Henri Fordning dadil qadami
19-asrning ikkinchi yarmiga kelib G‘arbda sanoat inqilobi yuz bera boshlagandi. Yirik zavod va fabrikalarda ishchilarining ahvoli qiyin va mehnati og‘ir edi. Bu davrda ishchilar ko‘pincha hafta davomida har kuni 15-16 soat davomida ishlardi. Dam olish kunlari, agar ular mavjud bo‘lsa ham, ko‘pincha faqat yakshanba kuniga berilgan va bu kun asosan diniy rasm-rusumlarni ado etib olish uchun ajratilgan.
Haftasiga 2 kun dam olish tizimi 19-asrda sanoat inqilobi davrida keng tarqaldi. Henri Ford va uning kompaniyasi, Ford Motor Company 1926 yil 1 may kuni shanba va yakshanbani dam olish kuni sifatida belgilab, besh kunlik ish haftasini joriy qilgan. Bu harakat jamiyatdagi umumiy qabul qilingan normalarga qarshi chiqish bo‘lsa-da, ishchilarning ishga sodiqligini va ularning ish beruvchiga bo‘lgan hurmatini oshirgan. Shu bilan birga, Fordning ishchilari boshqalardan ancha ko‘p oylik ham olishardi. O‘sha vaqtda boshqa kompaniyalar ishchilariga kunlik minimal ish haqi sifatida 2,34 dollar to‘lashayotgan bir paytda, Ford o‘z ishchilariga 5 dollar to‘lagan. Bu esa standart minimal ish haqidan 2 baravar ko‘p edi.
Amerikada 1920 yillarda ish haftasini qisqartirish uchun ko‘plab ish tashlashlar va ishchilar harakati bo‘lib o‘tgan. Masalan, 1919 yilda politsiyachilar va ko‘mir koni ishchilari ish tashlagan, bu esa ish sharoitlari va ish haqi yaxshilanishiga olib kelgan. Shuningdek, standart besh kunlik ish haftasining joriy etilishiga ham ta’sir qilgan. Fordning qarori esa ish vaqti va dam olish kunlarini qisqartirish bo‘yicha global o‘zgarishlarga turtki bo‘lib, keyinchalik ko‘plab kompaniyalar tomonidan qabul qilingan voqea sifatida tarixda qoldi.
Yaponiyada uzoq ishlash o‘limga sabab bo‘lyapti
Dam olishning tibbiy va ruhiy jihatdan foydali ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Dam jismoniy va ruhiy charchoqni kamaytirish, stress darajasini pasaytirish va shaxsiy hayot bilan ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda katta rol o‘ynaydi. Buni Yaponiyadagi ish soatlari sabab bo‘layotgan o‘limlar statiskasiga qarab ham bilish mumkin. Yaponlar uzoq vaqt davomida haddan tashqari ishlashdan paydo bo‘ladigan zo‘riqish natijasidagi o‘limni “karoshi” deb ataydi. 2022 yilda Yaponiyada karoshi sabab o‘z joniga qasd qilish oqibatida jami 2968 kishi halok bo‘lgan. Bu 2021 yildagidan 1935 nafarga ko‘p. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, karoshi ish vaqti bilan bog‘liq holat. Yaponiyada erkaklarning 10,1 foizi haftasiga kamida 60 soat ishlasa, ayollarning 4,2 foizi haftasiga 60 soatdan oshiq ishlaydi.
Ishdan zo‘riqish oqibatlari
Ishdan zo‘riqish, yurak-qon tomir kasalliklari, yuqori qon bosimi, stress, uyqusizlik va depressiya kabi sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin. Shuningdek, uzoq muddatli stress immun tizimini zaiflashtirishi, ish haftasi davomida asabiy va jismoniy charchoqni keltirib chiqarishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, haftada ikki kun dam olish ishchilarning sog‘lig‘i va farovonligi uchun juda muhim. Bu an’ana nafaqat individual ish samaradorligini oshiradi, balki jamiyatning umumiy salomatligi va farovonligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Haftasiga 3 kun dam olish uchun harakatlar
Dunyoning bir qator mamlakatlari va kompaniyalarida haftasiga 4 kunlik ish rejimiga o‘tish bo‘yicha sinovlar boshlanib, ayrimlarida joriy ham qilingan. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi ishchilarning sog‘lig‘ini va ish samaradorligini yaxshilashga qaratilgan.
Buyuk Britaniyada 6 oy davom etgan sinovda 61 ta kompaniya va 3300 dan ortiq ishchi ishtirok etdi. Sinovlar natijasida kompaniyalarning 92 foizi 4 kunlik ish haftasini davom ettirishga qaror qildi. Ishchilar 100 foiz maosh olib, 80 foiz ishlashgan, bunda kamida 100 foiz ish samaradorligini saqlab qolish kerak bo‘lgan.
Islandiyada 2015-2019 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan sinovlarda 2500 kishi qatnashdi va bu sinovlar juda muvaffaqiyatli bo‘lgan. Natijada, hozir mamlakatning deyarli 90 foiz ishchi aholisi qisqartirilgan ish soatlarida ishlamoqda, bunda ish stressi kamayib, ish va hayot muvozanati yaxshilangan.
Yaponiyada 2019 yilda Microsoft kompaniyasi 4 kunlik ish haftasini sinab ko‘rib, ishchilariga 3 kunlik dam olishga ruxsat bergan. Natijada ish samaradorligi 40 foizga oshgan. Yaponiya hukumati 2021 yildan boshlab ish va hayot muvozanatini yaxshilash maqsadida 4 kunlik ish haftasi g‘oyasini ilgari surishni boshladi.
Ispaniya hukumati 2022 yil dekabrda 4 kunlik ish haftasini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kamroq miqyosli dasturni boshladi. Bu dasturda kichik va o‘rta biznes korxonalari ish haftasini kamida yarim kunga qisqartirishlari mumkin, bu orqali ish samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
Bu o‘zgarishlardan ishchilarning jismoniy va ruhiy salomatligini va ularning yashash sifatini yaxshilash maqsad qilingan. Bundan tashqari, ish beruvchilar uchun ham bu foydali bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘proq dam olgan ishchilarning mamnuniyati oshib, kasallik tufayli ishdan qolish holatlari kamayishi mumkin.