Tayvandagi zilziladan mingdan ortiq kishi jabr ko‘rdi

Jahon 09:56 / 05.04.2024 2027

Tayvanda bir kun avval sodir bo‘lgan kuchli zilzilada jabrlanganlar soni 1099 kishiga yetdi, 10 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi 4 aprel, payshanba kuni mahalliy hukumat. Milliy yong‘in agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, yana 52 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanyapti

Episentri Xualyan uyezdida bo‘lgan zilziladan bir kun o‘tib, qutqaruv va gumanitar yordam xodimlari yo‘l tunnellarida qolib ketgan o‘nlab odamlarni ozod etish ishlarini davom ettirmoqda. Milliy yong‘in agentligining ma’lum qilishicha, avvalroq ikkita shaxtada qolib ketgan 70 nafar konchi qutqarilgan.

Bundan tashqari, Taroko milliy bog‘idagi mehmonxona va tashrif buyuruvchilar markazida 600 dan ortiq odam tashqi dunyodan uzilib qolgan, chunki kirish yo‘llari ko‘chkilar tufayli to‘sib qo‘yilgan. 

So‘nggi 25 yildagi eng kuchli zilzila 

3 aprel, chorshanba kuni Tayvanda so‘nggi chorak asrdagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Xuddi shu nomdagi uyezdning ma’muriy markazi bo‘lgan Xualyan shahrida ko‘p qavatli bino jiddiy zarar ko‘rgan: birinchi qavat qulab tushdi, qolgan qismi esa 45 daraja burchakka egilib qoldi. Tayvan poytaxti Taybeyda turar joy va ofis binolari, shuningdek, yangi qurilgan baland metro liniyasi shikastlangan. Orolning sharqiy qirg‘og‘ida harakat deyarli to‘xtab qoldi, chunki ko‘chkilar va qulagan toshlar tog‘li hududdagi tunnel va avtomobil yo‘llariga zarar yetkazdi.

Tayvan zilzilalar monitoringi agentligi yer silkinishi kuchini 7,2 magnituda, AQSh Geologiya xizmati esa 7,4 magnituda sifatida ko‘rsatdi. Zilzila episentri Xualyan shahridan 18 km janubi-sharqda, 35 km chuqurlikda joylashgan. 

Tayvanda oxirgi yillardagi eng kuchli zilzila 1999 yil 21 sentabrda yuz bergan. Uning magnitudasi 7,7 ni tashkil etgan. Oqibatda 2400 kishi halok bo‘lgan, 100 mingga yaqin kishi jarohatlangan, minglab binolar vayronaga aylangan.

Ko‘proq yangiliklar: