Qashqadaryoda 15 yoshli o‘quvchi tengqurlari tomonidan kaltaklanib, umurtqasi sindirilgani aytilyapti

O‘zbekiston 11:41 / 06.04.2024 16903

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 55-maktabda o‘quvchilar tomonidan kaltaklangan o‘smirning onasining videomurojaati tarqaldi. Unda aytilishicha, ayolning 2009 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining 2023 yil 19 dekabrda maktabda umurtqa suyaklari sindirilgan.

Maktab direktori va uning o‘rinbosarlari o‘g‘limga birinchi yordam ko‘rsatmagan, ichki ishlar va “tez yordam”ga xabar bermagan. Bolam behush holatda bir necha soat davomida xonada ushlab o‘tirilgan”, – degan ayol murojaatda.

Murojaatda maktab o‘quvchilari zalda bir bolani urgani holati maktab kameralariga tushib qolgani aks etgan videoni ham ko‘rish mumkin. Ayolning aytishicha, ayol o‘g‘lining ahvoli haqida xabar topgach, maktabga borgan va uni shifoxonaga olib borgan.

Maktab ma’muriyati holat haqida huquq idoralariga xabar bermaslikni tayinladi. Uni Samarqanddagi klinikada davolatdik. Maktab ma’muriyati vakili kasallik hujjatida o‘g‘lim go‘yo o‘yingohda o‘rtoqlari bilan o‘ynab yiqilib tushgan deb yozdirgan. Bolam hozir to‘shakda. Kaltaklagan bolalarning ota-onasi biror marta xabar ham olmadi”, – degan ayol.

Holatga Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, o‘quvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan holat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘rganilib, qonuniy to‘xtamga kelingan.

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarma boshlig‘ining 2024 yil 19 martdagi tegishli buyrug‘i bilan Qarshi tumanidagi 55- maktab direktori M.P bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasi 2-qismiga asosan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan”, – deyilgan rasmiy munosabatda. 

 

Ko‘proq yangiliklar: