10 aprel kuni Toshkentdagi Bo‘rijar kanalining Chilonzor tumanidan oqib o‘tuvchi qismida uch kishi cho‘kib ketdi. Jabrlanganlar biri o‘rta yoshlardagi Xitoy fuqarosi, Rossiya fuqarosi bo‘lgan 35 yashar ayol va uning 5 yashar bolasi ekani ma’lum bo‘ldi.
Kun.uz mazkur baxtsiz hodisa birinchisi emasligiga e’tibor qaratdi va kanalda yuz bergan shu kabi hodisalarni o‘rgandi.
Xalq tilida «bexosiyat» deya ta’riflanuvchi Bo‘rijar kanalida oldin ham bir necha o‘nlab kishilar cho‘kib ketgan. Xususan, 2021 yilning yozida suvda cho‘kayotgan ikki nafar fuqaroni qutqarish chog‘ida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlaridan biri halok bo‘lgandi. 2020 yilning mart oyida esa Bo‘rijar kanalidan murda topilgani haqidagi xabar tarqalgandi. O‘sha yili iyul oyida Lacetti’ning kanalga qulashi oqibatida uning haydovchisi voqea joyida vafot etgandi.
2019 yilning avgust oyida kanalning Novza ko‘chasidan o‘tuvchi qismidagi piyodalar ko‘prigi ostida ov qilayotgan mahalliy baliqchining qarmog‘iga inson jasadi ilinib chiqqani shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
2017 yilning iyul oyida esa qirg‘oq yonidan piyoda o‘tayotgan fuqaro ehtiyotsizlik tufayli suvga tushib ketadi. 50 metr suzib toliqqan odam daraxt shoxlariga ilinib qoladi. Baxtli tasodif tufayli maxsus qutqaruvchilar tomonidan uning hayoti saqlab qolinadi.
Bo‘rijarga qulagan avtobus
Kun.uz Bo‘rijar yaqinida yashovchi katta yoshli insonlar bilan suhbatlashib, 1973 yil qish faslida sodir bo‘lgan dahshatli fojia haqida ma’lumot to‘pladi.
1973 yil yanvar oyining izg‘irinli kunlaridan biri, tonggi soat 6:00 larda Beshyog‘och – Go‘sht kombinati yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan «Laz» rusumidagi avtobus Bo‘rijar kanali yoqalab borayotib, sirpanchiq sabab boshqaruvni yo‘qotadi va qariyb 30 metr balandlikka ega tik qoyadan kanalga qulaydi. Hodisa vaqtida faqat avtobus haydovchisi tirik qoladi – u o‘zi tomondagi eshikdan pastga sakrashga ulguradi. Avtobusda qolgan barcha (suhbatdosh ularning 60 nafardan oshiq bo‘lganini taxmin qiladi) hodisa joyida halok bo‘ladi.
Falokatda barcha yo‘lovchilar vafot etishiga avtobusning juda baland (qariyb 30 metr)dan qulaganidan tashqari, qutqaruv ishlari o‘ta murakkab vaziyatda va uzoq vaqt davomida olib borilgani sabab bo‘ladi. Baland va tik qirg‘oq, tez oquvchi suv, shuningdek, kanal suvi va ob-havoning sovuq harorati odamlarni tirik holda qutqarish imkonini bermagan.
Bu haqidagi batafsil maqolani tez kunda Kun.uz saytida o‘qishingiz mumkin.
«Deyarli har hafta Bo‘rijardan yo murda topiladi, yo kimdir cho‘kib ketadi»
Kun.uzʼning prokuratura organida ishlaydigan manbasi shunday hikoya qiladi:
«Uzoq yillar Toshkent shahar tumanlari prokuraturalarida ishlaganman, qishmi-yozmi, farqi yo‘q, deyarli har hafta Bo‘rijardan yo murda topilardi, yo kimdir cho‘kib ketardi. Bu kanal azaldan bexosiyat bo‘lgan. Ko‘p hollarda kanaldan topilgan murdalarning shaxsi aniqlanmasdi, «noma’lum murda» bo‘lib umumiy qabristonga ko‘milar, hujjatlari esa «yaqinlari topilib qolar» degan kutish bilan uzoq yillar arxivga topshirilmay saqlanardi.
Internet ommalashmagan avvalgi zamonlarda bunday hodisalar ko‘p ham shov-shuv bo‘lmasdi. Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, bu xosiyatsiz kanalda cho‘kkanlarning jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagani ma’lum bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq. Odamlarga vaqti-vaqti bilan kanal qirg‘og‘ida ehtiyotkorlikni oshirish lozimligi eslatib turilishi kerak».
Bo‘rijar kanali haqida
Bo‘rijar kanali Bo‘zsuvning chap tarmog‘i bo‘lib, Oqtepa GES yuqorisidan boshlanadi. Uzunligi 5,4 km, suv sarfi 33 m3/s. Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari hududidan oqib o‘tadi.
Bobur, Muqimiy, Cho‘ponota, Farhod, Do‘mbirobod ko‘chasi hamda Katta O‘zbekiston trakti, Toshkent – Samarqand temiryo‘lini kesib o‘tib, Salor kanaliga quyiladi. Kanalning o‘zani chuqur bo‘lib, qirg‘oqlari tik. Ba’zi joylarida qirg‘oq yonbag‘irlarining balandligi 20–25 metrga yetadi, quyi oqimiga borgan sari pasayib, 8–10 metrga tushib qoladi.