“Archalar allergiyaning yangi turini paydo qilayotganini aniqladik” – Allergologiya markazi rahbari

Jamiyat 15:25 / 10.04.2024 8988

Aholi orasida oldin kuzatilmagan archa gullashiga allergik sezgirlik oshgani aniqlandi. “Burun, tomoq qichishishi, ketma-ket aksa urish kuzatilganda, ko‘p shifokorlar buning allergiya ekanini bilmay, bemorga antibiotiklar yozib beradi. Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar Respublika allergologiya markaziga kelib, tekshiruvdan o‘tishlari tavsiya etiladi”, deydi markaz direktori Ilmira Roziqova.

Bahor oylari daraxt va o‘simliklar gullashi arafasida aholi orasida allergiya qo‘zg‘alyapti. Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Roziqova Kun.uzʼga allergiya belgilari, uni nima paydo qilayotgani va davo choralari haqida ma’lumot berdi. Mutaxassis yildan yilga allergik kasalliklar ko‘payib borayotganini, O‘zbekistondagi har beshinchi odamda allergik kasallikning u yoki bu turi paydo bo‘layotganini aytadi.

Allergiya asosan gullash davrlariga to‘g‘ri kelib, bu shartli ravishda 3 ga bo‘linadi: mart, aprel, may oylarida daraxtlar ham gullashi evaziga gul changi eng ko‘p bo‘ladigan davr hisoblanadi; keyingisi iyun va iyul oylarida; uchinchi davr esa avgust, sentabr oyidan noyabrgacha boradi”, – deydi Roziqova.

Xususan, tol, do‘p, qayrag‘och, terak kabi daraxtlarning gullash davri uzoq hisoblanadi. Terak yuqori darajada allergiya chaqirish xususiyatiga ega bo‘lmasa-da, undan uchadigan moddalarda zamburug‘lar, mayda o‘simlik changlari bo‘ladi. Bu esa allergiyaga olib keladi. Ilmira Roziqova oxirgi paytda O‘zbekistonda ignabargli daraxtlar, xususan, archalar ko‘paygani sabab yangi allergik kasalliklar paydo bo‘layotgani aniqlangani haqida ma’lumot berdi.

“Markazimizda organizmda archa (kiparis)ga ham alohida sezgirlik borligini aniqladik. So‘nggi vaqtlarda ignabargli daraxtlarga haddan tashqari ko‘p urg‘u berilayotgani ularning havoda konsentratsiyasi oshishiga va allergik kasalliklar ko‘payishiga olib keladi. Archalar dekabr, yanvar oylarida gullaydi. Ayni mana shu archalar ko‘paygani sabab yangi allergik kasalliklar paydo bo‘lmoqda”, – dedi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi 2023 yil 18 martda ochilgan. Markaz o‘z yo‘nalishida O‘zbekistonda yagona bo‘lib, uning qoshida bolalar va kattalar bo‘limlari, poliklinika, molekulyar allergologik laboratoriya tashkil qilingan.

Mutaxassis allergiya paydo bo‘lishiga olib keluvchi 3 omilni alohida sanadi. Ulardan biri o‘simlik changlarining tarqalishiga sabab bo‘ladigan shamol va havoning isishi hisoblanadi. Ular o‘simlik changlarining inson ko‘z, burun shilliq qavatlariga tushishiga sabab bo‘lib, og‘ir kasalliklarni  keltirib chiqarishi mumkin. 

Yana bir muhim omil allergiyaning ota-onadan bolaga o‘tishi hisoblanadi. Yaqin qarindoshlari allergiya bilan og‘riydigan bolada, ayniqsa, mavsumiy allergiya turi bo‘lishi mumkin.

Ovqatlar tarkibida ko‘plab kimyoviy moddalar, turli bo‘yoqlar, konservantlar, qo‘shimcha moddalar, tez tayyor bo‘luvchi ovqatlarga qo‘shiladigan ta’m beruvchi barcha qo‘shimchalar ham allergiya paydo bo‘lishi yoki kuchayib ketishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mutaxassis changlardan allergiya o‘zini qanday namoyon qilishi haqida ham ma’lumot berdi.

“Bemorda aksirish, ko‘z yoshlanishi, tomoq qichishi, terida katta-kichik eshakemilar paydo bo‘lishi pollinoz kasalligi deyiladi. Ya’ni allergik rinit bilan birga teri shikastlanishi pollinoz deb belgilanadi. O‘simlik changlari beozor emas. Bu changlar organizmga qayta-qayta tushaverishi yomon oqibatlarga olib keladi. Changlar organizmga tushganda javob reaksiya sifatida yo‘tal, shilliq qavatda ko‘p suyuqlik ajratish kabilar bo‘ladi. Ba’zi shifokorlar bu allergik himoya reaksiya ekanini bilmasdan, antibiotik berishadi va yuqori shilliq qavatdagi nofaol himoya bakteriyalarni faollashtirib, oqibatda bemorda ikkilamchi gaymorit, rinit, yallig‘lanish paydo bo‘lishi mumkin”, – deydi Ilmira Roziqova.

Mutaxassis yuqoridagi kabi belgilar kuzatilgan bemorlar Respublika allergologiya markaziga borib, tekshiruvdan o‘tishlari mumkinligini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, markazda molekulyar allergologik tekshiruvlarda bir tomchi qon bilan 300 tadan ortiq allergen bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi. Molekulyar tekshiruvda bemorga ovqat yeganlik yoki dori qabul qilganlik xalaqit bermaydi.

Bemorni davolash esa ikki bosqichli bo‘ladi. Bemor simptomlar (ko‘z yoshlanishi, aksirish, qichishish kabilar) bilan murojaat qilsa, antigistamin dorilar yoziladi va muolajalar o‘tkaziladi. Keyin ikkinchi bosqichga taklif etilib, molekulyar tekshiruvlar e’tiborga olingan holda invivo testlari o‘tkazilib, qish faslida davo choralari ko‘riladi. Allergik kasalliklar immun tizimi shikastlanishi bilan kechuvchi og‘ir kasalliklardir. Bemorga 1 oydan 6 oygacha tuzli suvli allergen eritiasi osma ukol ko‘rinishida yuboriladi. Tadqiqotlarimizga ko‘ra, bemor butkul tuzalmasa-da, asosiy kasallik bir necha yil uni bezovta qilmaydi”, – dedi markaz direktori.

Ko‘proq yangiliklar: