Ukrainada urushning 781-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina QK bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Rossiya qo‘shini Chasiv Yarni 9 mayga qadar egallash bo‘yicha topshiriq olganini aytdi.
- Ukraina qurolli kuchlari Luhansk oblastida RF qo‘shinlari guruhining boshqaruv punktiga «samarali zarba» yo‘llanganini ma’lum qildi. O‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR rasmiylari mashinasozlik zavodiga zarba berilgani va to‘qqiz kishi jarohatlangani haqida xabar tarqatgan.
- RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, o‘tgan kun davomida Qora dengiz ustida va Krasnodar o‘lkasida ukrain dronlari yo‘q qilingan.
- Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblasti hududida rossiyaliklarning 10 ta pilotsiz qurilmasi urib tushirilganini ma’lum qildi.
Xarkivda elektr o‘chirilishi
Rossiya qo‘shini bir necha haftadan buyon Ukrainaning ikkinchi yirik shahri bo‘lmish Xarkivni to‘xtovsiz o‘qqa tutmoqda. Nishonlar asosan energetika infratuzilma obektlari bo‘lmoqda. Ukraina energetika vazirligi hamda energiya ishlab chiqaruvchi yirik DTEK kompaniyasi vakillari CNN nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shini so‘nggi vaqtlarda taktikani o‘zgartirgan — agar avvallari hujumlar tarqoq amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda nisbatan aniq va zich berilmoqda. Rossiya zarbalari tufayli Xarkivdagi turar joylar hamda korxonalarga elektr energiyasi uzatilishida cheklovlar joriy etilmoqda. Resurslarni tejash uchun Xarkivda isitish mavsumi muddatidan oldin yakunlangan va shaharni yoritish chiroqlari o‘chirib qo‘yilgan. «Rossiya barcha transformator nimstansiyalarni vayron qildi, IESni shikastladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarini tezda tiklash imkonsiz», — degan Xarkiv shahri meri Igor Terexov aprel oyi boshida LIGA.net uchun bergan intervyusida. «Men tiklash ishlarini qachonga yakunlash bo‘yicha va’da bera olmayman», — deya qo‘shimcha qilgan u.
«Azov» harbiy xizmatchisi Kreminna yaqinida
«Azov» jangchilari 2022 yil bahorida Mariupolni mudofaa qilishgandi, endi esa maxsus topshiriqli brigada Luhansk oblastidagi jangovar topshiriqlarni bajarmoqda.
Selidove o‘qqa tutilishi oqibatlari
Ukrainaning Donetsk oblasti Pokrovsk rayoni Selidove shahrida Ukraina qurolli kuchlarining frontning ushbu uchastkasi uchun muhim hisoblangan ta’minot bazalaridan biri joylashgan. Rossiya qo‘shini bu yerni muntazam ravishda o‘qqa tutadi. Xususan, 14 aprelga o‘tar kechasi RF harbiylari shaharga S-300 kompleksi raketalari bilan zarba yo‘llagan, keyin esa Selidovega aviabombalar tashlangan, deb xabar bergan shahar harbiy ma’muriyati. Uchta ma’muriy bino hamda bir qancha turar joylar shikastlangan, ammo odamlar jarohatlanmagan.
Shahar ma’muriyati telegram-kanalida zarba oqibatlari haqidagi ma’lumot va gumanitar yordam tarqatilishi haqidagi xabar «derazalarni yopish» va «qabrlarni tozalash»ni taklif qiluvchi reklama bilan birga ketgan.