Rossiya Tergov qo‘mitasi «Krokus»dagi teraktdan so‘ng ikki mansabdorga ish ochdi

Jahon 14:09 / 08.04.2024 16230

Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan terakt yuzasidan mas’uliyatsizlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, deb xabar beradi TASS 7 aprel, yakshanba kuni huquq-tartibot idoralaridagi ismi oshkor etilmagan suhbatdoshiga tayanib. 

Ishga ikki kishi jalb qilingan: yong‘in xavfsizligi uchun mas’ul shaxs va konsert zalining o‘t o‘chirish bo‘limi boshlig‘i. Ikkalasi ham yashash joyini tark etmaslik to‘g‘risida majburiyat xati yozib bergan. Ularning ismi tilga olinmagan. Ular aynan nimada ayblanayotgani ham xabar qilinmagan.

Agentlik suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, ish «Krokus Siti Xoll»da yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi ehtimoli bilan bog‘liq bo‘lib, bu terrorchilar konsert zaliga o‘t qo‘yganidan keyin vaziyatni yanada og‘irlashtirgan bo‘lishi mumkin.

«Krokus Siti Xoll»ga hujum

Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» binosiga hujum 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochgan, bir necha portlashlar eshitilgan va yong‘in boshlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan.

Aprel oyi boshida teraktda jabrlangan 11 kishi Tergov qo‘mitasiga qo‘shma ariza berib, konsert zali egalariga xavfsiz bo‘lmagan xizmatlar ko‘rsatgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qilgani ma’lum bo‘ldi.

Jabrlanuvchilar xavfsizlik standartlariga rioya etilmaganini bildirmoqda

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, «Krokus»da yong‘in boshlanganidan keyin bir necha soniya ichida sahna pardasi olov bilan qoplangan, bu, himoya tomoni fikriga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi standartlari buzilganini ko‘rsatishi mumkin, chunki parda yong‘inga chidamli maxsus mato bilan qoplangan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, «Krokus»ning «yong‘inga qarshi suv tizimi» va tutunni olib tashlash tizimi «nosoz bo‘lgan», aksariyat evakuatsiya eshiklari terakt va evakuatsiya vaqtida yopiq turgan. 

Ko‘proq yangiliklar: