TikTok fotosuratlar uchun mo‘ljallangan yangi ilovani chiqaradi

Fan-texnika 21:20 / 13.04.2024 4784

TikTok yaqin kelajakda yangi TikTok Notes nomli fotosurat almashish ilovasini ishga tushiradi. The Verge ta’kidlaganidek, dastlabki bosqichda xizmat katta ehtimol bilan ilova foydalanuvchilari avval baham ko‘rgan fotosuratlar bilan to‘ldiriladi.

Ijtimoiy tarmoq allaqachon o‘z foydalanuvchilariga bu haqda bildirishnoma yuborgan. Unda aytilishicha, TikTok foydalanuvchilari o‘z xohishiga ko‘ra yangi xizmatdagi postlarni baham ko‘rishi mumkin. Qisqa videolarni yaratish va ko‘rish xizmatiga ega bo‘lgan Xitoyning ByteDance kompaniyasi yangi ijtimoiy tarmoqni ishlab chiqayotgani haqidagi ma’lumotlar avvalroq, mart oyida paydo bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng, kompaniya vakillari «o‘z foydalanuvchilar hamjamiyatiga ushbu formatlar uchun mos bo‘lgan maxsus maydonda o‘z ijodini, shu jumladan fotosuratlar va matnli postlarni yaratish va baham ko‘rish imkonini berish yo‘llarini o‘rganayotganini» aytdi. Ammo bunday ilovani ishga tushirish vaqti haqida batafsil ma’lumot berilmagan edi.

The Verge qayd etganidek, dastlabki bosqichda TikTok Notes katta ehtimol bilan TikTok foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqda baham ko‘rgan fotosuratlar bilan to‘ldiriladi. Nashrning ta’kidlashicha, yangi ilova ustidagi ishlar deyarli yakunlangan va xizmat yaqin orada rasman ishga tushirilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: