Toshkent va Samarqandda noqonuniy harakat qilgan advokatlar ushlandi

O‘zbekiston 13:47 / 07.04.2024 16015

DXX xodimlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bir necha nafar advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ygan

Ma’lum qilinishicha, Toshkentda advokat va MChJ yuristi o‘zaro kelishgan holda, sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2021 yilda Jinoyat kodeksining 131- va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilgan.

Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur advokat 2015-2020 yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi bo‘lib, MChJ yuristi esa 1999-2003 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa, Toshkentda muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan advokat sud organlaridagi tanishlari orqali, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga almashtirib berish evaziga 17 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqandda advokat shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamasliklari uchun prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming dollar talab qilib, 1,5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: