Rossiya yana «tinchlik muzokaralari»ga tayyorligini ma’lum qildi

Jahon 15:17 / 13.04.2024 9405

Shveytsariya 15-16 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitiga Rossiya vakillarini taklif qilishdan bosh tortgach, Kreml yana bir bor Ukraina o‘z hududlaridan voz kechishini nazarda tutuvchi «tinchlik muzokaralari»ga tayyorligini ma’lum qildi. Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 12 aprel, juma kuni jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Istanbulda 2022 yil fevral va mart oylarida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni eslatib, «Istanbul kelishuvlari» yangi muzokaralar boshlanishi uchun «asos» bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

Rossiya Istanbulda nimani talab qildi? 

Rossiya tomoni o‘shanda Ukrainadan Qrimni Rossiya Federatsiyasi hududi, o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan, rossiyaparast separatistlar nazoratidagi «DXR» va «LXR»ni esa Donetsk va Luhansk viloyatlari chegarasida mustaqil respublikalar sifatida tan olishni talab qildi. Rossiyalik muzokarachilar, shuningdek, Ukrainaning bloksiz maqomida qat’iy turib oldi va Rossiya siyosiy rahbariyatining qo‘shni davlatni demilitarizatsiya va «denatsifikatsiya» talablarini takrorladi. 

Mutaxassislar Rossiya rasmiylarining Ukrainani natsistlar boshqarayotgani haqidagi tashviqot pozitsiyasi haqiqatga hech qanday aloqasi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan: mamlakatda, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi, o‘tgan parlament saylovlarida ham o‘ta o‘ng guruhlar mavjud bo‘lishiga qaramay, bu partiyalar jami atigi 2,15 foiz ovoz oldi. 

Bundan tashqari, Ukraina rasmiylari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh rahbarlari Rossiya Federatsiyasining Ukraina hududlari evaziga o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotlari Rossiya rahbariyatida jiddiy tinchlik muzokaralariga tayyorlik alomatlari yo‘qligini ko‘rsatishini bildirgan. 

Rossiya «yangi voqeliklar» haqida ma’lum qilmoqda 

Ikki yil avvalgi muzokaralarga ishora qilib, Peskov Rossiya Federatsiyasining pozitsiyasi o‘zgarmaganligini tasdiqladi, farqi shundaki, urush paytida Moskva Ukrainaning to‘rtta viloyatini o‘z hududi deb e’lon qilgan va ularni Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga «yangi sub’yektlar» sifatida kiritgan. Bu «yangi voqeliklarni» endi «e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi», dedi Kreml matbuot kotibi. 

Shu bilan birga, u Rossiyaning hududiy da’volari bunday «tinchlik shartnomasida» qayd etilishi kerakmi, degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochdi. «Hozir siz mutlaqo shunday nazariy muzokaralar tafsilotlarini muhokama qilmoqchimisiz? Hozircha vaziyat hech qanday o‘zgarmadi, Ukraina prezidentiga Rossiya Federatsiyasi bilan har qanday muzokaralar olib borish taqiqlangan, shuning uchun potensial tafsilotlar bo‘yicha har qanday savol o‘rinsiz», dedi Peskov. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiya qo‘shinlari 1991 yilgi chegaralarga olib chiqilishini tinchlik o‘rnatishning zaruriy sharti deb bilishini bir necha bor ta’kidlagan. 

Ko‘proq yangiliklar: