosiy importchilaridan biri edi. Ammo o‘tgan asrning 70-yillariga kelib mintaqada siyosiy vaziyat o‘zgara boshlaydi. Har ikki tomon uchun ham asosiy dushman sifatida ko‘rilgan Misr prezidenti Jamol Abdul Nosirning o‘limidan keyin Eron va Misr o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilana boshlaydi. 1975 yilda Eron-Iroq kelishuvi imzolanadi va Tehron kurd ayirmachilariga yordam berishni to‘xtatdi. Mazkur ikki voqea Isroilning Eron uchun strategik ahamiyatini pasaytiradi. Ayni shu davrda Eronda diniy kuchlar ta’siri ortib borayotgan edi.
1979 yilgi inqilobdan so‘ng vaziyat keskin o‘zgardi. Tehronning yangi teokratik hukmdorlari Isroilning qonuniyligini tan olmadi. Eron Isroilni G‘arbning mintaqadagi ittifoqchisi sifatida ko‘rdi va unga dushman sifatida qarash boshlandi. Shunga qaramay, Isroil va Eron o‘rtasidagi cheklangan hamkorlik 1980-yillarda ham davom etdi. Faqat 2000-yillarga kelib ikki tomonlama munosabatlarda keskinlik nihoyatda kuchaydi. Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod 2005 yilda «sionistik rejim Yer yuzidan yo‘q qilinishi kerak» deya ta’kidlab, axborot bombasini portlatdi. Rasmiy Tehron Falastindagi musulmonlarni qo‘llab-quvvatlab, Isroilning ularga nisbatan olib borayotgan siyosatiga keskin munosabatda bo‘lib keladi. Eron aynan AQSh va Isroilni o‘zining eng birinchi darajali dushmani deb biladi.
Eronning yadro dasturi. 2000-yillardan boshlab faol ravishda amalga oshirib kelinayotgan Eronning yadro dasturi tinchlikparvar ekaniga Isroil ishonmaydi. Aksincha, u Eron maxfiy ravishda yadro qurollari ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib borayotgani va uni ballistik raketalarga aylantirishiga bo‘lgan ishonchini ta’kidlab keladi. Ushbu yondashuvga muvofiq, Isroil anchadan buyon Eron yadro dasturini to‘xtatish uchun yashirin, bir tomonlama harakatlarni amalga oshiradi. Xususan, 2020 yil noyabrida Eronning yetakchi yadroshunos olimi, mamlakat yadro dasturi me’morlaridan biri bo‘lgan Muhsin Faxrizoda o‘ldirilishi ham bunga misol bo‘la oladi.
2015 yilda Eron ko‘p millatli yadroviy bitimni imzolaydi, ammo 2018 yilda Donald Tramp AQShni ushbu shartnomadan chiqarib oldi va Eronga qarshi sanksiyalar qo‘llaydi. Bu Eronning mag‘lubiyati va Isroilning g‘alabasi sifatida ko‘rila boshlandi. Eron esa bunga javoban ruxsat etilgan me’yordan ko‘ra ko‘proq uranni boyitishga kirishadi.
Proksi urushlar. Har ikki tomon bir-biriga qarshi turli harbiy harakatlarni amalga oshirgan. Ushbu harakatlar mintaqaviy barqarorlikka tahdid qiladi va davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni yanada chuqurlashtiradi. Eron Yaqin Sharq bo‘ylab bir nechta guruhdan iborat kuchli koalitsiya shakllantirgan. «Hizbulloh», HAMAS, Iroqdagi Hashd ash-Shaabi va Yaman husiychilarini o‘z ichiga oluvchi ittifoqchilar tarmog‘ini moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Yillar davomida ushbu guruhlar va Isroil o‘rtasida turli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib keldi.
Eron va Isroilning harbiy salohiyati
Global Fire Power indeksiga ko‘ra, harbiy qudrati bo‘yicha Eron dunyoda 14-o‘rinni, Isroil esa 17-o‘rinni egallaydi. Eron qurolli kuchlarining umumiy soni 610 ming kishini, zaxirasi 350 ming kishini tashkil etadi. Isroilda bu ko‘rsatkich mos ravishda 170 ming va 465 ming kishi.
Eronning mudofaa budjeti – 9,95 mlrd dollar, Isroilniki – 24,4 mlrd dollar.
Jami samolyotlar soni:
- Eron: 551 dona;
- Isroil: 612 dona.
Qiruvchi samolyotlar:
- Eron: 186 dona;
- Isroil: 241 dona.
Hujum vertolyotlari:
- Eron: 13 dona;
- Isroil: 48 dona.
Tanklar soni:
- Eron: 1996 dona;
- Isroil: 1370 dona.
Zirhli transport vositalari:
- Eron: 65 765 dona;
- Isroil: 43 407 dona.
O‘ziyurar artilleriya:
- Eron: 580 dona;
- Isroil: 650 dona;
Suvosti kemalari:
- Eron: 19 dona;
- Isroil: 5 dona.
Aeroportlar:
- Eron: 319 dona;
- Isroil: 42 dona.
Urush keng ko‘lamda davom etishi mumkinmi?
Eronning Isroilga hujumi ramziy ma’no kasb etganday taassurot paydo qildi. Yo‘llangan yuzlab dron hamda raketalar yahudiy davlatiga deyarli hech qanday talafot yetkazmadi. Isroil mudofaa vazirligi dron va raketalarning 99 foizi tutib qolinganini ma’lum qildi.
Umuman olganda, Eron tomoni Isroil va uning ittifoqchilariga o‘ziga xos imkoniyat taqdim qilganday bo‘ldi. Qaqshatqich «zarba» berilishi haqida bir necha kun oldin e’lon qilindi, bu vaqt oralig‘ida Isroil ehtimoliy hujum uchun puxta hozirlik ko‘rdi. Yahudiy davlatining yaqin ittifoqchilari AQSh va Buyuk Britaniya Yaqin Sharqdagi harbiy havo kuchlarini shay holatga keltirishga ham ulgurdi.
AQSh Isroilning Eronga har qanday qarshi hujumini qo‘llashdan bosh tortishi haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Isroil o‘zining asosiy ittifoqchisi roziligisiz Tehron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli mojaroni keng ko‘lamda boshlash ehtimoli past. Eron esa Isroil oldida zaif ko‘rinishni istamadi va oliy hokimiyat xalqaro maydondagi o‘z reputatsiyasini yo‘qotmaslik uchun ochiq harbiy hujumni amalga oshirdi, ammo chinakam urushni boshlab yubormaslik uchun o‘ta ehtiyotkorlik bilan qadam tashlagani sezildi. Shu jihatdan Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat keng ko‘lamda emas, balki avvalgiday proksi shaklda davom etishi mumkin.
Doston Ahrorov tayyorladi.