«Agar BMT Xavfsizlik Kengashi «sionistik rejim»ning Damashqdagi diplomatik binolarimizga nisbatan berilgan tajovuzkor zarbasini qoralaganida va keyinchalik aybdorlarni javobgarlikka tortganida edi, Eron tomonidan bu soxta rejimni jazolash zaruratining oldini olish mumkin edi», deyiladi Eron diplomatik missiyasi bayonotida.
Eron Isroil davlatini an’anaviy tarzda «sionistik rejim» deb ataydi.
1 aprel kuni Eronning Suriyadagi konsulligiga berilgan havo zarbasi oqibatida bir necha eronlik zobit va diplomat, jumladan, Eron harbiylarining elitasi bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori martabali generallari halok bo‘ldi.
Eron hujumda Isroilni aybladi va qasos olishga va’da berdi. Isroil zarbalar mas’uliyatini o‘z zimmasiga olmadi, biroq, agar Eron javob qaytarsa, uning atom sanoati va atom energetikasi obektlarini o‘qqa tutishga tayyorligini ma’lum qildi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok eronlik hamkasbi Husayn Amir Abdullohiyonni vaziyat yanada avj olmasligi uchun «maksimal vazminlikka» chaqirdi.
Rossiya o‘z fuqarolaridan ehtiyot yuzasidan mintaqaga sayohat qilmaslikni so‘radi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. «Biz Isroil xavfsizligini himoya qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilish niyatidamiz», dedi Bayden.