Eron Isroil «tuzog‘i»ga ilindimi - Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarga ekspertlar nima deydi?

Jahon 21:42 / 14.04.2024 72423

Eronning Isroilga kutilgan va kutilmagan zarbalari fonida mintaqa siyosati keskin o‘zgarishi mumkin. Mojaroda AQSh, Rossiya, Xitoy kabi qudratli davlatlar, shuningdek arab davlatlarining pozitsiyalari ham muhim. Ho‘sh endi Isroil Eronga yangi zarba beradimi?

Kun.uz mavzuning muhim nuqtalarini siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovlar bilan tahlil qildi.

Eronning Isroilga javobi mintaqada qanday yangi vaziyatni hosil qildi, ziddiyatlar qaysi bosqichga ko‘tarildi?

Shavkat Ikromov: — Eronning hujumini keng ko‘lamli, katta talafot yetkazuvchi sifatida baholab bo‘lmaydi. Ekspertlar buni Eronning dron paradi deb ham atadi. Chunki Eron hujumdan oldin ko‘p ogohlantirish, signallar berdi va Isroil mudofaaga ulgurdi. Eron zarbalari harbiy va hukumat obektlariga yo‘llandi. Eron hujumdan keyin BMTda bayonot berib, «bizning Isroil bo‘yicha ishimiz yakunlandi», dedi. Agar Isroil javob zarbasi qaytarmasa, bu mojaro shu nuqtada to‘xtaydi va Yaqin Sharqdagi vaziyatga katta ta’sir ko‘rsatmaydi.

Eronning boshqa yo‘li yo‘q edi. Uning Yaqin Sharqda bir qancha hamkor tashkilotlari bor, HAMAS, «Hizbulloh», husiychilar kabi. Mana shu kuchlar Eronning javobini kutayotgandi. Agar Eron javob zarbasi bermasa, hamkorlari orasidagi obro‘siga putur yetardi. 2020 yilda Qosim Sulaymoniyga uyushtirilgan suiqasdga ham munosib javob qaytarilmagandi. Bu safar ham bir necha harbiy va elchixona xodimlari yo‘qotildi va javob qaytarmaslikning iloji yo‘q edi.

Aslida, Eron urush qiladigan vaziyatda emas. G‘azodagi urush boshlangandan beri Eron Isroil tomonidan turli yo‘llar bilan urushga jalb qilinyapti, lekin Eron hukumati maksimal darajada bu urushdan o‘zini tortayotgan edi. 1 apreldan 12 aprelgacha ham hujum qilmasdan muammoni hal qilishga urindi, lekin baribir hamkorlariga zaif bo‘lib ko‘rinmaslik uchun bu ishni amalga oshirdi.

Eron «Hizbulloh» yoki husiychilar orqali bu ishni qilishi, Isroilning boshqa yerdagi obektlariga zarba berishi mumkin edi, lekin bevosita o‘zi Isroilga hujum qildi. Xalqaro ekspertlar Eron shunday qilishga majbur edi, lekin ichki muammolarga ham yo‘l ochilishi mumkin, deydi.

Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan bu hujum qanday baholanadi?

Shavkat Ikromov: — Haqli edi Eron, AQSh ham shunday degandi. Lekin baribir Eron bunday tavakkal qilmagani ma’qul edi. Bu narsa Isroilning Eronni G‘azodagi vaziyatga tortish rejasi qaysidir ma’noda amalga oshganini ham ko‘rsatadi.

Nega nisbatan uzoq vaqt uchadigan dronlardan foydalanildi, tezkor raketalardan emas?

Kamoliddin Rabbimov: — Eronning hujumi qo‘rqitish sifatida bo‘ldi, real zarba berish emas. Eronda rostdan ham tezkor raketalar bor edi, lekin ishlatilmadi. Isroil Eron konsulligiga hujum qilib konflikt darajasini oshirdi, agar Eron javob bermaganda, uning mintaqadagi obro‘siga putur yetardi. Eron Isroilga kuchli zarba bermoqchi bo‘lganda «Hizbulloh»dan foydalanar edi, agar ommaviy hujum bo‘lganda «Temir gumbaz» tizimi ham ximoya qilolmasligi mumkin edi.

HAMASdan ko‘ra «Hizbulloh»ning salohiyati kamida uch barobar katta. Eron ham tarixda birinchi marta o‘zi bevosita hujum qilib, mojaro darajasini oshirdi. 1979 yilgi inqilobdan keyin bunday bo‘lmagandi hali.

Ko‘pchilik Eron sovuqqonlik qiladi, deb o‘ylagandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zarba natijasida hech kim o‘lmagan, talafot ham katta emas, shunchaki qo‘rqitish signali bo‘ldi bu. Isroil yana javob berishini aytgan, lekin ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Isroil shunday qilsa, uni himoya qilmasligini ham bildirgan. 7 oktyabrdan keyingi voqealar fonida Isroil yakkalangan, reputatsion imkoniyatlari cheklangan, ichki muammolari ham bor. Ikki tomon ham ichki muammolarni yechish uchun vaziyatdan foydalanishga urinyapti, Eronda ham ichki muammolar bor, Netanyahu hukumati ham inqirozni boshdan kechiryapti. Umuman, bir tomondan eskalatsiya, lekin real katta zarba berish kompaniyasi ham emas.

Isroil javob berishini aytgan. Agar shunday bo‘lsa, bu qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Shavkat Ikromov: — Eron zarba berishidan oldin qayerlarga zarba berilishi xaritalari ham e’lon qilindi. Lekin Isroil javobi qanday bo‘lishi haqida umuman ma’lumotlar yo‘q. Isroilning urush texnologiyasiga qaraydigan bo‘lsak, u hukumat va harbiy obektlaridan tashqari fuqarolar yashaydigan joylarga ham hujum qilishi mumkin. Erondagi yadro quroli yasaladigan, saqlanadigan joylarga hujum qilinishi ham mumkin, Eronning o‘zi ham o‘sha yerdagi aholiga bombadan himoya inshootlariga yaqinroq bo‘lishni aytyapti.

Joriy vaziyatdan kelib chiqib qaralsa, Isroil Eronga hujum qilsa, yakkalanib qolishi ham mumkin. AQSh va boshqa G‘arb davlatlari ham hujum qilmaslikka chaqiryapti Isroilni.

Agar Isroil javob bersa, Eronning ham kuchli qurol-yarog‘lari bor. Agar Eron va Isroil hech qanday aralashuvlarsiz urush olib borsa, Eron ustunlikka erishishi mumkin. Eron katta tsivilizatsion tarixga ega, armiyasi tajribali, tashqarida urishish tajribasi ham katta, uni qo‘llovchi guruhlar bor, shuning uchun bunday urush Isroil uchun xavfli bo‘ladi.

Agar bu mojaro katta urush darajasiga chiqsa, AQSh, Rossiya, Xitoy kabi katta kuch markazlarining pozitsiyasi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Xitoy, Rossiya va Eronni birlashtiruvchi platforma — global janub. Bu davlatlar dunyoda ko‘p qutblilik tarafdori, AQSh boshchiligidagi kollektiv G‘arb hokimiyati yiqilishini yoki zaiflashuvini istaydi. Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri bugungi dunyo tartiboti o‘zgarishi tarafdori, Xitoy bu narsa bosqichma-bosqich bo‘lishi tarafdori. Eron 1979 yilgi Islom inqilobidan keyin eng uzoq vaqt sanksiyalar ostida qolgan davlatlardan biri. Rossiya va Xitoy Eronni qo‘llaydi, lekin farqli ravishda. Rossiya ochiqdan ochiq yoki nisbatan yashirin tarzda jiddiy qo‘llashga harakat qiladi, lekin Xitoy ehtiyotkorlik qiladi. Eron atrofida urush bo‘lsa, u yerdagi siyosiy tuzum o‘zgarishiga, zaiflashishiga olib kelmaydimi, degan masalani qo‘yadi Xitoy o‘zi uchun. Rossiya uchun dunyoda boshqa urush o‘choqlari paydo bo‘lishi uning manfaatlariga to‘g‘ri keladi, chunki Ukrainaga yordam, e’tibor pasayadi. Kreml Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi, Tayvan atrofidagi, Yaqin Sharqdagi, Lotin Amerikasidagi mojarolardan manfaatdor. Umuman, o‘ylashimcha, AQSh Yaqin Sharqdagi yangi katta urushga tayyor emas.

Shavkat Ikromov: — Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi muvaffaqiyatini ta’minlayotgan faktorlardan biri Eron dronlari, Ukraina uchun ham bu muammo bo‘lib turibdi. Agar Eron va Isroil o‘rtasida urush boshlansa, Rossiyaga dron yetkazish to‘xtashi mumkin, bu jihatdan Rossiya manfaatdor emas. Fikrimcha, bu urush masalasi Eron va Rossiya o‘rtasida ham muhokama qilinib, Eron Rossiyaga bu keng ko‘lamli urush bo‘lmasligini aytgan.

Umuman, bu ehtimoliy urushda Rossiya va Xitoy pozitsiyalari xaqida gapirish uchun hozirgi mojaro ko‘lami yetarli emas.

Isroil javobi G7 davlatlari bilan muvofiqlashtiriladi, deyilgan. Bu G‘arb davlatlarining Eron zarbasi borasida pozitsiyalari bir xil emasdir, axir Eron haqli ravishda javob qaytardi, degan faktor ham bor-ku?

Kamoliddin Rabbimov: — G7'ga AQSh, Yaponiya va bir qancha YeI davlatlari kiradi. Yangi urush o‘chog‘i bo‘lishidan AQShning o‘zi manfaatdor emas. Umuman, kollektiv G‘arb Ukraina urushi bo‘lib turgan bir paytda yangi urush bo‘lishidan manfaatdor emas. Shuning uchun Isroilga nisbatan signallar bo‘ladi deb o‘ylayman va qaysidir ma’noda Isroil buni inobatga oladi. Lekin Isroil o‘zini yuqori texnologik imkoniyatga ega davlat sifatida ko‘rsatishi, reputatsiyasini saqlashi ham kerak, ayni paytda uning o‘zi ham katta urushdan manfaatdor emas. Shuning uchun ikki tomon ham reputatsiyasini tushurmagan holda katta urushgacha bormaslik muvozanatini izlaydi, menimcha.

Fikrlardan kelib chiqsak, Rossiya va Xitoy Eronni real qo‘llamaydi, shundaymi?

Kamoliddin Rabbimov: — Buni aytish qiyin. Hatto mintaqa davlatlarining pozitsiyasini ham aniq aytolmaymiz. Eron borasida arab davlatlari munosabati ikkiga bo‘linadi. Turkiya pozitsiyasi qanday bo‘ladi: so‘nggi yarim yilda Isroilga nisbatan nafrat kuchaydi musulmon dunyosida ham, turkiy dunyoda ham, lekin urush boshlansa, muvozanat qanday bo‘lishini bashorat qilish qiyin.

Xitoy bir vaqtning o‘zida dunyoda ko‘p qutblilik bo‘lishini istaydi, ikkinchi tomondan mintaqadan kelayotgan energiya resurslari to‘xtab qolmasligini istaydi. Boshqa ko‘plab manfaatlari ham bor.

Shavkat Ikromov: — Netanyahu biz Eron zarbalarini qaytardik va oxirigacha boramiz, dedi. Isroilning javobi to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronga bo‘lmasligi ham mumkin, ya’ni HAMASga, «Hizbulloh»ga nisbatan bo‘lishi mumkin.

G7 davlatlari pozitsiyasiga kelsak. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft savdosi masalasi bor. Agar urush bo‘lsa, katta energetik inqiroz boshlanadi, bunga ular tayyor emas, shundoq ham dunyoda energetik inqirozlar ketyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Tahlillarga ko‘ra, urush bo‘lsa, bir barrel neft narxi 200 dollarga chiqishi mumkin. Dunyo iqtisodiyoti uchun katta zarba bo‘ladi bu.

Ko‘rfaz davlatlari pozitsiyalariga ham to‘xtalsak. Iordaniya Eron dronlarini urib tushirgani ham aytildi, bu qanchalik asosli?

Shavkat Ikromov: — Ko‘rfaz arab davlatlari va Misr tomonlarni vazminlikka chaqirdi, urush kengaymasligi tarafdori. Shu bilan birga, Misr qurolli kuchlari qayta ko‘rikdan o‘tkazildi.

Iordaniya masalasiga kelsak. 1994 yilda Iordaniya va Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, shu sabab qandaydir kelishuv bo‘lishi mumkinligini inkor qilib bo‘lmaydi. AQSh bilan ham yaqin munosabatda Iordaniya, shu sabab ham majbur bo‘lgandir.

Umuman, arab davlatlari mintaqada barqarorlikdan, G‘azodagi vaziyat tinchishidan manfaatdor. Eron yoki boshqa kuchlar kirib kelishi manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Oldin ham aytganimizdek, Saudiyaning katta iqtisodiy rejalari bor, BAAda ham shunday, Misrning iqtisodiy ahvoli tang. Shunday bir vaziyatda bunday urush ularga kerak emas.

Agar bu mojaro darajasi oshsa, Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday ta’sir qiladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Markaziy Osiyo davlatlari uchun geosiyosiy va geoiqtisodiy tomonlari bor. Geosiyosiy jihatdan iloji boricha neytral qolishga harakat qiladi. Mintaqa davlatlaridagi G‘azodagi vaziyat sabab Isroilga nisbatan bo‘lgan salbiy munosabati geosiyosiy nuqtaga chiqqani yo‘q. Eron bilan munosabatlar ham u qadar yaqin emas. Masalan, Turkiya mintaqamiz uchun yaqin strategik hamkor sifatida ko‘riladi, lekin Eronga nisbatan bunday munosabat yo‘q.

Geoiqtisodiy tomondan mintaqamizga katta zarba bo‘ladi. Markaziy Osiyo davlatlari haligacha transport logistika nuqtayi nazaridan Rossiya monopoliyasida qolyapti, bizga keladigan temiryo‘llar Rossiya orqali o‘tadi. Qirg‘iziston orqali Xitoyga, Afg‘oniston orqali Pokistonga chiqish loyihalari hali ishga tushgani yo‘q. Hozircha Rossiya koridoriga muqobil yagona yo‘limiz Eron orqali dengizga chiqish, Transkaspiy koridori bilan Turkiya orqali dunyoga chiqish bo‘lib turibdi. Lekin bu yo‘llarning transport logistika sifati, ko‘lami yetarli darajada emas.

Umuman, kelajakdagi ehtimoliy urushlar potensiali oshib boryapti. Negaki, sovuq urushdan keyingi AQShning mutlaq qudratli davri o‘zgaryapti, ko‘p qutblilik uchun kurashuvchilar ko‘paymoqda. Shu fonda AQShning Isroil loyihasiga shubha, uni «paypaslab ko‘rish» mintaqa davlatlarida, jumladan, Eronda ham oshib boryapti. Bugun bo‘lmasa-da, kelajakda Isroil atrofida katta urush bo‘ladi.

Bu urushlarning mintaqamizga geoiqtisodiy tomondan soya solishi, Shimoliy yo‘l bilan bog‘liq monopoliyaga bog‘liqligimizni oshirish ehtimoli oshadi.

Shavkat Ikromov: — Agar qachondir Eron va Isroil o‘rtasida urush bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlaridagi ichki milliy xavfsizlik masalasi kun tartibiga chiqishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Ya’ni turli radikal guruhlar faollashuvi kuzatilishi mumkin, Afg‘oniston urushidan kelib chiqqan holda shunday xulosaga kelyapman. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kirganida, Markaziy Osiyodagi bir qator radikal guruhlar faollashgan va Afg‘onistonga borishga intilgan.

Umuman, Suriyadagi urushlar, G‘azodagi urush fonida ham turli guruhlarga qo‘shilish motivlari bo‘ladi, ba’zi yoshlarda musulmon davlat bo‘lgan Eron tomonida turib urishish niyati bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shunday xavf ham bo‘lishi mumkin. Bu biz uchun og‘riqli masalaga aylanishi ehtimoli bor.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: