Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini 2022 yil 24 fevralda boshlandi — ammo bu o‘rinda «keng ko‘lamli» iborasi kiritilishi bejiz emas. Amalda urush 10 yildan buyon davom etmoqda. U shunday boshlangandi: 2014 yil 12 aprelda Igor Strelkov (Girkin) boshchiligidagi 50 nafar jangari Slovyanskka kiradi; ular mahalliy ayirmachilar bilan birlashib shaharni to‘liq nazorat ostiga oladi. Slovyansk Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi shiddatli janglarning dastlabki maydoniga aylanadi — ko‘pdan ko‘p dalillarga qaramay, Moskva yillar mobaynida RF armiyasi askarlari Ukraina sharqida jang qilganini rad etib keladi. 5 iyul kuni Slovyansk Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qaytarib olinadi, Rossiya uni yana egallab olishga harakatlarini davom ettirgan bo‘lsa ham, u hamon Ukraina hududi bo‘lib qolmoqda. Quyidagi materialda «Meduza» bugungi hayotni butunlay o‘zgartirib yuborgan urush qanday boshlanganini eslaydi.
Qurollangan jangari egallab olingan militsiya binosi oldida Slovyanskning Rossiyaga xayrixoh aholisiga salom yo‘llamoqda. 2014 yil 12 aprel
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Slovyanskning Rossiyani qo‘llovchi aholisi shahar militsiya boshqarmasi binosi oldida Igor Strelkov (Girkin) boshchiligidagi rossiyalik jangarilarni olqishlamoqda. Keyin jangarilar Ukraina xavfsizlik xizmatining shahar boshqarmasi binosini ham egallaydi. Egallab olingan qurollar mahalliy ayirmachilarga tarqatiladi. 2014 yil 12 aprel
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Slovyanskda rossiyalik jangarilar va o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi «xalq drujinasi»ga qo‘shilgan, yog‘och dubinka va qalqon ko‘targan yigit. U bosqinning keyingi kuni, 2014 yil 13 aprelida oblast militsiya boshqarmasi atrofida o‘rnatilgan barrikadani qo‘riqlaydi. Ukrainaning Luhansk, Donetsk va Xarkiv oblastlarida ma’muriy binolar egallanishi ortidan boshlangan «aksilterrorchilik operatsiyalari» (ATO) Slovyanskka ham taalluqli edi.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
13 aprel kuni Slovyansk chekkasida ukrain maxsus topshiriqli bo‘linmasi bilan bo‘lajak jangga tayyorlanayotgan ayirmachilar. Bir kun oldin jangarilar DXR «xalq drujinasi» bilan birgalikda shahar atrofida istehkomlar qurib, blokpostlar o‘rnatgan, shuningdek asosiy trassalarni to‘sib qo‘ygandi.
Anatoly Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Slovyanskning rossiyaparast aholisi vakili ayirmachilarning Ukraina kuchishlatar tuzilmalari bilan to‘qnashuvidan oldin shahar chekkasida shinalarni yoqmoqda. Janglarning birinchi kunida hukumat kuchlari Slovyanskka Kramatorsk tomondan kirib kelishdagi ikkita yo‘lnigina ochishga muvaffaq bo‘ladi. Shahardagi qolgan blokpostlar, ma’muriy binolar va ko‘chalar esa DXR «xalq drujinasi» nazorati ostida qoladi.
Anatoly Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Slovyansk aholisi vakillari 15 aprel kuni rossiyaparast mitingda. Bir kun oldin shaharda bo‘lib turgan jurnalistlar Slovyansk ijroiya qo‘mitasi binosi oldida kamuflyaj kiygan qurolli kishilar ular oldinroq anneksiya qilingan Qrimdan kelgan «xushmuomala yashil odamchalar» ekani va ular Slovyanskka «shaharliklarning porloq kelajagini ta’minlash» uchun kelishganini xabar qilgandi. Ukraina xavfsizlik xizmati jangarilar o‘rtasidagi telefon muloqotlarini tinglashga muvaffaq bo‘lgan. Idora xabarida «Ukrainaning sharqiy qismida Rossiya Federatsiyasining keng ko‘lamli tajovuzi amalga oshirilayotgani» aytilgan.
Pierre Crom / Getty Images
Ukrainaning MiG-295 rusumli qiruvchisi Slovyanskka qo‘shni bo‘lgan Kramatorskda Ukraina qurolli kuchlari kolonnasi yo‘lini to‘sishga urinayotgan rossiyaparast faollar ustidan uchib o‘tmoqda. Slovyansk kabi Kramatorsk ham 12 aprel kuni ayirmachilar nazoratiga o‘tgandi
Anatoly Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Kramatorskning rossiyaparast aholisi vakillari Ukraina aviabazasi devorlaridan oshib tushmoqda. 15 aprel kuni Ukraina qurolli kuchlari avvaliga vertolyotlardan mahalliy «o‘zini mudofaa qilish» otryadini o‘qqa tutadi, ular aerodromni o‘rab olishgandi, keyin esa quruqlikdagi kuchlar o‘rtasida otishma davom etadi — natijada bir necha kishi jarohat oladi, ularning aniq soni ma’lum qilinmagan. Bundan tashqari, Rossiya nashrlari ayirmachilar orasida qurbonlar bo‘lgani haqida yozgan — bu miqdor to‘rt nafardan bir necha o‘n kishigacha bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Bu ma’lumotlarni tomonlarning hech biri tasdiqlamagan. Aerodrom Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan.
Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar Kramatorskning Rossiya tarafdori bo‘lgan aholisi vakillari bilan mushtlashmoqda. 16 aprel kuni ayirmachilar Ukraina qurolli kuchlari nazoratidagi aerodromni egallab olishga harakat qiladi, ammo ukrain kuchishlatarlari uni o‘zida saqlab qoladi. Ukraina tomoni baholariga ko‘ra, aviabazani shturm qilishda Kalashnikov avtomatlari, merganlik miltiqlari hamda granatalar bilan qurollangan yuzlab kishilar ishtirok etgan.
Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA
Ayirmachilar va Kramatorskning rossiyaparast aholisi Ukraina zirhli texnikalari kolonnasi yo‘lini to‘smoqda. Ukraina qurolli kuchlari kolonnani 16 aprel kuni jo‘natgan, ushbu texnikalar ko‘p vaqt o‘tmay qo‘shni Slovyansk ko‘chalarida Rossiya bayroqlari ostida paydo bo‘lgan. Ukraina prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Oleksandr Turchinov harbiy xizmatchilarni qurollar va jangovar texnikalarni berib yuborishda ayblagandi
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy Kramatorskda rossiyaparast ayirmachilar safida jang qilgan do‘sti bilan quchoqlashib ko‘rishmoqda
Manu Brabo / AP / Scanpix / LETA
Ukraina armiyasidan tortib olingan zirhli texnikalar Slovyanskda. Keyingi kuni, 17 aprelda, jangarilar shahar markazidagi Karachun tog‘idagi teleminorani qo‘lga oladi va Rossiya kanallarini efirga qaytaradi, bu kanallar 1 mart kuni Ukraina hukumati tomonidan to‘xtatilgandi. Ukraina qurolli kuchlari esa bu vaqtda shaharga yondosh joylashgan Sergiyivka qishlog‘idagi blokpostni yakson qiladi.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
OAV xodimlari, jumladan rossiyalik jurnalistlar ham (fotosuratda — «Kommersant» fotokorrespondenti Iya Pitalev) egallab olingan shaharda faoliyat yuritishi juda qiyin edi. Ayirmachilar ulardan ko‘pchiligini qo‘lga olib, so‘roq qilgan va bo‘lib o‘tayotgan hodisalarni tasvirga olishga to‘sqinlik qilgan. 21 aprel kuni esa Slovyanskda Amerikaning Vice nashri muxbiri Simon Ostrovskiy o‘g‘irlab ketiladi — ayirmachilar uni yerto‘lada saqlashgan va kaltaklashgan; u josuslikda ayblangandi. U aynan qayerdaligini hech kim ayta olmasdi. Ostrovskiyni 24 aprel kuni hech qanday izoh bermasdan qo‘yib yuborishadi
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
Slovyanskdagi barrikadada ikonalar
Sergei Grits / AP / Scanpix / LETA
Ayirmachilar Slovyanskdagi oblast ma’muriyati binosini qo‘riqlamoqda
Kirill Kudryavsev / AFP / Scanpix / LETA
Vyacheslav Ponomaryov (chapdan ikkinchi) — rossiyalik jangarilar yetakchisi — Slovyansk markazida 18 aprel kuni o‘tkazilgan mitingda chiqish qilmoqda. Bundan besh kun oldin ayirmachilar mer Nelya Shtepani shahar rahbarligidan chetlatgandi (keyinroq Ukraina prokuraturasi jangarilar bilan aloqa qilgani uchun unga qarshi jinoiy ish ochadi) — Ponomaryov o‘zini Slovyansk komendanti deb e’lon qiladi. 18 aprelga kelib rossiyaparast kuchlar Ukrainaning o‘ndan ortiq shaharlarini egallab olgan va Ukrainaning vaqtincha hukumati iste’foga chiqmagunicha ushbu shaharlardan chiqmasligini ma’lum qilgandi.
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
Slovyansk aholisi vakillari shahar markazidagi Lenin haykali oldidagi mitingda Ponomaryovni tinglashmoqda
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
O‘ngda — Igor Strelkov (Girkin)ning shtabi joylashgan bino. 26 aprel kuni o‘zini e’lon qilgan DXRning vaqtincha hukumati Strelkovni «Donbass xalq lashkari» rahbari deb e’lon qiladi. Ukraina hukumati Strelkovni Slovyanskda qiynoq va sudsiz qatllar amalga oshirishda ayblagan . Ukraina bosh prokuraturasiga ko‘ra, uning talabi bilan Horlivka deputati Volodimir Ribak (u Horlivka meriyasi binosiga Ukraina bayrog‘ini qaytarishga harakat qilgandi), shuningdek Yevromaydan ishtirokchilari Yuriy Popravka hamda Yuriy Dyakovskiy qiynoqqa solingan va o‘ldirilgan, ularning jasadlari 2014 yil aprel oyi oxirida Kazenniy Torets daryosidan topilgan. Slovyansk Kiyev nazoratiga qaytganidan keyin shtab binosida qiynoqlar amalga oshirilgan yerto‘la hamda «tribunal» va otuvlar bo‘yicha hujjatlar aniqlangan.
Bahtiyar Abdukerimov / Anadolu / Getty Images
Slovyanskka g‘arbdan kirib kelishdagi Bilbasovka posyolkasidagi blokpost yaqinida yonib ketgan avtomobillar. 20 aprelga o‘tar kechasi blokpostda otishma ro‘y berishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, ulardan ikki nafari mahalliy aholi vakillari edi (Ukraina tomoni qurbonlar haqida xabar bermagan). Rossiyaparast jangarilar va RF TIV bu hodisada «O‘ng sektor»ni ayblaydi. Kiyev avvaliga buni rad etadi, ammo ikki yil o‘tib «O‘ng sektor» rahbari Dmitro Yarosh o‘zining «birinchi jangi Pasxada, 20 aprel kuni, Slovyansk yaqinida» ro‘y berganini tan olgan.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Slovyanskda «xalqdan chiqqan mer» Vyacheslav Ponomaryov jurnalistlar bilan muloqot qilib, blokpostdagi otishmadan keyin topilgan o‘q-dori gilzalarini namoyish etmoqda. O‘sha oylarda ayirmachilarning haqiqiy yetakchisi Igor Strelkov (Girkin) jamoatchilikka ko‘rinimsh bermasdi — bu funksiyani Ponomaryov bajargan. Stolda chap tomonda — «O‘ng sektor»ning otishmada halok bo‘lgan a’zolaridan birining yonidan chiqqani aytilgan Dmitro Yaroshning tashrif qog‘ozi. Harakat mazkur vizitka — feyk ekanini ma’lum qilgan. Keyinchalik bu gap memga aylangan.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
O‘ldirilgan ayirmachilarning jasadlari
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Slavyansk aholisi vakillari blokpostdagi otishmada o‘ldirilgan uch kishining dafn marosimida. O‘sha kuni, 22 aprelda, Slovyansk chekkasidan oqib o‘tuvchi daryoda horlivkalik deputat Volodimir Ribak hamda kiyevlik talaba Yuriy Popravkaning jasadlari topiladi — ularning tanasida qiynoq izlari aniqlangandi
Pierre Crom / Lejournal / SIPA / Shutterstock / Vida Press
Blokpostdagi otishmada halok bo‘lganlar sharafiga tantanali zalp. Slovyansk va uning atrofidagi janglar yana bir necha oy davom etadi. Ukraina huquq-tartibot organlari va harbiylar egallab olingan shaharlarni shturm qilishadi — aprel oyi o‘rtalaridan 2014 yil iyuniga qadar to‘rtta shturm kuzatiladi. Slovyansk qurshov arafasida qolganida Igor Strelkov (Girkin) va rossiyaparast ayirmachilar shahardan qochib qolishadi. 5 iyul kuni Slovyansk Ukraina qo‘shini nazoratiga qaytadi. Slovyansk uchun janglarda 2014 yil bahori va yozida Ukraina tomonidan 70 kishi, RF va ayirmachilar tomondan esa, turli baholarga ko‘ra, 34 da 54 nafar kishi halok bo‘lgan. Harbiy harakatlar chog‘ida tinch aholi vakillari orasida qancha qurbon bo‘lgani — noma’lum. Donbassdagi urush 2022 yil fevralida Rossiya bosqiniga olib keladi, Igor Strelkov esa RF mudofaa vazirligi manziliga qaratilgan tanqidlari tufayli Kreml e’tiboridan qoladi va ekstremizm haqidagi modda bo‘yicha to‘rt yil muddatga qamaladi.
Pierre Crom / Lejournal / SIPA / Shutterstock / Vida Press