O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida 14 yoshli yahudiy o‘smirning o‘ldirilishi oqibatida isroilliklar va falastinliklar to‘qnashdi. O‘nlab odamlar jarohat oldi. Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) mintaqaga qo‘shimcha harbiy kuchlarni kiritdi, deb yozdi The Times of Israel.
«Hozir Yahudiya va Samariyada (G‘arbiy Sohil) joylashgan harbiy kuchlarga qo‘shimcha ravishda hududdagi tartibni kuchaytirish uchun harbiylar va politsiya yuborildi», deyiladi xabarda.
Qudduslik 14 yoshli yahudiy o‘smirning o‘ldirilishi haqida bir kun oldin ma’lum bo‘ldi. Isroil razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u terakt oqibatida halok bo‘lgan. O‘smirning o‘ldirilishi haqidagi xabarlar ortidan isroillik ko‘chkindilar Ramalloh shimoli-sharqidagi al-Mug‘ayir qishlog‘iga kirib, uylar va mashinalarni yoqib yuborgan. Kamida bir falastinlik halok bo‘lgan, uch kishi yaralangan. Falastinning rasmiy Wafa axborot agentligiga ko‘ra, isroillik ko‘chkindilar yaqin atrofdagi Duma qishlog‘idagi bir necha falastinliklarning uylariga o‘t qo‘ygan.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant ijtimoiy tarmoqda isroilliklarga qarata shunday yozdi: «Men jamoatchilikka murojaat qilaman: xavfsizlik kuchlariga terrorchilarni ovlashda tezkor harakat qilish imkonini bering. Qasos olish harakatlaringiz askarlarimizga o‘z missiyasini bajarishni qiyinlashtiradi. Siz qonunni o‘z qo‘lingizga ololmaysiz».
G‘arbiy Sohildagi vaziyat 7 oktyabr kuni G‘azo sektorida Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri yomonlashdi. Falastin jangarilari Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirgan va 253 kishini garovga olganidan keyin Isroil HAMAS harakatiga qarshi urush e’lon qildi. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shundan beri Isroil hujumlari oqibatida 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.