O‘zbekistonda 2024 yilda Ramazon hayiti 10 aprel, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining navbatdagi onlayn majlisida Ramazon hayitini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga oid kun tartibidagi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi va hijriy 1445 yil Shavvol oyi hilolini kuzatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar hamda falakiy hisob-kitoblar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko‘rib chiqildi. Turkiy davlatlar diniy idoralari mas’ullari bilan ham ushbu masala keng muhokama qilindi», deyiladi xabarda.
Musulmonlar idorasi fiqhiy qoidalar, falakiy hisob-kitoblar va astronomik kuzatishlarga tayangan holda Ramazon hayiti 2024 yil 10 aprel, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilayotganini ma’lum qilgan.
Prezidentning 2024 yilda qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash bo‘yicha farmoniga asosan 11–12 aprel kunlari barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilangan.
Xodimlar Ramazon hayiti munosabati bilan 3 kun ketma-ket dam olishadi
Bayram 10 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan, dam olish kunlari ketma-ketligi quyidagicha bo‘ladi:
- 10 aprel, chorshanba — Ramazon hayiti kuni;
- 11 aprel, payshanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 12 aprel, juma — 13 aprel, shanba kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni.
Shuningdek,
- 13 aprel, shanba — barcha uchun ish kuni;
- 14 aprel, yakshanba — barcha uchun dam olish kuni bo‘ladi.